07:04 / 01.03.2018
5 334

Ro‘mol. Alloh aql-salohiyatli rahbarlar safini ziyoda qilsin

Ro‘mol. Alloh aql-salohiyatli rahbarlar safini ziyoda qilsin
Bugun ertalab singlim telefon qilib universitet prorektori hammaning oldida ro‘moliga e’tiroz bildirgani va imtihondan chiqarib yuborishga haqli ekanini iddao qilganini aytib, mendan yordam so‘radi.

Har doimgidek, men barcha tayyorgarlikni qilib Namangan davlat universiteti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor bilan ko‘rishgani yo‘l oldim.

Oldilariga kirib, o‘zimni tanishtirdim. Avvalo bu men uchun birinchi holat emasligini, ham qonuniy, ham diniy asosda suhbatlasha olishimizni aytib, zaifa singlimizga qanday e’tiroz bo‘lsa, eshitishga tayyor ekanimni ma’lum qildim.

Prorektor janoblari soqolda bo‘lishimga qaramay, meni juda iliq kutib oldi. Ism-familiyamni yozib olgach, avvalo e’tiqodiy masalaga hech qanday e’tirozlari yo‘qligi, aksincha e’tiqod qiladigan muslimalarni hurmat qilishlarini izhor qildi. Lekin oxirida nizomdagi Oliy ta’lim muassasalarida ibodat libosi kiymaslik haqidagi bandlarni eslab o‘tdi.

Keyin menga so‘z berildi.

Men prezidentimiz Shavkat Miromonovich olib borayotgan islohotlar, dinning xalq ma’rifatidagi ahamiyati va singlim ro‘mol o‘rashiga qonuniy va diniy asoslarning hammasini birma-bir sanab tushuntirib berdim.

Shuningdek, nizomdagi ibodat libosi tushunchasiga izoh berishlarini so‘radim. Chunki u mantiqqa asoslansak, men ko‘chada ketayotgan har qanday odamni to‘xtatib, kastyumingni yech, men buni ibodat libosi deb hisoblayman, aks holda jazoga tortilasan deyishga haqli bo‘lib qolaman. To‘g‘ri gapni tushunadigan, aql-salohiyatli inson ekan, qonunchilikda “Ibodat libosi nima?” degan savolga javob beruvchi mezon yo‘qligini o‘zlari ham tasdiqladi va komissiya kelganda ular bo‘yinlarini yopib ro‘mol o‘rovchi ayol-qizlarni ko‘rsa, prorektorga gap tegayotgani uchungina “ro‘mollarini yechmasalar ham salgina e’tiborni tortmaydigan qilib o‘rasinlar” degan taklifni berdi. E’tiborni tortmaydigan qilib o‘rash qanday bo‘ladi degan savolimga “orqadan” degan javobni oldim. Orqadan o‘rolmaydi, avvalo Qur’onda oldini to‘sishga buyruq borligi va bo‘ynini to‘sishi bu e’tiqodiy masala ekanini aytdim. Keyin boshida eri borligi, hozir ishda ekanligi uchun uni ovora qilmaganimizni bildirdim. Shu sabablarga ko‘ra boshqa yechim berishlarini iltimos qildim.

U kishi “bu erining talabimi?” deb so‘radi. Men eri singlimga aynan e’tiqodi uchun uylanganini, ro‘mol, avvalo, singlimning o‘z qarori va bir qatorda erining ham talabi ekanini aytdim. Namanganda erning talabi har qanday holatda ham hurmat qilinishini hisobga olsak, bu savollari ayni muddao bo‘ldi.

Oxirida prorektor janoblari ro‘molga e’tirozlari yo‘qligi, aksincha, qizlarning ochiq-sochiq kiyinishidan o‘zlari ham hayratga tushib, jamiyatda hayo-ibo yo‘qolib borayotganidan xavotirda ekanini bildirdi. Shunday qilib singlim avratlarini ochmasdan, sal soddaroq kiyinishiga kelishdik (to‘g‘risi, “soddaroq kiyinish qanday bo‘ladi, yuzini chaplamaydi, hammayog‘ini yopib, keng kiyimlar kiyadi, bundan soddasi qanday?” deb so‘ramadim).

Uchrashuvdan xulosam shuki, prorektor janoblari tushungan, iymon-e’tiqodli insonlarga nisbatan bag‘rikeng, qonun va dinni hurmat qiladigan inson ekan. Chunki ta’lim muassasasi nizomidagi “diniy-ibodat libosi” tushunchasiga aniqlik kiritilmaguncha qonun nuqtai nazaridan singlim hech qanday huquqbuzarlik qilmayotganini rad etmaganlarining o‘zi bu rahbarning vaziyatga to‘g‘ri baho bera olish qobiliyatiga ega ekanini ko‘rsatadi.

Xullas, O‘zbekiston qonunchiligi ta’lim muassasalarida ro‘mol o‘rash tartibini o‘z nazoratiga olib, bir yo‘singa solmaguncha mana shunday ziddiyatli holatlarda musulmonlar imkon qadar rahbariyat bilan muloqot qilib, murosayu madora yo‘lini tanlashi kerak ekan. Chunki rahbarlar ham sizu bizdek oddiy odamlar.

Uchrashuv so‘ngida u kishi meni xush kayfiyat bilan kuzatar ekan, men duo qildim: Alloh shunday insonlarni salomat qilsin. Vatanimizda aql-salohiyatli rahbarlar safini ziyoda qilsin.
Javohir IZZATULLOH

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ro‘mol. Alloh aql-salohiyatli rahbarlar safini ziyoda qilsin