09:01 / 26.08.2018
10 227

“Aurum 898” tungi klubi qoʻriqchilari Jamshid Kenjayev qanday oʻldirilganini aytishdi (video)

“Aurum 898” tungi klubi qoʻriqchilari Jamshid Kenjayev qanday oʻldirilganini aytishdi (video)
“Toshkent” telekanalining “Poytaxt-Vaziyat” dasturida “Aurum 898” tungi klubida yuz bergan fojiali hodisa haqida lavha berildi.

Lavhada aytilishicha, Jamshid Kenjayev 8 avgust kuni “China Town” kafesida boʻlib, oʻz tanishining tugʻilgan kuni munosabati bilan uyushtirilgan ziyofatda ishtirok etgan. U bu yerda spirtli ichimlik ichgan. Keyin, soat 23:30 atrofida tungi klubga borgan.

“Unda pichoq boʻlgan. Uning qoʻlidagi pichoqni koʻrgan qoʻriqchilar uni ichkariga qoʻyishmagan. Jamshid ularni eshitishni istamagan va ziddiyat yuzaga kelgan”, - deyiladi lavhada.

Qayd etilishicha, Kenjayev ikki qoʻriqchiga oshxona pichogʻi bilan zarba bergan. Keyin qoʻriqchilar uning oʻzini kaltaklashgan. Bita, pichoq, oyoq va qoʻllar bilan yetkazilgan jarohatlar oqibatida Jamshid Kenjayev shifoxonada jon bergan.

“Tungi klubning 4 nafar qoʻriqchisiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97 va 277 moddalari boʻyicha jinoiy ish ochilgan”, - deya maʼlumot bergan Toshkent shahri prokuraturasida boʻlim oʻrinbosari Farhod Boboniyazov.

Lavha davomida tungi klub qoʻriqchilari sportchini qanday pichoqlab qoʻyishgani haqida ham toʻxtalib oʻtgan.

“U (Jamshid – tahr.) pichoq bilan zarba bergach, sherigimizni yiqitib olib, qoʻyib yubormadi. Uning qoʻlida pichoq bor edi, undan tortib olishning iloji boʻlmasdi. Biz qoʻrqib ketgandik”, - degan qoʻriqchilardan biri.

“U oʻldiraman deb baqirardi. U janjalni davom ettirayotgandi. Keyin men undan pichoqni tortib olib, shok holatda unga pichoq tiqib qoʻydim”, deydi ularning yana biri.

Sayyor sud vaqtida jamoatchilik vakillari tungi klub qoʻriqchilari bu vaziyatda noqonuniy harakat qilishganiga urgʻu qaratishgan.

Reportajda qayd etilishicha, “Aurum 898” tungi klubi qoʻriqchilari ogʻzaki kelishuv asosida ishga qabul qilinishgani, kuniga 60 ming soʻmdan ish haqi olishgani aytib oʻtilgan. Bundan tashqari, qoʻriqchilarga xizmat vaqtida bitalar, pichoqlar va boshqa turdagi qurollardan foydalanishga ruxsat berilgan.

Ayni vaqtda huquq-tartibot organlari tungi klub faoliyatini tekshirishmoqda.

Dasturda marhum sportchining oʻzi ham tanqid ostiga olingan — vakolatli organlar uning xatti-harakatlariga ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida baho berishi maʼlum qilingan.

“2006 yilgacha Oʻzbekiston erkin kurash terma jamoasi aʼzosi boʻlgan Jamshid keyingi vaqtlarda ishsiz edi. U tez-tez spirtli ichimlik ichar, turli koʻcha janjallarida ishtirok etar va oʻzi bilan pichoq olib yurardi. Afsuski, bunga hech kim eʼtibor qaratmadi”, - degan muxbir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Aurum 898” tungi klubi qoʻriqchilari Jamshid Kenjayev qanday oʻldirilganini aytishdi (video)