18:52 / 18.11.2018
10 727

Mol-mulki musodara qilingan jizzaxlik fermer o‘z joniga qasd qildi

Mol-mulki musodara qilingan jizzaxlik fermer o‘z joniga qasd qildi
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani Majburiy ijro byurosi xodimlari mol-mulkini musodara qilgan fermer 9 noyabr kuni osilgan holda topilgan.

«Navro‘z» shaharchasida yashagan fermerning jasadi o‘zini osgan vaqtdan ikki kundan so‘ng, 9 noyabr kuni o‘zi qurdirgan, lekin ishlatilmay turgan do‘konda topilgan.

Fermer hamqishloqlarining aytishlaricha, paxtasi yaxshi bo‘lmagan fermer bankdan olgan kreditini qoplay olmagani uchun, Majburiy ijro byurosi uning uyidagi mebel, televizor va gilamlarini musodara qilgan.

Tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi fermer o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlagan.

Do‘stlik tumanida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, paxta rejasini bajarolmagan 33 yashar Sanjar ismli fermer Majburiy ijro byurosi uning uyini ship-shiydon qilib bo‘shatib ketganidan so‘ng, o‘z joniga qasd qilgan:

«Bu yil paxta yaxshi bo‘lmadi. Aksariyat fermerlar rejani bajarolmadi. Bank kreditlarini qaytara olmaydi deb, ko‘pchilik fermerni sudga berib yuborgan. MIB shuning uchun hozir uyma-uy yurib fermerlarning mol-mulkini tortib olishga kirishdi. O‘sha kuni ham Sanjarning uyidagi televizorini, xolodilnigini, gilamini va boshqa ashyolarini ship-shiydon qilib olib chiqib ketgan ekan. Fermerning bankdan 83 million so‘m qarzi bor ekan. MIB, «bu olib ketayotganlarimiz qarzingni yarmiga ham bo‘lmaydi, hali kelib yana qolgan mol-polingni ham olib ketamiz», degan ekan. U esa o‘zi qurdirgan, lekin ishlatilmayotgan do‘koniga kirib, o‘zini osib qo‘yibdi», deydi fermer.

«Navro‘z» shaharchasi mahalla faollaridan birining aytishicha, fermerning jasadi u o‘zini osgandan ikki kun o‘tib topilgan:

«Uydagilari biror joyga ish bilan ketgandir deb o‘ylashgan ekan. Ikki kundan keyin onasi o‘sha ishlamay turgan do‘konlarining oldidan o‘tayotsa, eshik sal qiya ochilganday bo‘lib turgan ekan. Kim bu eshikni ochibdi, deb hayron bo‘lib ichkari kirsa o‘g‘li shiftga osilib turgan ekan», deydi mahalla faoli.

Do‘stlik tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi fermerning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqladi, lekin bu haqda boshqa ma’lumot berolmasligini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mol-mulki musodara qilingan jizzaxlik fermer o‘z joniga qasd qildi