20:18 / 22.12.2018
6 602

Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga qayta saylandi

Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga qayta saylandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida Xotin-qizlar qo‘mitasining 2014-2018 yillardagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari sarhisob qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqdi. Ma’ruzachi asosiy e’tiborni qo‘mitaning ustuvor vazifalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga qaratdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘zida xotin-qizlar qo‘mitalari va aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan uyma-uy yurish orqali aniqlangan 245 ming nafar ishsiz xotin-qiz bandligini ta’minlashga erishildi. Bu borada joylarda mahallalar kesimida xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, 2018 yilda 10 ming nafarga yaqin og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar bandligi ta’minlandi va ushbu maqsadlar uchun 38 mlrd. 261 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan foydalanilmay turgan korxonalar, bo‘sh binolarni qayta ta’mirlash va ishga tushirish hisobiga 2018 yilning o‘tgan davri davomida 2 ming 346 ta kichik sex tashkil etilib, 16 ming nafarga yaqin ayolning bandligi ta’minlangan.

Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Olib borilayotgan profilaktik ishlar natijasida xotin-qizlar jinoyatchiligi 2016 yilda 5 foizga, 2017 yilda 11 foizga kamaygan bo‘lsa, 2018 yilda 35,7 foizga kamayishiga erishilgan.

Turli diniy ekstremistik oqimlar a’zosi bo‘lgan ayollarni sog‘lom hayotga qaytarish borasidagi harakatlar natijasida uch ming nafardan ziyod ayol maxsus ro‘yxatdan chiqarilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasining hisobot-saylov konferensiyasi yakunida qo‘mitaning ustuvor vazifalarini belgilab olish va tashkiliy masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, qo‘mita boshqaruvi, rayosati va taftish komissiyasi tarkibi saylandi. Shuningdek, qo‘mitaning yangi tahrirdagi ustavi qabul qilindi.

Yangi saylangan qo‘mita raisi Tanzila Norboyeva tadbir ishtirokchilarini xotin-qizlarimiz baxtiyor yashashini ta’minlashda hamkor va yakdillikda ishlashga chaqirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga qayta saylandi