Toshkentda doimiy propiska qilish tartibida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin

  • 31 yanvar 2019, 06:32
  • 1 669
  • Jamiyat
  • Toshkentda doimiy propiska qilish tartibida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin
    O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi buyruq loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
    Ushbu hujjat loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan.

    Mazkur hujjat bilan IIVning 2012 yil 1 maydagi 71-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

    Hujjat loyihasida doimiy propiskaga ega bo‘lish uchun fuqarolar davlat xizmatlari ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartibini ta’minlaydigan elektron tizim orqali murojaat qilishi mumkinligi qayd etilgan.

    Loyihada fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq, doimiy yashash joylarida propiskadan o‘tishi va yoki turgan joylarida hisobda turishi shartligi ko‘rsatilgan.

    Shuningdek, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinmaganligi yoki doimiy propiskada turmaganligi fuqaroga xizmat ko‘rsatishni rad etish uchun asos deb hisoblanishi mumkin emas.

    Fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kunlaridan boshlab besh kun ichida doimiy propiskada turish yoki hisobga qo‘yish uchun hujjatlar taqdim etishi shart.

    16 yoshga to‘lmagan shaxslarni doimiy propiska qilish va hisobga olish ularning ota-onalari yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslarning xohishiga ko‘ra ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

    Buyruqqa bir nechta yangi bandlarni qo‘shish taklif etilgan. Masalan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni ro‘yxatdan chiqarish mahkumning ishonchnomasi asosida yoki uy-joy binosidan foydalanish huquqini yo‘qotganlik haqidagi sud qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

    «Turar joy mulkdori o‘z oila a’zolarini va boshqa shaxslarni propiskadan o‘tkazish huquqiga ega.
    Bir nechta uyga yoki kvartiraga ega bo‘lgan mulkdor ulardan faqat bittasigagina doimiy propiskadan o‘tishi mumkin.

    Harbiy xizmatga majbur shaxslarni propiska qilish ular mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarda harbiy hisobga qo‘yilganlaridan keyin amalga oshiriladi. 16 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar harbiy hisobga qo‘yilishi kerak.

    Chegara zonasida joylashgan aholi punktlarida doimiy propiskaga ega bo‘lish va turgan joyi bo‘yicha hisobda turish uchun ushbu zonaga kirishga yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organlaridan chegara zonasiga kirishdan oldin belgilangan tartibda olingan ruxsatnoma ham taqdim etiladi», — deyiladi buyruq loyihasida.

    Bundan tashqari, fuqaroni propiska qilish, propiskadan chiqarish va hisobga olish belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ham amalga oshirilishi mumkinligi keltirib o‘tilgan.
    Hujjat loyihasi shu yilning 13 fevraligacha muhokamaga qo‘yilgan.

    » » Toshkentda doimiy propiska qilish tartibida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin