14:58 / 19.05.2019
3 389

O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir “hunarmandlar”

O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir “hunarmandlar”
Yurtimizda hunarmandchilikni rivojlantirish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarga yanada qulay sharoit yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab yengilliklar berilgan.

Quvonarlisi, Buxoroda ham soliq qonunchiligiga rioya etgan holda iqtisodiyotimiz yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hunarmandlar safi tobora kengaymoqda.

Birgina misol. 2019 yil 1 may holatida viloyatda “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 1800 nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 700 taga ko‘pdir. 2018 yil davomida viloyatimizda faoliyat olib borayotgan hunarmandlarga qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha 1 milliard 500 million so‘m miqdorida imtiyoz qo‘llanilgan. 2019 yilning o‘tgan davrida esa soliq imtiyozi tufayli viloyat hunarmandlari ixtiyorida 660 million so‘mdan ortiq mablag‘ qoldi.

Afsuski, sholi kurmaksiz bo‘lmas ekan.Gap shundaki, hunarmandchilikka hech qanday aloqasi bo‘lmasa-da “Hunarmand” uyushmasi a’zoligiga kirib, soliq imtiyozlaridan foydalanib qolishga urinayotganlar uchramoqda.

Buxoro shahrida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar chog‘ida ana shunday uchar tadbirkorlarning bir nechtasini uchratdik.

Aniqrog‘i, tahlil qilinganda, ba’zi “usta”larning mashg‘uloti tadbirkorlik guvohnomasidagi faoliyat turiga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi.

Ustaxonasi yo‘q hunarmand ham bo‘ladimi?

“Toqi telpakfurushon” majmuasida o‘tkazilgan profilaktik nazorat tadbirida qonunga zid tarzda ishlayotganlarning ancha –munchasi aniqlandi. Xususan, hujjatda “milliy liboslar tayyorlash” faoliyati bilan shug‘ullanuvchi hunarmand deb ko‘rsatilgan Ilhom Ahmedov o‘z do‘konida qizlari bilan hunarmandchilik buyumlari emas, balki ishlab chiqaruvchilarning tayyor mahsulotlari bilan savdo qilmoqda. Shu kuni ular o‘zlarini har qancha hunarmand ekanliklarini isbotlashga urinmasinlar, xatti-harakatlari buning aksini ko‘rsataverdi.

Misol uchun, milliy liboslar tayyorlash sexini ko‘rsatishlarini so‘raganimizda ota-bolalarning paytavasiga qurt tushdi. Achinarlisi, ular tomonidan ko‘rsatilgan tikuv sexida va almisoqdan qolgan tikuv mashinasida ishlashning hech iloji yo‘qligi kunday ravshan edi.

- Mahsulotlarimizni asosan qo‘shnilarimiz tayyorlab berishadi, qizlarim esa ularni “Toqi telpakfurushon” majmuasidagi do‘konimizda sotishadi, - deydi Ilhom Ahmedov. – To‘g‘risini tan olishim kerak, hunarmandchilik buyumlari bilan savdo qiluvchi ham soliq imtiyoziga ega deb o‘ylagandim.

Davlat soliq xizmati xodimlarining profilaktik suhbatlaridan tushundimki, ushbu imtiyozdan faqat hunarmandlarning o‘zlari foydalana olarkanlar. Eng asosiysi, faoliyatimni zudlik bilan qonuniylashtirib, farzandlarimni yollanma ishchi sifatida ishga qabul qilsam, ularning kelgusidagi pensiya ta’minoti uchun ham yaxshi bo‘larkan.

“Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lib, faoliyat ko‘rsatayotgan Ilhom Axmedovning bankda hisob raqami bor yoki yo‘qligi bilan qiziqdik. Aslida davlat ro‘yxatidan o‘tgan har bir hunarmand hisob raqami ochish uchun banklarga murojaat qilishi kerak. Biroq, bu xizmatlar bepul amalga oshirilsa-da, uning hisob raqami mavjud emas.Hatto nazorat kassa mashinasi ham yo‘q.

Ushbu holat aslida gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun “Hunarmand” uyushmasi a’zoligiga kiritilgan Mastura Egamovaning ham faoliyatida kuzatildi. Uning Toqi telpakfurushon majmuasidagi savdo do‘konida turmush o‘rtog‘i Yunus Egamov ham savdo faoliyati bilan shug‘ullanyapti.

Biz bu yerdagi gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlardan tashqari hunarmandchilik mahsulotlarini ko‘zdan kechirib, ulardan aynan qaysi birini o‘zlari tayyorlaganliklarini va hunarmandchilik ustaxonalarini so‘radik. Afsuski, ushbu savollarimizga ular tayinli javob bera olmadilar.

Ana shunday ko‘zbo‘yamachilik yo‘li bilan “Hunarmand” uyushmasining a’zoligini olib, qat’iy belgilangan soliq hamda yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashda imtiyozni qo‘lga kiritgan Ra’no Rahmonova uchun davlat soliq xizmati xodimlarining profilaktik suhbati foydali bo‘ldi.

R.Rahmonova bu bilan uzoqqa bora olmasligini va faoliyatini qonuniylashtirib qo‘ysa, imkoniyatlari yanada kengayishini tushunib, shu kunning o‘zida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish faoliyat turi bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi.

Soliqlarga birovning haqi deb qarashimiz kerak

Toqi telpakfurushon majmuasida o‘tkazilgan profilaktik tadbir kunida qiziq bir holatga duch keldik. O‘zini hunarmand deb tanishtirgan Istat Yaxshiyeva savdoga qo‘yilgan mahsulotlarni o‘z qo‘li bilan tayyorlaganiga bizni ishontirmoqchi bo‘ldi. Ammo, otasi Ermat Yaxshiyevning so‘zlari uning fikrlarini butunlay inkor qildi.

- Viloyatimizning Shofirkon va Navoiy viloyatining Nurota tumanlarida hunarmandchilik sexlarimiz bor, - deydi Ermat Yaxshiyev. – Mazkur sexlarda 50 ga yaqin xotin-qiz qo‘lda asosan so‘zana va gilamlar to‘qiydi. Ularning bajargan ishiga qarab, og‘zaki kelishuvga ko‘ra oyiga 500 ming so‘mgacha haq to‘laymiz.

Ko‘rinib turibdiki, u soliqdan qochish maqsadida “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan. Bu ham yetmagandek joylarda yashirin sexlar tashkil qilgan, ko‘plab fuqarolarga “konvert” usulida haq to‘layapti.

Haqiqiy hunarmandlar esa faoliyat turidan kelib chiqqan holda 5 nafardan 10 nafargacha shogirdni yollab ishlatib, ularga rasmiy ravishda maosh berishyapti.

Ana shunday hunarmandlardan biri Baxtiyor Kenjayevning suhbatga tortdik.

- Negadir hunarmandlarga berilgan soliq imtiyozlaridan ko‘zbo‘yamachilik qilib, foydalanishga urinayotganlar ko‘payib bormoqda, -deydi u. – Qariyb 40 yildan beri gilamchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Hukumatimizga rahmat, bizga berilgan yengilliklar tufayli o‘g‘illarim, kelinlarim va nevaralarim ham shu kasb etagidan tutishdi. Hunarning osoni yo‘q.

Biz barcha jarayonlarni o‘z qo‘limiz bilan bajaramiz. Berilgan yengillik va soliq imtiyozlarini ana shu mashaqqatli ishlarimiz uchun mukofot deb bilaman. Shunday ekan, o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir bunday kishilarning ishlarini to‘g‘ri deb o‘ylamayman. Negaki, soliqlarga ham birovning haqi deb qarashimiz kerak. O‘zganing haqiga esa xiyonat qilinmaydi.

- Men tayyorlagan mahsulotlarni Buxoromizning eski shahar qismidagi ko‘pchilik tadbirkorlar sotib olishadi, - deydi yana bir suhbatdoshimiz Axtam Subhonov. – O‘z ijodiy ishlarimni asosan, Abdulazizxon madrasasidagi ustaxonamda tayyorlayman. Bu ishlarda o‘g‘lim yordam beradi. U ham kelajakda menga o‘xshab hunarmand bo‘lmoqchi.

Fikrimizcha, ana shunday “usta – shogird” an’anasi izchil davom etsa, “Hunarmand” uyushmasi mutasaddilari bu tashkilot a’zoligiga qabulda jinday e’tiborliroq bo‘lishsa biz yuqorida misol tariqasida keltirgan noxush holatlar barham topadi.

Ta’kidlash kerak, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, ishbilarmonlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ular uchun ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berilmoqda. Biroq, ana shu imkoniyatlarga qaramay ayrim tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida soliqlardan qochish holatlari kuzatilayotgani achinarli.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyat davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan hunarmandlar uchun berilgan soliq imtiyozlaridan noqonuniy ravishda ya’ni, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotgan fuqarolarga 10 kun muddatda faoliyatlarini qonuniylashtirib qo‘yishlari bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi.

Bahodir Fayziyev,
Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan
aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i.

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir “hunarmandlar”