O‘zbekistonda nechta general bor?

  • 09 iyul 2019, 10:57
  • 2 893
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonda nechta general bor?
    Bu bir qarashda oddiy savol, ammo javobi mushkul ekan. Gap shundaki, O‘zbekistonda harbiylar va «kuch ishlatar» boshqa tizimlarning ofetserlar tarkibi haqidagi ma’lumot izlaganimizda, bu «xizmatga oid o‘ta xos ma’lumot», bunday ma’lumotni qo‘lga kiritish deyarli imkonsiz, deyishdi.

    Ochiq ma’lumotlarga, ya’ni internetga yuzlanadigan bo‘lsak, Rossiyada 1170 nafar general bor ekan, «Vikipediya» ularning 65 nafari haqida ma’lumot bermoqda (orasida marhumlari ham bor). Ukrainada qancha general bor degan savolga «Google» 681 mingta manbani ko‘rsatdi (hammasi ochiq ekan ularda): Ukrainada hozirda 112 ta amaldagi general bor ekan.

    Generalga eng boy davlat AQSh ekan. 2016 yilda chop etilgan «Report to Congress on General and Flag Officers in the U.S. Armed Forces» (muallif Lawrence Kapp) ma’ruzasi ma’lumot beryapti: Amerikada 896 nafar general va admirallari bor (bu faqat mudofaa tizimidagilari).

    Yon qo‘shnimiz Qozog‘iston 75 ming kishilik armiyaga ega bo‘lib, 43 ta generali borligi turli internet manbalarida aytilgan (ma’lumot naqadar ishonchli ekanini baholash imkonimiz yo‘q).

    «O‘zbekistonda nechta general bor?» degan savolga internetdan ham javob topib bo‘lmadi.

    Shu yilning boshida, 14 yanvar kuni, Prezident Farmoni bilan Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirligining yuqori mansabli rahbarlariga turli darajadagi generallik unvonlari berildi. Shuningdek, xavfsizlik, soliq, bojxona, prokuratura kabi davlat organlarida ham o‘nlab generallar faoliyat yuritadi.

    Huquqni muhofaza qiluvchi organlar orasida amaldagi generallari bilan maqtana olmaydigan yagona tashkilot – Adliya vazirligi. So‘nggi 10 yildan ortiq vaqt davomida ushbu tizimda ishlab turgan bironta xodimga bunday rutba nasib etmabdi...

    O‘zi nima uchun generallar haqida so‘z ochdik?

    Chunki yaxshi general eng zamonaviy va qimmatbaho harbiy texnikadan ham muhimroq ahamiyatga ega resursdir. Armiyaning quvvatiga baho berishda ofitser tarkibining malaka va mahorati birlamchi ahamiyatga ega. General bo‘lishni orzu qilmagan askar esa askar emas.

    Harbiy elita sifatida mudofaa va xavfsizlikning yuqori bo‘g‘ini sanaladigan o‘zbek generallari soni va sifati ortaversin!

    Sharofiddin Niyataliyev

    Manba: Xabar.uz

    » » O‘zbekistonda nechta general bor?