07:12 / 15.07.2019
5 699

Qovurdoq yoki bugunning O‘zbek oyimlari

Qovurdoq yoki bugunning O‘zbek oyimlari
Taassufki, ko‘z yorish munosabati bilan o‘tkazilayotgan bu galgi qovurdoq ro‘yxatiga meni ham tirkashibdi. Bu kabi ayollar yig‘inida bo‘g‘ilib, jon achchig‘ida o‘tirishimni bilganim bois kelinoyimga uzrimni aytdim.

– Yo‘q, – dedilar kelinoyim keskin. – Qovurdoqqa faqat yaqin qarindoshlar aytiladi. Sizni o‘zimga yaqin olib aytvomman. Bormasangiz, g‘oyat xafa bo‘laman-a!..

Xullas, tutildim-qoldim...

Qovurdoq. Ana, bugunning o‘zbek oyimlari uyni to‘ldirib, yasan-tusan o‘tirishibdi: opoqijonlar, jon qoqindiq qudaxolalar, xolaposhsha-yu ammaposhshalar, pazanda kelinoyilar-u choy uzatishni qoyillatayotgan kelinbolalar. Ulardan hech birining kovushi ko‘chada qolmagan – aytilmagan joyga oyoq qo‘ymaydi, boradigan joyiga qo‘lini qovushtirib bormaydi ham. Tog‘ara-yu sarpo-suruqsiz, hech yo‘q, bir siqim pulsiz yurolmaydi bu poshshalar.

Chug‘ur-chug‘ur so‘rashishlarning oxiri ko‘rinmasa-da, likoblarda xil-xil shirinliklar ketma-ket tortilaverdi, tortilaverdi... Oqibatda, hatto chaqayotgan pista po‘chog‘ini das­turxon chetiga qo‘ymoqqa ham joy qolmadi.

– Qo‘llaring gulmi deyman, shirinliklarni sayratvorib­siz-a. O‘zingiz ham ta’tib ko‘ring... Olinglar, olib o‘tiringlar!..

Manziratning cheki yo‘q. Har eshik ochganda qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: «Xush kelibsiz!»ni kanda qilmaydigan mehmonsevar xalqimga borman-da!.. Chak-chak bol tomayotgan lutflar esdan og‘diradi-yey!.. Hech qancha o‘tmay, «bizni ham shu davraga qo‘shinglar» degandek, qo‘shsalatu somsa birin-ketin dasturxonga ilinadi. Quruq-ho‘l mevalarning likopi qisqartirilib, davra yasatib kelgan yangi yeguliklar bilan o‘rin almashadi. Biri-biridan xushta’mdek...

Qatlari urchib ketgan qatlama somsadan yesammikin, to‘rtburchak bejalgan sabzavotlar birgaligidagi nafis salatdanmi? Nozik qomatiga daqiq zirvakni joylagan xamir san’ati – yupqadan totsam-chi?.. Shu onda ichimda g‘imirlayotgan, sal tegsang gardi qoladigandek allaqanday qorakuyani sezaman. Ko‘nglim g‘ashlanib, butunlay ishtaham bo‘g‘iladi. Yonimdagi poshshalarning buyruqnamo takalluf-qistovi bilan biroz totingan bo‘laman.

Chaqqon bekajonlar bo‘shagan likoplarni yig‘ar-yig‘mas pazanda begoyimlar bug‘i arimagan suyuq ovqatni tortadilar. «Oling-oling» ovozini qoshiqning mayin jarang-juringgi bosib ketadi... Hamma o‘zicha mashg‘ul. Kimdir taom, kimdir gap yeyish bilan band. Kimdir esa ikkalasiniyam xafa qilayotgani yo‘q...

Taqir-tuqir kosalar yig‘ilishi hamono: «Quda­jonlar, joninglar omon bo‘lsin! Oling­lar, olib o‘tiringlar!» degancha bekajonlar qazi-yu do‘mboq jo‘jalar bilan kirib kelishadi. Endi ko‘ksimni birov kaltaklayotgandek sekin dasturxondan tisarilaman. Kutilmaganda orqamda turgan nimagadir do‘qillab urilaman. Uyni-ku, atrofidan bir ko‘rpachalik joy tashlab, hasham xontaxta to‘ldirib turgandi. Xo‘p, anuv burchakni pech egallabdi, bu burchakni nima band qildi ekan? Astag‘firulloh, bu – yangi ona bo‘lmishning onaginasi yuborgan kir yuvadigan mashina-ku!?.

Hay-hay, hukumatimizdan aylanay!.. Bundan ancha oldin to‘ylardagi isrofgarchiliklarga chek qo‘yish ilinjida qaror va ko‘rsatmalar joriy etilib, mahalla bilan hamkorlikda ancha-muncha sa’y-harakatlar olib borildi. Ajabki, shoxida yursang, bargida yuguradiganlar topilarkan. Ko‘rib turganim kir yuvish mashinasi ham, aksar kelin-kuyovlarning taxmonidan joy olgan televizor ham ana o‘shalarning hosilasi.

Mutasaddi xodimlar ayollarning qirq tog‘orasini o‘n-o‘n beshtaga tushirganidan xursand. Orzu-havasli ayollar esa pullarini mayda-chuydalab emas, bus-butun qilib sarflayotganidan shod.

Qovurdoq yoki challardan avvalgi kun kir yuvadigan mashina, idish yuvadigan mashina, televizor yoki tikish mashinasi kabi matohlar charlayotgan (mehmon kutadigan) xonadonga kelib tushadi. Bu siylovni quchoq ochib kutib olgan qudalar yaltilloq qog‘ozlarga o‘ralgan tuhfani mehmonxonaga yasatishni aslo unutmaydi.

Xullas, manti, kabob, norin, qovurdoq silsilasini ulab osh keldi hamki, qochishga joy topolmadim...

O‘tgan hafta olti oydan beri sihatgohda davolanayotgan jiyanimdan xabar olishga ahd qildim. Ota-onasi uzoq viloyatda bo‘lgani bois besh yashar jiyanim tez-tez ichikib qolib, ko‘zini derazadan uzmasdan odam poylaydi. Aksiga olib, muzlatgichimga o‘sha kunlarda go‘sht kirmagandi. Ko‘cha taomini ko‘ng­lim tilar-tilamas oldim-da, yoniga bir necha xil mevalarni qovushtirib, jiyanim yotgan sihatgohga yo‘l oldim. Bu safar u meni har galgidan quvnoqroq qarshiladi:

– Xolajon, kelganingiz uchun rahmat!.. Lekin, opkegan ovqatlaringizni qaytib olib keting. Qornim to‘q, hozirgina to‘y oshi yedik! Zo‘r ekan, mazza qildim!..

Qo‘li uzun bir amakining ehson dasturxoni sabab kichikkina odamchaning quvonchi shunchalar kattaribdi. Umridan baraka topsin, qo‘li ochiqlar!..

Yana, «ketma-ket ikki qiz tug‘ding. Sen bilan yashasam, etagim qizdan boshqasini ko‘rmaydi», deya eri qo‘l siltab ketgan Dilbar opa, uning uzzu kun ninaga yopishgan qo‘li ko‘z oldimdan o‘taveradi. Hattoki, quloqlarim ostida tikish mashinasining g‘uvillashi eshitiladi... Beton uyda kun ko‘radigan o‘rtog‘im Nafisa, uning to‘shaksiz yo‘lakchalarda yugurib yurgan bolalari... Sarxil ne’matlar jam bo‘lgan to‘kis dasturxon atrofida ularning oyoq tovushlarini eshitish qiyin, lekin eshitsa bo‘ladi!..

Eshityapsizmi?.. Hov-anov, to‘rini to‘ldirib o‘tirgan faloncha xolaposhsha, besh yil burun tushgan kelinining paxmog‘igacha haliyam quda tomoni butlab berishini og‘zidan bol tomib so‘zlamoqda. Insof qilaylik, suv purkaydigan jo‘mragiga tillarang jilo berilgan o‘zbek oyim nega o‘z nabirasining ehtiyoji bo‘lgan tagligi uchun qudasining cho‘ntagiga ko‘z tikadi? Yoki, huv burchakni egallagan ammaposhshaning uyida birov tug‘ilsa, qudasi boshdan-oyoq hammani kiyintiradi.

Nega?.. Ammaposhsha-chi?!.. Biror daf’a: «Qo‘ying, shu dahmazalarni!» deya, qudasining «siylov»larini rad qildimi?
Aksincha, o‘sha kunni eshiklarni lang ochib, sarpo-suruqning kelishini poylab o‘tkazdi-ku!? Nega? Ularning atrofida malhamga yetgulik arzimagan mablag‘ topolmay, shirin jonidan ajrayotganlar yo‘qmi?! Yoki ularni ko‘rmaslik, eshitmaslik uchun, ko‘zlarini, quloqlarini berkitib yashaydimi ular?! Oxiri ko‘rinmas «orzu-havas» otlig‘ bu illat, yana necha Kumushning, necha Otabekning yostig‘ini quritmoqchi?!

Ichimdan o‘tayotgan qirin­dilarni bazmi-jamshid qi­lib o‘tirgan o‘zbek oyimlarga to‘kib solgim keladi-yu,­ biroq ularning o‘tkirgina tishlaridan hayiqaman. Yangi kelinligimdayoq o‘zbek oyimlarning ta’bini bilgan begim: «Kattalar gap ochganda, «xo‘p» yoki «yo‘q» deb javob berishdan nariga o‘tma, bo‘lmasa, miyangning kovagida sho‘rva qaynaydi!» deya «no‘xta»lab qo‘ygandi. Rost-da, O‘zbek oyimning tomoq yirtishlariga oqilu adolatpesha Yusufbek hoji bas kelolmadi-yu, menga yo‘l bo‘lsin...

Qolaversa, xonadonda qiz tug‘ilishi bilan uning qulog‘ini tilla ziraksiz, sandig‘ini sepsiz qo‘ymaydigan, tug‘ilmagan chaqaloqqa taxmon yig‘ib, og‘ir yotgan bemorning xudoyisiga pishiriladigan taomlarni jon topshirmasdan burunroq bo‘lashib oladigan, orzusi yetti osmonni to‘ldirgulik o‘zbek oyimning kichik bir kelinning og‘ziga urishga hozirligi yo‘qmi?..

Bir tayoq bo‘lib barchasini yiqolmasam-da, bir-bir yiqsam bo‘lar-ov?!. Ulardan ba’zi bir, sal ko‘zi ochiqlarini chetga tortib, fikrimni aytsam, darrov ilg‘ashdi. Fikrimni bir ovozdan tasdiqlashdi, ammo davraga kirgach... Netaylikki, o‘zbek oyim og‘ma-da!..

Duogo‘y opoqijonlar qo‘l ochdi:
– Boriga shukr! Berganiga shukr! Qovurdoqlardan ayir­masin!.. Yana birgalashib qovurdoqlarga kelaylik!..

O‘zbek oyimlar gur-r etib qo‘zg‘aldi. Tog‘orayu nog‘oralar qurshovida, bir haftalik chaqalog‘u yangi ko‘zi yorigan ona sharafiga uyushtirilgan «beshikto‘y» dabdabasidan yiroqlashar­kanman, yeganlarim zaharmidi-shakarmidi anglamayman... Ana o‘shanda, o‘zimni o‘zim g‘ajiy boshlayman: ko‘chada qolgan kovushim-a, ko‘chalarda qolgan kovushim!..

Mavjuda ABDULLOH

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qovurdoq yoki bugunning O‘zbek oyimlari