17:08 / 18.07.2019
4 059

Oziq-ovqat mahsulotlari importi ustidan nazoratni kuchaytirish rejalashtirilmoqda

Oziq-ovqat mahsulotlari importi ustidan nazoratni kuchaytirish rejalashtirilmoqda
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

16-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“16. Respublika hududiga olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarning yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatining 80 foizidan kam bo‘lgan taqdirda hamda mahsulotlarga tegishli hujjatlar to‘plami to‘liq taqdim etilmasligi, shuningdek o‘tkazilgan laboratoriya tahlillarining salbiy natijalari sanitariya-epidemiologik xulosa berishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Bu haqida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi qonun hujjatlarining aniq normalarini ko‘rsatgan holda ariza beruvchiga yozma shaklda ma’lum qiladi.”.

Quyidagi mazmundagi 16-1 - 16-3-bandlar bilan to‘ldiriladi:
“16-1. O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan yoki chetdan olib kelinayotgan mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazishda, o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra, ularni iste’mol qilishga hamda foydalanishga yaroqsiz deb topilgan taqdirda, sanitariya vrachi tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi. Bunda mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki uni olib keluvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mahsulot qayerdan keltirilganligi, nomi va turi, og‘irligi, miqdori, to‘plami, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati (qadoqlangan mahsulotlarning idishlari va boshqalar) hamda ushbu mahsulotlar normativ-huquqiy hujjatlarga nomuvofiqligi ko‘rsatiladi.

16-2. Tuzilgan dalolatnoma va hujjatlar to‘plami bosh vrachga taqdim qilinadi. Bosh vrachning ko‘rsatmasi bilan iste’molga yaroqsiz deb topilgan mahsulotni ishlab chiqarish yoki undan foydalanish yoxud respublikaga import qilishni taqiqlash to‘g‘risida qaror tayyorlanadi.

Quyidagi hollarda mahsulotlarning respublika hududiga kiritilishi taqiqlanadi:
- oziq-ovqat mahsulotlarning yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatining 80 foizidan kam bo‘lganda;
- oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya komplekslari tomonidan sertifikatlangan bo‘lmasa;
- o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar bilan zararlanganligi aniqlanganda;
- radioaktiv ko‘rsatkichlari belgilangan me’yorlar darajasidan yuqoriligi aniqlanganda;
- mahsulot tarkibida Geni modifikatsiyalangan organizmlar belgilangan me’yorlar darajasidan yuqori bo‘lganda;
- parazitologik laboratoriya tahlillariga asosan, kasallik qo‘zg‘atuvchilari yoki ularning tuxumlari aniqlanganda;
- tovarlar iste’molga yoki foydalanishga yaroqsizligi yaqqol namoyon bo‘lganda.

Qaror uch nusxada tayyorlanadi, bir nusxasi tuzilgan dalolatnoma bilan birga bir ish kunida arizachiga, ikkinchi nusxasi mahsulot yo‘q qilinadigan joyning rahbariga beriladi, uchinchi nusxasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazida qoladi.

16-3. Qarorda iste’molga yaroqsiz mahsulotni qayta ishlash, chorva mollariga yem sifatida foydalanish, zararkunanda va hasharotlarga qarshi xo‘rak sifatida ishlatish yoki yo‘q qilish usuli ko‘rsatiladi.

Iste’molga yaroqsiz deb topilgan mahsulot yo‘q qilingani, qayta ishlashda foydalanilgani, veterinariya xizmatining ruxsatiga asosan chorva mollariga yem sifatida foydalanilgani, zararkunanda va hasharotlarga qarshi xo‘rak sifatida ishlatish uchun topshirilgani yoki respublika hududidan olib chiqib ketilganidan so‘ng, mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki chetdan olib kelingan mahsulotning egasi (chetdan olib kelgan yuridik yoki jismoniy shaxs) tomonidan 10 kun muddat ichida qarorning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi hujjatlarning bir nusxasi qaror qabul qilgan Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachiga taqdim etiladi.

Iste’molga yaroqsiz deb topilgan mahsulotni qayta ishlash yoki yo‘q qilish usullari va shartlari uning egasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi organlari bilan kelishib olinadi.

Iste’molga yaroqsiz deb topilgan mahsulotni hayvonlarga yem sifatida ishlatilganiga yoki yo‘q qilib tashlanganiga qadar alohida joyda (rezervuarda), alohida hisobda, to‘plami, ishlatish (qayta ishlash) yoki yo‘q qilish usullari va shartlari aniq ko‘rsatilgan holda saqlanishi kerak. Bunday mahsulotning but saqlanishi uchun uning egasi javobgar bo‘ladi.

Iste’molga yaroqsiz deb topilgan mahsulotni ekspertiza qilish, yo‘q qilish usullari va shartlarini belgilash, qayta ishlash, saqlash, tashish va yo‘q qilish bilan bog‘liq xarajatlar uning egasi hisobidan amalga oshiriladi.

25-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
25. Respublika hududiga olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarning yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatining 80 foizidan kam bo‘lgan taqdirda, dori preparatlarining yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatining 30 foizidan kam bo‘lgan taqdirda (bunda bojxona chegarasini kesib o‘tgan sana inobatga olinadi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ruxsati bilan istisno qilinishi mumkin) hamda laboratoriya sinovlarining salbiy natijalari, shuningdek hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan komplektini taqdim etish muvofiqlik sertifikati berishni rad etish uchun asos hisoblanadi, bu to‘g‘rida sertifikatlashtirish organi ariza beruvchiga aniq qonunchilik normalarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda xabar qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oziq-ovqat mahsulotlari importi ustidan nazoratni kuchaytirish rejalashtirilmoqda