Bosh prokuratura binosi oldida norasmiy norozilik namoyishi o‘tkazildi

  • 03 avgust 2019, 10:27
  • 2 169
  • Jamiyat
  • Bosh prokuratura binosi oldida norasmiy norozilik namoyishi o‘tkazildi
    2019 yil 2 avgust kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tomonidan videokonferensaloqa orqali fuqarolar qabuli o‘tkazildi.
    Qabul davomida Bosh prokuror tomonidan 26 nafar jismoniy shaxs va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinib, ularning murojaati tinglandi.

    Murojaatlarning 17 tasi sud masalalari, 2 tasi prokuratura ish yurituviga, 5 tasi ichki ishlar, 1 tasi xalqaro hamda 1 tasi tadbirkorlik faoliyati masalasiga oid murojaatlarni tashkil etdi.

    Bosh prokuraturada barcha qulayliklarga ega bo‘lgan fuqarolar qabulxonasi bo‘lib, fuqarolar hamda yuridik shaxslarning vakillari hech bir to‘siqlarsiz kirishi, o‘zlarini qiziqtirgan masala yoxud muammolari yuzasidan prokuratura xodimlari qabulida bo‘lib, murojaatlarini qoldirishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

    Biroq, shu kuni Toshkent shahrida yashovchi Ye.Urlayeva bir guruh shaxslar bilan birga Bosh prokuraturaning ma’muriy binosi oldida Bosh prokuror tomonidan fuqarolarning qabuli o‘tkazilmaganligi haqida norasmiy norozilik namoyishi o‘tkazdi.

    Shuningdek, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida yashovchi M.Akbarova va Toshkent shahrida yashovchi Sh.Yuldasheva hamda boshqa shaxslar Bosh prokuraturaning fuqarolarni qabul qilishga ixtisoslashmagan binosi oldida odamlarning e’tiborini o‘ziga jalb qilib, tartibga amal qilmasdan, ushbu binoga kirishga harakat qilishib, norasmiy norozilik namoyishi o‘tkazishdi.

    Ma’lumot tariqasida: M.Akbarova 24.03.2019 yilda Bosh prokuror sayyor qabulida, Sh.Yuldasheva 20.04.2018 yil, 09.02.2019 yil hamda 25.03.2019 yilda Bosh prokuror qabulida bo‘lgan va ularning murojaatlari Bosh prokuratura tomonidan tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, javob xatlari berilishi ta’minlangan.

    Bosh prokuratura tomonidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish hamda murojaatlarini ko‘rib chiqish borasida ishlar davom ettirilmoqda.

    » » Bosh prokuratura binosi oldida norasmiy norozilik namoyishi o‘tkazildi