Akmal Saidov: "Jasliqda qiynoqlar bo‘lmagan deb ayta olmayman"

  • 06 avgust 2019, 21:27
  • 1 192
  • Jamiyat
  • Akmal Saidov: "Jasliqda qiynoqlar bo‘lmagan deb ayta olmayman"
    Bugun, 6 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan brifing o‘tkazildi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi.

    Tadbir davomida markaz direktori bola huquqlari masalasida, sohada qilingan va qilinishi lozim masalalarga ham to‘xtaldi.

    «Bolalar va yoshlarimiz siyosatida ta’lim-tarbiyaning roli juda muhim. Afsuski, bu masalada tartibga soluvchi qonunlar, masalan «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun juda eski. Hozirgi davrga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Yaqinda Belarusga prezidentimiz bilan birga borganimda ularda ta’lim kodeksi borligini ko‘rdim. Bizda ham ta’lim sohasidagi qonunchilikni tartibga keltiruvchi ta’lim kodeksi qabul qilsak to‘g‘ri bo‘lardi. Bu sohada qonunosti hujjatlar juda ko‘p.

    Ta’lim masalasida aytadigan bo‘lsak, o‘rta ta’lim O‘zbekistonda bepul. «Pulli bo‘lishi kerak», «hududlardan kelsa qolganlarga joy yetmay qoladi» kabi gaplar asossizdir. Bizda o‘rta ta’lim bepul – bu konstitutsiyaviy talab.

    Qonunchilikdagi kemtiklardan yana biri nikoh yoshi bilan bog‘liq. Qizlarimizga boshqa, yigitlarimizga boshqa yosh me’yori belgilangan. Masalan, 16 yoshga chiqqan qiz hali saylov huquqiga ega bo‘lmaydi. Men buni 15 yildan beri aytib kelaman. BMTning bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasidagilar necha bor gapirishdi. Tenghuquqli bo‘lishi kerakligini takror va takror aytishdi. Biz birinchi marta yoshni tenglashtiryapmiz.

    Bola huquqlarida yana bir muammo mavjud - shar’iy nikoh tuzilgan, lekin qonuniy nikohdan o‘tmagan bo‘lsa tug‘ilgan bolalar ma’lum bir huquqlarga ega bo‘lmay qoladi. Bu sud tomonidan belgilanishi mumkin.

    Bolalarning bog‘chalar bilan qamrab olish masalasida vazir Agrippina Shin aytib o‘tdiki, 41 foiz holatda ekan. Biz birinchi marta Milliy tiklanish demokratik partiyasida o‘rganganimizda 13 foiz bolalar bog‘chalarda edi. Bu raqamlar keyin 20 foizga, mana endi 40 foiz darajasida ko‘tarildi.

    Qonunchilikdagi kamchiliklar haqida aytadigan bo‘lsak, hozirgi kunda korrupsiyaga qarshi kurash ketayotgan vaqtda lobbizm haqida qonun yo‘q. Shuningdek, sohadagi muhim holatlardan biri xayriya masalasiga to‘xtalib o‘tsam. Bu masalada «Xayriya faoliyati to‘g‘risida»gi qonunimiz bor. Biroq bu qonunlarimiz hozirgi kunda ozgina orqada qolgan. Xayriya qilayotgan shaxslarga huquqiy imtiyozlar berish kerak. Bularga solig‘ini kamaytirib qo‘yilsa, ham jamiyat yutardi, ham tadbirkorga yaxshi bo‘lardi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

    Akmal Saidov bola huquqlari bo‘yicha berilgan masalalardan tashqari bevosita inson huquqlari bo‘yicha savollarga ham javob berib o‘tdi. Jurnalistlar tomonidan berilgan Jasliq koloniyasining yopilishi masalasida quyidagi fikrlarni bildirdi.

    «Bu nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham rezonans holat bo‘ldi. Stiv Sverdlovning so‘zlari bilan aytganda, prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy jasorati bo‘ldi. Bu tan olish kerak, tarixiy voqea. 1999 yilda tashkil etilgan Jasliq koloniyasida men ham bo‘lganman. Ochig‘ini aytishimi mumkin, boshqa turmalar bilan solishtirganda yaxshiroq edi. Bu joyda hamma sharoitlar bor edi.

    Men Jasliqda qiynoqlar bo‘lmagan deb ayta olmayman. Bu joyga nisbatan uzoq vaqtlar davomida juda salbiy fikrlar bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi reytingini tushirib yuborishga asosiy sababchilardan biri bo‘ldi. Biz bundan o‘zimizga dars olishimiz kerak», deya ta’kidlab o‘tdi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori.

    » » Akmal Saidov: "Jasliqda qiynoqlar bo‘lmagan deb ayta olmayman"