Toyloq tumani IIB xodimlari rostdan ham mahalliy aholiga yomon munosabatda bo‘lganmidi? (video)

  • 15 avgust 2019, 16:38
  • 1 222
  • Jamiyat
  • Toyloq tumani IIB xodimlari rostdan ham mahalliy aholiga yomon munosabatda bo‘lganmidi? (video)
    Facebook’dagi «Kommunalka» sahifasida 14 avgustda Samarqand viloyatining Toyloq tumani Qo‘tirbuloq qishlog‘ida ichki ishlar idoralari xodimlarining mahalliy aholiga yomon munosabatda bo‘lgani, mazkur holat qishloq odamlarining ko‘chmas mulkini noqonuniy buzishga qarshiligi sabab ekanligi haqida xabar va video joylashtirildi. Keyinchalik bu ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin etilgan.

    Zarnews Qo‘tirbuloqda aslida nima bo‘lganiga oydinlik kiritib, «Suvni loyqalatishdan kim manfaatdor?» nomli maqola chop etdi. Quyida maqola to‘lig‘icha havola etildi.

    Xo‘sh, aslida Qo‘tirbuloqda nima bo‘lgan edi?

    Ushbu savolga avvalo Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi javob berdi. Bo‘lim tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomada qayd etilishicha, Toyloq tumani hokimining 2009 yil 29 dekabrdagi 990-Q sonli qarori bilan Samarqand shahridagi «Afsona Travel» turistik firmasiga sayyohlar dam olish kompleksi va milliy suvinerlar ishlab chiqarish shoxobchalari qurish uchun 1,0 ga yer maydoni ajratilgan. Ushbu qaror Samarqand viloyat hokimining 2010 yil 1 noyabrdagi 140-Q sonli qarori bilan tasdiqlangan va joyida mutaxassislar tomonidan yer maydoni chegaralari aniqlanib o‘lchab berish dalolatnomasi tuzilgan.

    Toyloq tuman hokimining 2018 yil 30 yanvardagi 85-Q sonli qarori bilan «Afsona Travel» MChJ tomonidan qurib bitkazilgan ma’muriy binoga egalik huquqi tiklangan.

    O‘tkazilgan tekshirishlar davomida Qo‘tirbuloq qishlog‘ida yashovchi Suyunov Jahongir Shermamatovich tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda «Afsona Travel» MChJga tegishli yer maydonining 0,12 gektar qismi hamda hududga tutash bo‘lgan bo‘sh yerlardan 0,18 gektar maydon (jami 0,30 gektar) egallab olinib, atrofni devor bilan o‘ralgan hamda 200 kvadrat metr joyda uy-joy bino inshooti qurilganligi aniqlangan.

    2019 yil 14 mayda fuqaro J.Suyunovga tuman arxitektori S.Eraliyevning imzosi bilan noqonuniy ravishda qurilgan uy-joy binosini buzib, yerni asl holatiga keltirib qo‘yish to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish xati berilgan. Ammo J.Suyarov unga berilgan 15 kun muddat ichida noqonuniy qurilmalarni o‘z ixtiyori bilan buzmagach, tuman hokimligi tomonidan 2019 yil 29 mayda fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

    Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2019 yil 5 iyundagi hal qiluv qarori bilan tuman hokimligining da’vosi qanoatlantirilgan va fuqaro J.Suyunov tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan 0,30 gektar yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy javobgar hisobidan buzdirilishi, yer maydoni asl holatiga keltirilishi ko‘rsatilgan.

    Sudning mazkur hal qiluv qaroriga asosan, 2019 yil 5 iyunda tuman hokimligi tomonidan tuman hokimi, hokimlik vakillari, tuman prokurori, majburiy ijro byurosi, IIB boshlig‘i va xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va kotibi, mahalla faollaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhi a’zolari shu kuni J.Suyunov tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino oldiga kelganida J.Suyunovning oila a’zolari va qarindoshlari ularni haqoratlab, binoni buzishga qarshilik qilgan. Mazkur holatda vaziyatga to‘g‘ri baho bermagan J.Suyunovning qarindoshi ichki ishlar xodimlari xizmat avtomashinasiga o‘tqizilgan va unga qilayotgan harakati qonunga zid ekanligi tushuntirilgan.

    Shundan so‘ng J.Suyunov ishchi guruhi bilan birga noqonuniy uy-joyni buzib, yerni bo‘shatib bergan.

    Fuqaro J.Suyunovga tegishli bo‘lgan noqonuniy uy-joyni buzish davomida biror bir fuqaroga tan jarohati yoki boshqa tarzdagi ziyon yetkazilmagan, ma’muriy yoki jinoiy choralar qo‘llanilmagan.

    Ushbu xabar va video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, turlicha munosabatlar bildirilgach, J.Suyunovning o‘zi vaziyatni izohladi:
    [media=https://youtu.be/TtTLuaZDXLM]
    Ko‘rinib turibdiki, J.Suyunov noqonuniy ravishda yerni egallab olgani va bino qurganini kech bo‘lsada anglab, bu xatoni to‘g‘rilagan. Yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha hech kimdan norozi emasligini ham bildirmoqda. Uning o‘zi ta’kidlaganidek, muammo uniki, oilasiniki edi. Ularning shaxsiy hayoti, oilasi bilan bog‘liq vaziyatni keng ommaga oshkor etishga hech kimning haqqi yo‘q-ku. Yoki bundan boshqa maqsad ko‘zlanganmidi?

    Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama etilayotgan masala ham shu bo‘lmoqda – ko‘rgani, eshitgani haqida axborot berishning ham tartibi, mas’uliyati bor. Bu ayniqsa, boshqalarning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq bo‘lsa. Ijtimoiy tarmoqlarda yozayotganida, xabar tarqatayotganida har bir fuqaro o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi kerak.

    » » Toyloq tumani IIB xodimlari rostdan ham mahalliy aholiga yomon munosabatda bo‘lganmidi? (video)