23:53 / 20.09.2019
2 927

Britaniyalik olimlar: «Mashhur Damashq po‘latining vatani — O‘zbekiston»

Britaniyalik olimlar: «Mashhur Damashq po‘latining vatani — O‘zbekiston»
Foto: «Google.com»
Buyuk Britaniyaning London shahridagi mashhur Travellers Club klubida «Yangi O‘zbekiston: bebaho madaniy tashabbuslar» mavzuida media-ivent o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etayotgan bir guruh britaniyalik olimlar va mutaxassislar taklif etildi.

Tadbirda bir qator qiziqarli ma’ruzalar taqdim qilindi. Xususan, London universiteti kolleji Arxeologiya instituti ekspertlar guruhi o‘z taqdimotida Sharqda dovrug‘ taratgan Damashq po‘lati bugungi O‘zbekiston hududidan qazib olingan temir rudalaridan ishlanganini ma’lum qilishdi. Doktor Milyana Radzyavovich boshchiligidagi olimlar guruhi bir paytlar O‘zbekiston hududidagi konlardan qazib olingan ruda namunalari, qimmatli tog‘ jinslari va xomashyo mahsulotlarini tekshiruvdan o‘tkazib ana shunday qarorga kelishdi.

Shuningdek, Farg‘ona vodiysida Axsikent hududidan tigel po‘latini qazib olish va ishlab chiqarish ko‘lamini o‘rganish uchun keng qamrovli tadqiqotlar yo‘naltirilgan.

Milyana Radzyavovichning aytishicha, IX asrdan boshlab, Markaziy Osiyoda, xususan, bugungi O‘zbekiston, Turkmaniston va Hindiston hududlarida bir qator po‘latni qaytash ishlash markazlari faoliyat ko‘rsatgan.

«Muttasil savdo aloqalari va mahsulot ayirboshlash orqali ilk islom madaniyati davrida Markaziy Osiyoda ishlangan po‘lat Damashqqacha kirib borgan. Ushbu xomashyodan damashqlik ustalar dunyoga mashhur qilich va shamshirlarni yasashgan» — deydi Radzyavovich.

O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ushbu tadqiqotning ahamiyatini alohida ta’kidladi:

«Britaniyalik olimlarning ushbu izlanishlari biz uchun g‘oyat muhim. Hozir biz o‘ta shov-shuvli kashfiyot ostonasida turibmiz. Bu kashfiyot nafaqat mashhur Damashq qilichlari haqidagi an’anaviy tasavvurlarni o‘zgartiradi, balki O‘zbekiston buyuk ipak yo‘lida qanchalik muhim rol o‘ynaganini yana bir bor isbot etadi» — deya qayd etdi F.Abduxoliqov.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbir O‘zbekiston hukumati, mamlakatimizning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi elchixonasi ko‘magida, O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati, O‘zEOAVMA, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va neft xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro «Eriell Group» kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Britaniyalik olimlar: «Mashhur Damashq po‘latining vatani — O‘zbekiston»