Zelenskiyning qiyofadoshi: «Qiziqchi Zelenskiy prezident bo‘ldi. Men avtobo‘yoqchidan aktyor»

  • 06 dekabr 2019, 15:58
  • 924
  • Jamiyat
  • Zelenskiyning qiyofadoshi: «Qiziqchi Zelenskiy prezident bo‘ldi. Men avtobo‘yoqchidan aktyor»
    Tasodifan ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishgan o‘zbekistonlik Umid Isaboyev bugungi kunda Rossiya kino ijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan katta bir serialda bosh rollardan birini ijro etmoqda. Kun.uz muxbirlari Rossiyaga safar davomida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning qiyofadoshi bilan uchrashib, suhbat qurdi. U o‘z boshidan kechirganlari, mashhurlikka olib kelgan tasodif, katta serialdagi bo‘lajak qahramoni, suratga olish jarayoni va kelajakdagi rejalari haqida gapirib o‘tdi.

    Bolaligimdan hunarga qiziqqanman
    Men Namangan viloyati Chortoq shahri Alixon qishlog‘ida tug‘ilganman. Maktab davrlarimdan hunarga qiziqqanman. Uyimizda mashinalarni bo‘yaydigan avtoservisimiz bo‘lar edi. Bir kuni bobomning «Jiguli» rusumli mashinasini urib olib, shuni tuzatish uchun ustaxonaga olib borganman. Ana shu voqeadan keyin mashinalarni tuzatishga qiziqib ketdim. O‘zimning soham shu avtobo‘yoqchi hisoblanadi. Aslida bobom katta usta bo‘lgan. Tumanimizda ham ko‘pchilik bobomni usta sifatida tanigan. Hatto Toshkentda ham tanishardi.

    «Toshkentda mashhur sharhlovchining uyida yashaganman»
    2002 yilda Toshkentga ishlagani keldim. Avtoservisda ishlab yurgan paytlarim Xayrulla Hamidovning otalari Ubaydullo aka bilan tanishib qolganman. U kishi judayam yaxshi, ajoyib inson edi. Shu inson menga «musofir ekansan, vodiydan kelibsan», deb o‘z uyidan joy bergan. O‘zi oilada bitta o‘g‘ilman. Meni hayot ishlashga majbur qilmagan. Hatto onamlar «aylanib kelsang bo‘ldi, senga pul top demaymiz», deyishardi. Qishloqdan chiqqanimdan keyin hayotim Toshkentda kechdi.

    «Moskvaga sayohat bahona kelganman»
    Toshkentda ham, Moskvada ham do‘stlarim ko‘p. Moskvada ishlaydigan bir do‘stim o‘z yoniga chaqirib qoldi. Moskvaga sayohat bahona kelib qolganman. Shundan so‘ng do‘stimga yordamlashib yurdim. Ishim boshliqlariga ma’qul tushgandan keyin shu yerda qolishimni so‘radi. Uning taklifini qabul qilib, shu yerda ishlay boshladim. Hozir oilam, ikki nafar farzandim bilan shu yerda yashab, ishlayapman. Ilk kelgan vaqtim o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘lgan. Hujjat masalasida emas-ku, mehnatimdan foydalanishgan. Ko‘p aldanganman. Qiyinchiliklarimni Xudo ko‘rib turgan ekan, hayotim o‘zgarib ketdi.

    «Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmimni menga uydagilar yuborishgan»
    Bir kuni uyqudan turib, telefonimni ko‘rsam uydagilar rasm jo‘natishibdi. Qarasam, o‘zimning metroda o‘tirgan rasmim. O‘shanda men uxlab qolmaganman. Telefonga shunaqa tushib qolganman. Hayron bo‘lib uyimdagilardan bu rasmni qayerdan olganlarini so‘radim. Singlim, sizni butun internetda ko‘rsatishyapti, dedi. Keyin internetdan rasmimni topib, o‘zimning rasmimga izoh yozdim. «Kim oldi rasmga? Kim qildi bu ishni?», deb.

    Rasmga olgan inson Dmitriy Kovalenko degan kishi ekan. O‘zi Kiyevda yasharkan. Bir ish bilan Moskvaga kelib, meni ko‘rib qolgan hamda Vladimir Zelenskiyga o‘xshashligimni ko‘rib, meni kuzatgan. Metroga tushgan vaqtim qarama-qarshi tarafimda o‘tirib rasmga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga joylagan. Hozirda Dmitriy bilan yaqin tanishmiz. Ko‘p gaplashib turamiz. Chunki men Zelenskiyning qiyofadoshi ekanligimni ko‘pchilik bilishiga shu inson sababchi bo‘ldi.

    So‘ngra, intervyular, studiyaga takliflar boshlandi. Inson juda g‘alati bo‘lar ekan. Chunki men doim temir changallab, mashina tuzatib yurgan insonman. Birdan bunaqa voqealar bo‘lib ketdi. Ba’zida o‘zim nima deyishni bilmay qolaman. Hamma yoqda kamera bo‘lsa odam shoshib qolarkan. Men Moskvada emasman, deb aldashga ham to‘g‘ri keldi. Mana shu tasodif sabab hayotim o‘zgarib ketdi.

    «Haqiqatan ham katta bir serialda rol ijro etaman»
    Juda ko‘p prodyusserlardan takliflar bo‘ldi. Studiyaga, roliklarga, kinoga, reklama va fotosessiyalarga ko‘plab takliflar bo‘ldi. Hozirda prodyuser Vladimir Yerenosyan bilan shartnoma tuzdim. Serial uchun suratga olish jarayoni boshlangan. Albatta bu men uchun qiyin kechmoqda. Chunki men shu vaqtgacha faqat temir ushlab, mashina ta’mirlab yurgan insonman. Bo‘lajak qahramonim haqida gapiradigan bo‘lsam, prezident Zelenskiyni ijro etyapman. Aytishlaricha, qahramonim Ukraina xalqiga yoqadi. Chunki kinoning maqsadi Ukrainada bo‘layotgan urushni to‘xtatish, xalqlarga tinchlikni targ‘ib qilishdir.

    «O‘zbekistonda mashinalarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoservis qurmoqchiman»
    Kelajakda orzularim ko‘p. Albatta vatanimga qaytib, mashinalarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoservis qurmoqchiman. Asosan o‘qishga kira olmagan yoshlarni ish bilan ta’minlamoqchiman.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Zelenskiyning qiyofadoshi: «Qiziqchi Zelenskiy prezident bo‘ldi. Men avtobo‘yoqchidan aktyor»