22:05 / 10.12.2019
4 356

Madhiyamiz bastakori yoshligida ne–ne ko‘rgiliklarni boshidan o‘tkazganini bilamizmi?

Madhiyamiz bastakori yoshligida ne–ne ko‘rgiliklarni boshidan o‘tkazganini bilamizmi?
O‘shanda 1939 yil edi. Mutavakkil Moskva davlat konservatoriyasida o‘qirdi. Bir kuni fakultet dekani kotibasi uni ko‘chada birov kutayotganini aytib qoldi. ”Biror kishi bilmasin” degan ma’noda ishora ham qildi. Mutavakkil ko‘chaga chiqdi. Shunda uning oldiga kiyimlarining uvadasi chiqqan ozg‘in bir chol keldi. ”Siz Mutavakkil Burhonov bo‘lasizmi?” deya so‘radi u. ”Ha” tasdig‘ini olgach, ko‘ylagi ichidan bir konvertni olib uzatdi. ”Akangiz Misboh Burhonov turmada menga ko‘p yaxshiliklar qildi. Uning iltimosini bajaryapman. Bu maktub sizga”.

Yigitcha titrab ketdi. ”Nahotki... nahotki.” Mutavakkil darsdan uyga keliboq maktubni o‘qidi. Unda akasi “Ukajon, men xalq dushmani emasman. Sizdan iltimos, mana bu xatni konvertga solib, “Kreml, o‘rtoq Stalinga deb yozing va pochta qutisiga tashlang” deya bitgan edi.

Mutavakkil xuddi shunday qildi. Ammo so‘nggi umid ham qumga singgan suv kabi izsiz ketdi. ”Xalqlar dohiysi”dan najot bo‘lmadi. Nafaqat akasi, balki amakilari Mukammil va Muammir Burhonovlar ham qatag‘on qurboni bo‘lishdi. Bu ko‘rgiliklar oldida chiday olmagan opasi Mohida o‘z joniga qasd qildi. Mutavakkilning ham boshi uzra qora bulutlar suza boshladi. Niyati buzuq ayrim kimsalar ”Bu bola xalq dushmani bo‘lgan akasi – yu amakilari, Fitratning tarbiyasini olgan” degan g‘irt tuhmatdan iborat so‘zlarni ayta boshlashdi.

Lekin yaxshi insonlar ko‘magi, maslahati bilan Mutavakkil qatag‘ondan omon qoldi. Goh ona – yurti Buxoro, goh Samarqand, gohida Dushanbe, gohida Moskva shahri unga yomon ko‘zlardan panada yurishi uchun boshpana vazifasini o‘tadi. Muhimi, musiqaga bo‘lgan mehri so‘nmadi. O‘qidi. O‘rgandi. Izlandi. Yaxshi kunlar umidi bilan yashadi.

- Bir kuni nota do‘koniga kirsam, “Musiqa tarixi” degan kitobga ko‘zim tushdi, - deya yozadi u o‘zining “Ko‘ngil xazinasi” kitobida.- Qimmat bo‘lsa–da sotib oldim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan pulim tugadi. Ikki kun och yurdim. Shu qiyinchiliklarga chidadim. Uydagilarga “Men o‘qishga kirdim. Juda yaxshi yashayapman, yordam kerakmas”, deb yozardim.

Ulug‘ bastakorning bu so‘zlari hayotning arzimas qiyinchiliklari oldida o‘zini yo‘qotib qo‘yadigan, yo‘ldan ozadigan ayrim yoshlar uchun saboq bo‘larli, albatta.

Ba’zida Mutal Burhonovning yoshligida boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklarini o‘ylab, uning qatag‘ondan omon qolishi taqdirning bizga, yurtimizga qilgan inoyati emasmikan, deya o‘ylanib qolasan, kishi.

Endi esa milliy musiqa san’atimiz ravnaqiga benihoya katta hissa qo‘shgan bastakor ijodi haqida qisqacha so‘z yuritamiz. U talabalik davridayoq romanslar yozgan. Uyg‘un va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasiga, “Orol baliqchilari”, “Abu Ali ibn Sino”, “Samolyotlar qo‘na olmadi”, “Surayyo” filmlariga kuy bastalagan. Uning mashhur “Maftuningman” badiiy filmiga bastalagan musiqalari hali-hanuz qalblarga zavqu shavq bag‘ishlamoqda.”Alisher Navoiy qasidasi” ham musiqa san’atimizning nodir asarlari qatorida turadi.

Kompozitorning ijodiy merosida hech shubha yo‘qki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi alohida ajralib turadi. O‘zbekiston Qahramoni, shoir Abdulla Oripov so‘zi, Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan va bundan roppa–rosa 27 yil muqaddam – 1992 yilning 10 dekabrida davlatimiz Madhiyasi sifatida qabul qilingan bu bebaho asar o‘zining tantanavor, ulug‘vor ruhi, jozibasi bilan yuraklarni junbushga keltiradi. Abdulla Oripov e’tirof etganidek, Madhiyamizning ohangi musiqa asari sifatida jahondagi madhiyalar orasida eng noyoblaridan hisoblanadi.

Aytishlaricha, muallifning o‘zi ham yarim hazil, yarim chin qilib, “Men bastalagan bu Madhiya yangraganida do‘st ham, dushman ham beixtiyor o‘rnidan turib ketadi”, degan ekan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi M.Burhonov umrining so‘nggi yillarini ona shahri - Buxoroda o‘tkazdi.”1969 yil 29 yanvarida mehribon Fotima opam og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdilar. Burhonovlar avlodidan bir o‘zim qoldim”, deya o‘kinch bilan yozadi u o‘z esdaliklarida.

Ulug‘ bastakor 2002 yilning 15 iyunida, 86 yoshida vafot etdi. Ta’kidlaganimizdek, umrining oxirgi yillari Buxoro shahrida kechdi. Hozir bu yerda Mutal Burhonovning uy – muzeyi ochilgan. Qabri qadimiy shahardagi Hazrati Imom qadamjosida. Viloyat hokimligi sa’y – harakati bilan uning qabriga yangi yodgorlik monumenti o‘rnatilgan. Unda Mutal Burhonov taqdirlangan orden va unvonlar aksini, shuningdek, Madhiyaning vokal partiyasidan boshlang‘ich uchta akt tasvirini ko‘rish mumkin.

Istam IBROHIMOV

Manba: “Xalq so‘zi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Madhiyamiz bastakori yoshligida ne–ne ko‘rgiliklarni boshidan o‘tkazganini bilamizmi?