20:39 / 21.12.2019
3 285

Giyohvandlik vositalarini tashish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olindi

Giyohvandlik vositalarini tashish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olindi
Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmatining xabar berishicha, qo‘mitaning Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona majmuasi va Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining kontrabandasi fosh etildi.

Xususan, “Toshkent” xalqaro aeroportida xorijiy davlatga parvozi oldidan 4 nafar xorijiy davlat fuqarolari – M.T., S.M., Ya.A. va N.N.lar bojxona nazoratidan o‘tishi chog‘ida ularning xatti-harakatlari va bezovtalanishi bojxona xodimlari e’tiborini tortgan. Avvaliga ularning qo‘l yuklari va egnidagi kiyimlari ko‘zdan kechirilgan. Keyin esa bojxona postiga o‘rnatilgan inson tana a’zolarini skanerlovchi “Body scanning” qurilmasi orqali tekshirilganda bu yo‘lovchilarning yo‘g‘on ichak kanallarida yot jismlar borligi ma’lum bo‘lgan.

Bu shaxslar belgilangan tartibda poytaxtdagi Shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga olib kelinib, shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida 4 nafar yo‘lovchining ichki a’zolariga maxsus o‘ramlar yashirilganligi aniqlanib, chiqarib olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 4 nafar narkokurerning ichki a’zolarida jami 268 ta o‘ram ichida umumiy vazni 4 kg 152,52 gr ni tashkil etuvchi geroin giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlangan.

Yana bir tezkor tadbirda Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida ham bir narkokurer qo‘lga olingan. M.M. ismli shaxsning ichki a’zolarida 67 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 1 kg 42 grammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Shuningdek, bojxonachilar “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan S.M.ni ham tekshirishganida uning ichki a’zolariga 35 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 544,75 grammdan ortiq geroin giyohvandlik vositasi yashirilgani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng unga mazkur giyohvandlik vositalarini yetkazib bergan jinoiy sherigi, xorijiy davlat fuqarosi Q.R. ham ushlangan.

Bojxona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy og‘irligi 5 kg 739 gr dan ortiq bo‘lgan geroin va opiy giyohvandlik vositalarini ichiga yutgan holda olib o‘tmoqchi bo‘lgan jami 7 nafar narkokurer hamda mazkur jinoyatlarning asosiy tashkilotchilari bo‘lgan 3 nafar xorijiy davlat fuqarosi qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu holatlarning barchasi yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Giyohvandlik vositalarini tashish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olindi