Samsung smartfonlari endi qizib ketmaydi: Kompaniya suyuqlik bilan sovutish tizimini joriy etmoqda

Samsung kompaniyasi kelajakdagi Galaxy smartfonlariga toʻlaqonli suyuqlik bilan sovutish tizimini joriy etish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Ushbu tizim germetik kontur ichida aylanadigan maxsus suyuqlikdan foydalanadi va protsessordan issiqlikni ancha samaraliroq chetlashtiradi. Bu qurilmalarga qizib ketmasdan va chastotalarni pasaytirmasdan (trottling), uzoq vaqt davomida maksimal unumdorlikda ishlash imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Koreya manbalarining xabar berishicha, Samsung ishlab chiqarish-texnologik institutida smartfonlar uchun shunday yechimlarni ishlab chiqish bilan shugʻullanuvchi alohida jamoa shakllantirilgan. Kompaniya klassik ventilyatorli tizimlarni koʻrib chiqmayapti, chunki ular qurilma hajmini oshiradi, shovqin chiqaradi va konstruksiyani murakkablashtiradi. Buning oʻrniga muhandislar ingichka mobil qurilmalar uchun moslashtirilgan ixcham suyuqlik tizimiga eʼtibor qaratishmoqda.
Bunday texnologiyalarga qiziqish zamonaviy mobil protsessorlar quvvatining ortishi va bevosita smartfonda bajariladigan sunʼiy intellekt (AI) funksiyalarining keng tarqalishi bilan bogʻliq. Apparat platformasiga yuklama qanchalik yuqori boʻlsa, qulay harorat va barqaror unumdorlikni saqlab qolish shunchalik qiyinlashadi.
Samsung bir necha yildan buyon oʻz flagmanlarida bugʻlanish kameralarini (vapor chamber) kattalashtirish va yangi termointerfeyslar orqali sovutishni yaxshilab kelmoqda. Biroq kompaniya ichidagi mutaxassislar passiv sovutish imkoniyatlari asta-sekin yetarsiz boʻlib qolayotganini taʼkidlashmoqda. Shu sababli, kelajakdagi Galaxy smartfonlari ilk faol suyuqlik bilan sovutish tizimlariga ega boʻlishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!