Ilk seriyali MS-21-310 samolyoti namoyish etildi

Rossiyaning Boeing 737 va Airbus A320 laynerlariga muqobil sifatida ishlab chiqilgan ilk seriyali MS-21-310 samolyoti Irkutsk aviatsiya zavodining yakuniy yigʻish sexidan parvoz-sinov boʻlinmasiga oʻtkazildi. Bu qadam havo kemasi tizimlarini tekshirishni tezlashtirish va seriyali mashinalar uchun koʻzda tutilgan sinovlar majmuasini muddatidan avval boshlash imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Irkutsk aviatsiya zavodi bosh direktori Andrey Soynovning taʼkidlashicha, korxona import oʻrnini bosuvchi MS-21-310 samolyotlarini ishlab chiqarish surʼatini tasdiqlangan grafik asosida izchil oshirib bormoqda. Birinchi seriyali samolyotning sinov maydoniga oʻtkazilishi yakuniy yigʻish sexida navbatdagi mashina uchun joy boʻshatishga xizmat qiladi. Zavod kelajakda yiliga 36 ta samolyot ishlab chiqarish darajasiga chiqishni rejalashtirgan.
MS-21-310 — bu “Yakovlev” OAJ tomonidan ishlab chiqilgan yangi avlod oʻrta masofali yoʻlovchi samolyotidir. U eskirgan Tu-154 va Tu-204 modellarini, shuningdek, xorijiy Boeing 737 va Airbus A320 laynerlarini almashtirish uchun moʻljallangan. Layner 211 nafargacha yoʻlovchini sigʻdira oladi va 175 nafar yoʻlovchi bilan 3830 km masofaga uchish imkoniyatiga ega.
Ushbu havo kemasining asosiy xususiyati uning konstruksiyasida kompozit materiallarning yuqori ulushi (taxminan 40%) ekanligidir. 310-versiyaning avvalgi prototiplardan eng muhim farqi esa zamonaviy Rossiyada fuqaro aviatsiyasi uchun yaratilgan ilk PD-14 mahalliy dvigatellari bilan jihozlanganidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!