23:00 / 01.01.2018
4 483

Samimiyat samimiylikka chorlaydi

Samimiyat samimiylikka chorlaydi
Darvoqe, shunday. Samimiy aytilgan so‘z, xayrli amal odamni nafaqat to‘lqinlantiradi, balki uning qalbida shijoatni, jasoratni, ertangi kunga umidni olovlantiradi. Bu hayotda o‘z isbotini topgan gap. Albatta, o‘tgan kunni so‘kish mardning ishi emas. Lekin hayotda bo‘layotgan o‘zgarishlarni tan olmaslik ham vijdondan emas. Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishlarini qoldirmay kuzatib borayotirman. Ayniqsa, ijod ahliga, yozuvchilarga ko‘rsatayotgan e’tiborini ko‘rib, boshim osmonga yetdi.

Shu yilning 3 avgustida ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvda Prezident shunday kuyinib gapirdiki, u kishining qiyofasida men haqiqiy vatanparvar, millatparvar bir xalq farzandining siymosini ko‘rdim. Poytaxtda Adiblar xiyobonining barpo etilayotgani va u yerda adabiyotimizning buyuk namoyondalariga bag‘ishlab yodgorlik majmualari o‘rnatilishi rejalashtirilayotgani, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijonda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Namanganda Ibrat domla, Nukusda Ibroyim Yusupovlar xotiralari abadiylashtirilganligi, yozuvchilarga imtiyozli kvartiralar, yurtimizning eng so‘lim maskanlari - Parkent va Zominda ijod uylarining qurilishiga kirishish aynan shu uchrashuvdan so‘ng boshlandi. Men ishonamanki, yaqin kunlarda xalqimizga tuhfa etiladigan o‘sha muhtasham xiyobonda Fitrat, Cho‘lpop, Qodiriy, Usmon Nosir, Behbudiy kabi millatimizning haqiqiy mard va fidoiy farzandlari xotiralari ham abadiylashtiriladi.

Adabiyot yashasa, millat yashaydi, degan edi Cho‘lpon. Bugun adabiyotga ko‘rsatilayotgan e’tiborga men millatning qadrini ulug‘lashga chog‘lanish, deb qarayman. Biz ko‘p mahallar jamiyatimizdagi kamchiliklarni ochiqchasiga haspo‘shlab keldik. Ba’zan baxona qidirdik, gohida esa “bu hal kilib bo‘lmaydigan masala” deya keskin rad etdik. Aslida esa o‘sha qo‘l siltalgan muammolarning ko‘pchiligi milliy ahamiyatga doxil edi.

Prezident shu yilning 13 sentyabrida kitob maxsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib kilish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu muammo ham uzoq yillar sudralib "hal qilib bo‘lmas" masalaga aylangandi. Bechora yozuvchi qo‘lyozmasini qo‘ltiqlab nashriyotma nashriyot yugirib sochi oqarardi. Yoki “Ilxom”fondini oling. Buyam ijodkorlarga bir qanot bo‘ldi.

Men 80-yillarda gazetalardan biriga bergan suhbatimda "inson shaxsiyatiga mehr berish kerak" degan ekanman. Haqikatan ham odamlarga mehr-muhabbatli bo‘lish, ularning dardu o‘yi bilan yashash diyonatli, vijdoni pok odamning ishi. O‘zingiz bir o‘ylang, qaysi zamonda davlat rahbari odamlar sog‘ligi, tinchligu xotirjamligini o‘ylab ustma-ust yig‘ilish o‘tkazgan, kuyib-pishgan. Elning dardu g‘amiga bunchalar yaqin bo‘lgan. Turmalarda azob chekib yotgan uch mingga yakin mazlumni afv etish uchun odamning yuragi, qalbi qanaqa bo‘lishi kerak... . Buni mard odamlargina tan oladi.

Prezident ish boshlagan kunidan adolatni tiklash haqida tinmay gapirmoqda. Eng ma’qul tomoni gapining ustidan chiqmokda. Odamlarning ichiga kirib, ularning dardu g‘amiga, xurramchiligiga sherik bo‘lmokda. So‘z bilan amal bir joydan chiqmoqda. Hayotdagi bugungi o‘zgarishlar, xalqchil harakatlar, albatta, o‘z samarasini beradi. Men bunga ishonaman.
Shukrullo,
O‘zbekiston xalq shoiri.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Samimiyat samimiylikka chorlaydi