03:00 / 12.05.2019
3 556

Yaratganga yukunish…

Yaratganga yukunish…
Hayotda kino jinnisimasman. Ammo bir qiziqsam oxirigacha ko‘rmasam hovurim bosilmaydi. «Zo‘r TV»da efirga berilayotgan «Ertug‘rul» serialini xalqimizning aksar qismi sevib ko‘rayotgani ham ayni haqiqat. Bu serial efirga berilishni boshlaganida bir necha yaqin insonim ko‘rishni tavsiya qilganida ham qiziqmagan edim. Sababi, yuqorida aytganimdek, kino ko‘rishga, ayniqsa, real hayotga to‘g‘ri kelmaydiganlarini ko‘rishga toqatim yo‘q.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, «Ertug‘rul»ning «Zo‘r TV»dagi deyarli 50-seriyasi davom etayotgan bir vaqtda ham bu serialga qiziqish bildirmagandim. Bu tarixiy shaxs aslida kim ekanligiga bo‘lgan qiziqish sababli serialni adashmasam 2-3 seriyasini ko‘rdim-u, bog‘landim, qoldim. Nega bilasizmi? «Ertug‘rul» obrazida dini, xalqi, haqiqat uchun kurashadigan haqiqiy erkakni ko‘rdim. To‘g‘ri, bir vaqtlar «Qashqirlar makoni» yoki turli tarixiy koreys seriallarini ham ko‘rganmiz.

Ko‘rganda ham astoydil tomosha qilgan vaqtlarimiz bo‘lgan, biroq o‘sha seriallar qancha cho‘zilsa shuncha me’daga tegishni boshlar edi. Yo tezroq tugasin, der edik yoki tomoshani yig‘ishtirib qo‘yardik. Sababi, garchi tarixiy bo‘lsa-da ularning aksari hayotdan uzoq voqealar edi yoki bizning mentalitet va dinimizga to‘g‘ri kelmasdi. «Ertug‘rul»da ham ayrim sahnalarga ishonch bildirilmasligi mumkin, xususan, bosh qahramon zaharlanib, vafot etadi, biroq bir olim insonning masofadan turib qilgan duosi sababli hayotga qaytadi.

Ko‘rinishidan real hayotga to‘g‘ri kelmasligi mumkin, ammo biz musulmonmiz, musulmonlar duoning kuchiga ishonadi. Ayrim kinolarda sehr bilan insonlar tirilib ketayotganini ko‘rib turibmiz-ku, duo bilan hayotga qaytsa buning nimasi yomon? Farzandlarimiz sehrga ishongani ma’qulmi yo duoning kuchiga?! Allohning buyukligigami yoki o‘zimizga o‘xshagan bandalarning ko‘z bo‘yamachiligiga?

Serial davomida boshiga qilich kelgan musulmonlarning deyarli 99 foizi shahodat kalimasini qaytarib, o‘limga tayyorlanyapti. Yoki qilichdan zarba yeb, vafot etishi aniq bo‘lgan musulmonlar ham tilidan kalimani qo‘ymayapti. Endi bizning kino yoki seriallarni ko‘ring va e’tibor qarating. Ochig‘i, men bizning kino yoki seriallarda bunday sahnalarga ko‘zim tushmagan, balki bordir, ko‘rmagandirman. Ammo esimni tanibmanki, kattalar shunday o‘rgatishgan: «Oxirgi so‘zing shahodat kalimasi bo‘lsin».

Kino va seriallar bizning xalqqa qanchalik tez ta’sir qilishi bugun hech kimga sir emas. Shunday ekan, keling aziz kinoijodkorlar, faqat «sevdim, kuydim, boy ekan, kambag‘al ekanlarni» emas, so‘nggi so‘z shahodat kalimasi bo‘ladigan sahnalarga ko‘proq va jiddiyroq e’tibor qaratinglar. Zero, hammamizning boshimizda o‘lim bor va barchamiz so‘nggi so‘zimiz shahodat kalimasi bo‘lishini xohlaymiz!

Ertug‘rul va uning ovuli Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston hududidan ko‘chib ketgan turkiy qavmdir. Qaysidir ma’noda ular ham o‘zbek. Shu bois, serialda namoyish qilingan ayrim sahnalar o‘zbekligimizga juda yaqin, aslida bir xil, ammo so‘nggi yillarda bu odatlar bizni tark etib borayotgani bois yangilikdek tuyulmoqda. Jumladan, serialdagi bir sahnada Ertug‘rul farzandidan ayrilgan kelinoyisining (akasining turmush o‘rtog‘i) xolidan xabar olgani keladi. Shunda kelinoyisi jahl ohangida unga nasihat qiladi. Bu nasihatga Ertug‘rulning javobi quyidagicha bo‘ldi:

– Bu ovulning o‘z odati bor, bu ovulda erlar erligini, xotinlar xotinligini qiladi. Xotinlar er ishiga aralashsa, ovulda tartib buziladi. Men esa, tartibni buzgan xotinning gapiga quloq solmayman!

Xo‘sh, bundan 50-60 yillar muqaddam bizda ham huddi shunday odatlar hukmron emasmidi? Bu ayrimlar aytganidek, eskilikmas, haqiqiy o‘zbekona urf-odat. Aytgancha, «Ertug‘rul» serialini avvaliga «Zo‘r TV»da ko‘rib yurdim. Keyin internet saytlar orqali rus tiliga tarjima qilingan variantini tomosha qilishni boshladim. Shu tariqa «Zo‘r TV»dan ancha oldinga o‘tib ketdim (Chunki adashmasam «Zo‘r TV» bir seriani uch qismga bo‘lib ko‘rsatyapti).

Bora-bora rus tiliga tarjima qilingan variantidan ko‘ra, turk tilidagi serialarni ko‘rishni ma’qul deb bildim. Avvaliga biroz tushunarsiz bo‘ldi-yu, keyin deyarli tushunib ketdim. Kecha chorshanba oqshomida efirga uzatilgan 147-seriyadagi bir sahna haqida ham fikr bildirmoqchiman. Mo‘g‘illarning eng kuchli josuslaridan birini qopqoniga tushgan Ertug‘rulning ko‘z o‘ngida alplarini o‘ldirishdi, o‘zini esa, olib ketishdi. Mo‘g‘ul josusisi Ertug‘rulga yuzlanar ekan, «Sening ortingda buyuk bir kuch bor, u kim», deya savol bilan yuzlanadi. Ertug‘rulning javobi quyidagicha bo‘ldi: «Ha bor, Robbim!»

Bu kino, bo‘rtirilgan deyishingiz mumkin, ammo haqiqat shuki, Ertug‘rul tarixiy shaxs. Serial aynan uning hayotiy voqealariga asoslangan holda suratga olingan. Serialni ko‘rish jarayonida Ertug‘rul haqiqatparvarligini, haqiqat yo‘lida farzandi-yu, ukasini ham ayamasligini ko‘rdim. Qaror qabul qilishda o‘ylab, muhokama qilib, keyin amaliy harakatga o‘tishini guvohi bo‘ldim. Aslida mansabdorlar shunday bo‘lishi kerak. Kimgadir yon bossa adolat buziladi. Adolat buzilgan joyda haqiqat bo‘lmaydi, haqiqat yo‘q joyda yolg‘on-yashiq ko‘payadi, aldov urchidi, rivojlanish to‘xtaydi.

Ertug‘rul o‘z davrida nafaqat mo‘g‘ul va yevropaliklar, balki o‘zining davlatidagi sotqinlarga ham qarshi kurashishga majbur bo‘ladi. Maqsadi mamlakatda adolat qaror toptirish, Islomni keng yoyish edi. Maqsadi to‘g‘ri, o‘zi halol, Yaratganga suyangani uchun Alloh doim uni qo‘llab kelgan. Boshiga qilich kelganida ham Yaratgandan boshqasiga yukunmadi, oqibatda boshini olmoqchi bo‘lganlar o‘zlari bilmagan holda uni qo‘ldan chiqarishdi yoki avf etishdi. Bu oddiy haqiqat! Kimga suyansangiz U bor ekan, siz ham borsiz! Alloh buyuk, U yiqilmas, unga suyanganlar ham doim tik turadi.

Ertug‘rul halol, to‘g‘riso‘z inson bo‘lgani sababli har qanday boyonga ham tik gapirishni, haqiqatni tushuntirishni biladi. Mansabdorning jahli chiqishi mumkin, ammo gapirayotgan inson to‘g‘ri va halol bo‘lsa, gapini qabul qilmaslikni o‘ziga or deb, biladi. Hayotda ko‘p guvoh bo‘lganmiz.Mansabdorning og‘zidan chiqishga ulgurmagan gap, amalga oshiriladi, u to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, hech kimning ishi yo‘q. Biron tashkilotga ishingiz tushsa, «rahbarning buyrug‘i borda», deyishadi. «Eh, baraka topgur, o‘sha rahbar ham inson, to‘g‘ri tushuntirsang bo‘ladi-ku», desangiz, «qo‘ysang-chi» deyishadi. Shuning uchun yuraveramiz.

Ertug‘rul Syogutga hokimlik qilayotganida davlat ichidagi ayrim g‘alamislar uni rahbarlikdan chetlashtirish maqsadida tekshiruv o‘tkazadi. Ahamiyatlisi, zamonaviy til bilan aytganda bir shahar hokimining boshqaruv ishidan xato topa olmaydi. Ikkita qilichdan boshqa hech narsasi yo‘qligiga ishonishmaydi. Vaholanki, aslida ham shunday. Unda boylik ortirish imkoniyati bor, ammo maqsadi va niyati boshqa edi. Aytingchi, bunday toza va halol odam qanday qilib podshohga ham tikka gapirmasligi mumkin? Gapiradi, bemalol gapiradi. Kerak bo‘lsa biz ham gapiramiz, rahbarlarimiz ham, faqat buning uchun «toza» bo‘lishimiz shart!

Serialning qaysidir qismida Ertug‘rul bir qal’ani ishg‘ol qilganidan keyin xonaga qamalib oladida, yoniga hech kimni kiritmaslikni talab qiladi. Hatto turmush o‘rtog‘i ham Ertug‘rulning oldiga kira olmaydi. Boshi ayolini jahli chiqadi, keyin sababini so‘raydi. Xo‘sh, Ertug‘rul xonaga kirib, nima qiladi deb o‘ylaysiz? Qahramonimiz xonada yolg‘iz qolib namoz o‘qiydi, Yaratganga duo qiladi, qaysidir ma’noda suhbatlashadi. Duoning ma’nosi esa quyidagicha: «Robbim, erishayotgan yutuqlarimdan so‘ng kibrga berilishimga yo‘l qo‘yma!»

Duoning ma’nosini qarang! To‘lqinlanasiz! Mana iymon!O‘rnak oling ey, mansabdorlar!

Yuqoridagi gaplar kimlargadir erish tuyulishi mumkin, buni tabiiy ham qabul qilaman, lekin menga erish emas. Sababi, men aslida shunday bo‘lishi tarafdoriman! Erish tuyulayotganlarga hozirgi holatimiz ma’qul! Chunki ular Ertug‘rulning dushmanlari bo‘lgan insonlarning tarafdorlaridir! Ertug‘rulning yo‘li haqiqiy o‘zbekona va islomiy tarbiya va urf odatdir!
Furqatbek NIShONOV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yaratganga yukunish…