13:25 / 25.04.2018
4 983

Taomnomangizga qarab tashxis qo‘yamiz

Taomnomangizga qarab tashxis qo‘yamiz
Ma’lumki, barcha jonivorlar o‘z ozuqasini ins­tinkt orqali topish xususiyatiga ega. Bizda — insonlarda ham shunday ozuqaviy intuitsiya mavjud, ammo, afsuski, har doim ham organizmimizning bu signallariga quloq tutavermaymiz. Ovqatga nisbatan his etish instinktini qanday anglash va shakllantirishni tushunib olsangiz, o‘zingiz uchun eng yaxshi diyetolog bo‘lishingiz turgan gap. Buning uchun esa shunchaki, ishtahangizga quloq tuting va muammongiz aynan nimada ekanligini aniqlab oling.

Yog‘ surtilgan nonu serdumba go‘sht ko‘nglingizni aynitadimi?

Unda zudlikda shifokorga uchrang va UTTdan o‘ting. Chunki sizning o‘t qopingiz yallig‘langan yoki unda tosh paydo bo‘lganligi ehtimoldan xoli emas. Shuningdek, bunday holatlar virusli gepatitning yashirin turida ham namoyon bo‘ladi. Oqibatda zararlangan jigaringiz sifatsiz zardob ajrata boshlagani uchun ham yog‘li ovqatlar ko‘nglingizni aynitayotgan bo‘lishi mumkin. Chunki bunday zardob organizmga tushgan yog‘ni juda yomon parchalaydi.

Sutli bo‘tqalarga sira hushingiz yo‘qmi?

Demak, organizmingizga kalsiy yetishmaydi. Buni ishonch bilan aytishimizga sabab ayollarning deyarli 30,5-33,1 foizi aynan shu modda yetishmasligidan aziyat chekadilar. Sutli, ayniqsa, manniy yormasili bo‘tqalar organizmning ichki muhitini “achitish” orqali tish va suyaklardagi muxim mikroelementlarning ajralib chiqishiga ko‘maklashadi. Shu sababdan ham sut mahsulotlariga allergiyasi borlar, odatda, bo‘r yoki ohak g‘ajishni yaxshi ko‘radi.

Birdan shirinlikka ruju qo‘ydingizmi?

Agar bunga qadar shiraxo‘rlik sizga yot bo‘lib kelgan ekan, demakki, bu ishtiyoqning jiddiy sabablari bor. Bu shunchaki lahzalik istak emas, aksincha, sizning miyangiz “glyukoza” deb bong urayotganidan dalolatdir. Chunki qoningizda aynan ana shu modda keskin kamayib ketgan. Tezda bir piyola novvot choy ichib olsangiz, naqadar rohatlanganingizni o‘zingiz ham sezasiz.

Ba’zida quruq ±rmalar (ayniqsa, grechka)ni xomligicha yegingiz keladimi?

Sizga temir moddasi yetishmaydi. Ko‘nglingiz tortayotgan bu narsani yeyishdan uyalarsiz va yo buni bir bema’nilikka yo‘yarsiz, ammo, tushuning, zabonsiz organizmingiz bundan ortiq ishtaha ochar, ishonchli va, albatta, yeyish mumkin bo‘lgan usulni bilmaydi-da. Biroq o‘zingiz buni bilishingiz shart. Yaxshisi, bunday paytda o‘zingizni bir burda qora non va go‘sht, undan keyin esa bitta olma bilan siylang.

Xayolingizdan shokoladli tortu kremli pirojniylar ketmay qoldimi?

Kuzgi yog‘inli kunlarning boshlanishida negadir organizmda tushkunlik holati yuzaga keladi. Yog‘li va shirin pishiriqlar kishiga misli o‘tirib qolgan batareykalar kerak bo‘ladigan akkumulyator kabi zarurdir. Bosh miya katakchalari bu mahsulotlardan kuch olib, sizni quvonch gormonlari bilan oziqlantiradi.

Butun boshli oq piyoz yoki sarimsoqni paqqos tushirgingiz kelyaptimi?

Bu immunitetingiz pasayganidan dalolat. Shamollashdan ehtiyot bo‘ling. Ammo shunchaki ko‘proq go‘shtli qovurdoq yeb yuborgan bo‘lishingiz ham mumkin. Oq piyoz va sarimsoq hayvon oqsillarini tezda parchalab yuboradi.

Hatto tushingizda ham qizil mevalar yegingiz kelyaptimi?

Tezda okulistga uchrashing. Ko‘rish qobiliyatingizda muammo paydo bo‘libdi. Aynan maymunjonlar, ayniqsa, chernika A vitaminiga boy bo‘lib, ko‘rish qobiliyatini tiklashga qo‘maklashadi.

Qatiq, karam tuzlamasi, limon, anor va boshqa nordon sharbatlarni yoqtirmasangiz…

Demak, oshqozon kislotasi oshib ketgan. Aksincha, ko‘nglingiz faqat shu narsalarni tusasa, demak, pasaygan.

Agar ayol kishi yog‘li, o‘tkir soya qo‘shilgan qaylalaru yong‘oq yeyishga mukkasidan ketgan ekan, demak, uning tuxumdonlarida gormon ajralib chiqish miqdori pasayib ketgan. Buning boisi esa charchoq va stresslardir.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Taomnomangizga qarab tashxis qo‘yamiz