O‘zbekistonda biznesni rejadan tashqari tekshirishning barcha turlari bekor qilindi

  • 03 yanvar 2017, 14:04
  • 5 096
  • O‘zbekiston
  • O‘zbekistonda biznesni rejadan tashqari tekshirishning barcha turlari bekor qilindi

    O‘zbekistonda 2017 yilning 1 yanvaridan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishning (yuridik shaxsning chetlatilishidan tashqari) barcha turlari bekor qilindi.

    O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining 2016 yil 29 dekabridagi «Tadbirkorlik faoliyatining tezkorlik bilan rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish hamda ishbilarmonlik muhitini sifatli takomillashtirish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ba’zi qonunchilik hujjatlariga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 418-sonli qonuniga muvofiq mamlakatning Soliq kodeksiga soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibiga doir o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozadi Kun.uz.

    Kodeksdagi o‘zgarishlar 2017 yilning 1 yanvaridan kuchga kirdi. Yangi tahrirga ko‘ra, soliq to‘lovchilarga nisbatan ikki turdagi soliq tekshiruvi o‘tkaziladi: rejaga muvofiq va rejadan tashqari.

    Rejaga muvofiq o‘tkaziladigan tekshiruvlar – nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan tekshiruvlar rejasi asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar.

    Rejadan tashqari tekshiruvlar – yuridik shaxsning chetlatilishi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilishiga doir murojaatlari asosida, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ qarori bilan o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlar.

    Shuningdek rejadan tashqari soliq tekshiruvlarini o‘tkazish asoslariga muayyan to‘g‘irlashlar kiritilgan.

    Bundan tashqari, Soliq kodeksiga javob tekshiruvlarning bekor qilinishi bilan bog‘liq tahrirlar ham kiritilgan.

    O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiev oktyabr oyida Toshkent shahrida tadbirkorlar oldida chiqish qilarkan, turli sabablar bilan o‘tkazilgan va aksariyat hollarda asossiz bo‘lgan tekshiruvlar mamlakatdagi biznes rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini tan oldi.

    RIA Novosti’ning DSQ ma’lumotlariga asosan xabar berishicha, O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 4 ming rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazilgan bo‘lib, taxminan 200 korxonaning faoliyati to‘xtatilgan. Bundan kelgan umumiy zarar esa yiliga deyarli 10 million dollarni tashkil qilgan.

    Parpiev endilikda soliq organlari xodimlarining farmonni ijro etishlarini shaxsan nazoratga olishi, hujjatlarni prokuraturaga yuborishi va qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini talab qilishi haqida ma’lum qilgan.

    Sputnik nashrining respublika Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga asosan xabar berishicha, 2015 yilda huquqni muhofaza qilish organlarining taxminan 100 xodimi tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashgani uchun javobgarlikka tortilgan.

    » » O‘zbekistonda biznesni rejadan tashqari tekshirishning barcha turlari bekor qilindi