18:20 / 20.01.2018
5 004

Inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlaydigan hujjat

Inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlaydigan hujjat
Davlat organlariga ishimiz tushganida turlicha ma’muriy tartib-taomillarga, har xil talablar belgilanganiga duch kelamiz. Ularning ayrimlarida sansolarlik va hujjatbozlik kabi kayfiyatimizga salbiy ta’sir qiluvchi holatlar ham uchrab turadi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda inson manfaatlariga xizmat qiluvchi qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.

Shunday hujjatlardan biri – “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni shu yil 9 yanvarda matbuotda e’lon qilindi. Qonun 7 bob, 88 moddadan iborat bo‘lib, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.

Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan g‘oyani hayotga to‘liq tatbiq etishda qonun muhim o‘rin tutadi. Zero, qonunning maqsadi – ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.

Qonun ma’muriy organlarning manfaatdor shaxslariga nisbatan ularning ma’muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan, litsenziya, ruxsat berish, ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartib-taomillarga, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, davlat xizmatini o‘tash, referendumlar, saylovlar o‘tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek, tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmasligi alohida belgilab qo‘yildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu qonunning qo‘llanilish sohasiga kiruvchi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ma’lumki, har bir sohaning xususiyatidan kelib chiqqan holda, ma’muriy tartib-taomillarini tartibga soluvchi maxsus qonun hujjati mavjud. Shuning uchun ham ushbu qonunda munosabatlar maxsus ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu qonun normalari qo‘llaniladi, deb belgilab qo‘yildi.

Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, soha va tarmoqlarga oid o‘ziga xoslikni hamda yillar mobaynida o‘zini oqlagan tizimni beqarorlashtirmaslikdir.

Qonunning eng muhim jihatlari 5-moddada ifodalangan 13 asosiy prinsipda o‘z aksini topgan. Bunga mutanosiblik, ishonchlilik, tinglanish imkoniyatining mavjudligi, manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi, byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligi, mazmunan qamrab olish, ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi, ishonchning himoya qilinishi kabilar kiradi.

Xalqimiz tomonidan ushbu asosiy prinsiplar mazmun-mohiyatini chuqur o‘zlashtirib olish ularning davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan munosabatlarda o‘z haq-huquqlarini samarali himoya qila olishlariga, ortiqcha ovoragarchilik va sarsongarchilikka barham berishda muhim rol o‘ynaydi.

Hayotimizda shunday holatlar ham kuzatiladiki, mutasaddi organlarga taqdim etilgan hujjat qonunda belgilanmagan bo‘lsa-da, qo‘shimcha tasdiqlatib kelish talabi qo‘yiladi. Bu kishining sarson bo‘lishiga olib keladi. O‘z navbatida, bu fuqaroga nisbatan “ishonchsizlik”ni anglatadi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qonunda taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar aksi isbotlanmaguniga qadar ishonchli hisoblanadi, deb belgilab qo‘yildi.

Hujjatning haqiqiyligiga shubha paydo bo‘lgan taqdirda ma’muriy organ ularning ishonchliligini mustaqil ravishda va o‘z hisobidan tekshirish uchun choralar ko‘rishi kerak. Ya’ni asossiz gumonlar asosida shaxsni ovora qilishga chek qo‘yiladi.

Qonunda taqdim etilgan hujjatlarning yoki ma’lumotlarning ishonchliligini tasdiqlovchi qo‘shimcha materiallar talab qilish, agar qonunda bunday talab belgilanmagan bo‘lsa, taqiqlanishi mustahkamlab qo‘yildi.

Qonun hujjatlarining bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklari va noaniqliklari manfaatdor shaxslar foydasiga talqin qilinishi ham, ta’bir joiz bo‘lsa, inqilobiy yangilikdir. Chunki inson manfaatlari unga bog‘liq bo‘lmagan holatlar, boshqalarning xato va kamchiliklari tufayli aziyat chekmasligi lozim.

Manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlab qo‘yildi.

Ma’muriy organlar manfaatdor shaxslarga ilgari ushbu shaxslar tomonidan boshqa harakatlar doirasida bajarilgan talablarni qo‘yishga haqli emas. Agar ma’muriy organga taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar ma’nosiga ko‘ra boshqa zarur hujjatlar mazmunini o‘z ichiga olsa, ushbu hujjatlar qo‘shimcha yoki alohida tarzda talab qilinishi mumkin emas. Soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, davlat organiga ilgari biron bir hujjatni taqdim etgan bo‘lsangiz, u sizdan yangi murojaatingizda yana shu hujjatni talab qilishga haqli emas.

Shuningdek, shaxsni ovora qilib, kerak ma’lumot taqdim etilsa-da, uni qo‘shimcha yoki alohida tarzda talab qilinishi mumkin emasligi mustahkamlandi. Qayd etish joizki, bularning barchasi byurokratiya ildiziga bolta urishga, hujjatbozlik, sarsongarchilikka nuqta qo‘yishga xizmat qiladigan normalardir.

Ba’zan shunday holatlar ham bo‘ladiki, u yoki bu tashkilotga ishga kirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun bir to‘da hujjatlar, bir qator idoralardan ruxsat, ayrim shifoxonalardan ma’lumotnomalar talab qilinadi. Qonunda ana shunday holatlarga bundan keyin chek qo‘yish, odamlarning uzog‘ini yaqin qilish maqsadida ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Qonun hujjatlarida ayrim masalalarni hal etish vakolatli organlarning o‘z ixtiyoriga berilganligiga guvoh bo‘lamiz. Biroq organlar mazkur ma’muriy ixtiyoriylikni qonun hujjatlarida ko‘zlangan maqsad va doirada amalga oshirishi lozimligi haqida aniq, ravshan talab belgilanmagan edi. Mazkur qonunda ushbu huquqiy bo‘shliq to‘ldirilib, ma’muriy organ ma’muriy ixtiyoriylikni qonun hujjatlarida belgilangan doirada amalga oshirishi shartligi, ma’muriy ixtiyoriylik asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatlar va amalga oshirilgan ma’muriy harakatlar ushbu vakolatning maqsadiga mos kelishi kerak, degan qoida o‘rnatildi. Bu turli suiiste’molchiliklarning oldini olish, ixtiyoriy masalalarni turlicha talqin qilishlarga o‘ziga xos cheklov bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun inson huquq va erkinliklarini amalga oshirishda, tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini ta’minlashda, mavjud ma’muriy to‘siqlar, sansolarlik va hujjatbozlik ko‘rinishlariga barham berishda mustahkam qonuniy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Miravzal Mirakulov,
yuridik fanlari doktori, dotsent.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlaydigan hujjat