Toshkentda Rossiyaning yana bir universiteti filiali tashkil etiladi

  • 01 yanvar 2019, 12:35
  • 2 398
  • O‘zbekiston
  • Toshkentda Rossiyaning yana bir universiteti filiali tashkil etiladi
    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Astraxan davlat texnika universiteti (Baliq xo‘jaligi, biologiya va tabiatdan foydalanish instituti)ning Toshkent filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

    Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi va Astraxan davlat texnika universitetining (Rossiya Federatsiyasi) Qibray shahrida (Toshkent viloyati) Astraxan davlat texnika universiteti (Baliq xo‘jaligi, biologiya va tabiatdan foydalanish instituti)ning filialini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

    Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

    baliqchilik tarmog‘i ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarish va eng muhim ilmiy-tadqiqot vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash;

    akvakulturani rivojlantirish, tabiiy va sun’iy suv havzalaridan oqilona foydalanish, baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, shuningdek, baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish, baliqlarni parvarishlash, inkubatsiyalash, oziqlantirish, tovar baliq yetishtirish, xorij texnologiyasi asosida sovuq suvda yashovchi baliqlarni iqlim sharoitimizga moslashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va takomillashtirish;

    Rossiya Federatsiyasi Astraxan davlat texnika universitetining boy tajribasidan foydalangan holda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirish;

    innovatsion va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish, shu jumladan qafas (sadok) usulida, yopiq suv ta’minoti qurilmalarida baliq yetishtirish, sun’iy suv havzalari hosildorligini oshirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish;

    o‘quv rejasi va fan dasturlarida soha bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurs tejamkor ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish, ta’lim berish jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash orqali bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;

    zamonaviy texnologiyalarga oid yangi bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirishni hisobga olgan holda talabalarni o‘qitishning ilg‘or usullarini ishlab chiqish va o‘quv jarayoniga joriy etish;

    professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etishda hamkorlikni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish.

    Belgilab qo‘yilishicha:

    Filial oliy ta’lim muassasasi - yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan notijorat tashkilot shaklidagi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi;

    Filial Astraxan davlat texnika universiteti (Baliq xo‘jaligi, biologiya va tabiatdan foydalanish instituti)ning (Rossiya Federatsiyasi) alohida bo‘linmasi sifatida kadrlarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda, bosh muassasa bilan kelishilgan o‘qitishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi, shu jumladan, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydi;

    Filialning ta’lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi;

    Filialga qabul kvotasi manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, bosh muassasa bilan kelishilgan holda tayyorlangan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining asoslantirilgan takliflari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi;

    Filialda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini e’tiborga olgan holda bosh muassasa tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi;

    abituriyentlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarining attestatsiyasi bosh muassasa tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talab, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

    Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Astraxan davlat texnika universiteti (Baliq xo‘jaligi, biologiya va tabiatdan foydalanish instituti)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

    Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy
    va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:

    Toshkent viloyati Qibray tumani, Qoramurt ko‘chasi 1-uyda joylashgan Qibray Moliya-iqtisod kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududlari bilan birga Filialga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;

    Filial bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlari tugallangunga qadar, uni vaqtincha Toshkent davlat agrar universitetining Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi, 2-uy manzilidagi o‘quv binolariga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

    Belgilab qo‘yilishicha:

    Filial faoliyatini moliyalashtirish:

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga talabalarni, lekin Filialga ta’lim olish uchun qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq bo‘lmagan holda, davlat granti asosida o‘qitishga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

    talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallaridan Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari;

    xalqaro moliya institutlari grantlari;

    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

    Filialning dastlabki faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar (mebel, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalari xarid qilish) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Toshkentda Rossiyaning yana bir universiteti filiali tashkil etiladi