07:47 / 17.06.2019
3 008

Bangladesh Prezidenti​: “Buxoro yuragimni zabt etdi”

Bangladesh Prezidenti​: “Buxoro yuragimni zabt etdi”
16 iyunda mamlakatimizga tashrif buyurgan Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti Muhammad Abdul Hamid yurtimizga safari doirasida Buxoroda bo‘ldi.

U tashrif yakunida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiriga o‘z taassurotlari haqida gapirib berdi:

– 15 iyun kuni Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha xalqaro kengashning beshinchi sammiti yig‘ilishi doirasida mamlakatingiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdim.

Muloqot juda samarali va ishchanlik ruhida o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo hamda madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildik. Aslini olganda, mamlakatlarimizning do‘stlik va hamkorlik munosabatlari ko‘p asrlik tarixga ega. Biz yangi O‘zbekiston bilan xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan aloqalarni yuqori sifat bosqichiga ko‘tarishga harakat qilamiz.

Prezidentingiz Dushanbedagi uchrashuvimiz yakunida meni O‘zbekistonga taklif qildi. Bu meni juda xursand qildi.

Safarimni nima uchun Buxorodan boshlaganim xususida to‘xtalib o‘tsam. Bangladeshda O‘zbekistonni, uning jahon tamadduniga katta hissa qo‘shgan tarixiy shaharlarini juda yaxshi bilishadi. Ayniqsa, buyuk muhaddis Imom Buxoriy tavallud topgan va musulmon olamida mashhur Naqshbandiya tariqati asoschilaridan biri ajdodingiz Bahouddin Naqshband voyaga yetgan Buxoro sharifga muhabbatimiz baland. Shuning uchun hozir ana shu qutlug‘ yurtdaman.

Avvalo, meni yuksak darajada kutib olishgani uchun minnatdorman. Men va hamrohlarim Buxoroning Labi Hovuz, Poyi Kalon majmualari bilan tanishdik. Qadimiy Ark qal’asida saqlanayotgan sharif shahringizning boy o‘tmish tarixiga doir ma’lumotlardan xabardor bo‘ldik. Bularning barchasi kishini hayratga soladi. Buxoro bamisli ertakdagi shahar.

Qadimiy me’moriy yodgorliklaringiz mo‘’jizaning o‘zginasi. Ular asl holicha saqlab qolinayotgani juda havasli. Bu xalqingiz o‘z milliy qadriyatini asrashga naqadar e’tibor berayotganining amaliy dalili. Men dunyoning juda ko‘plab tarixiy shaharlarida bo‘lganman. Lekin ular orasida eng jozibali va mahobatlisi Buxoro bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Xullas, Buxoro mening yuragimni zabt edi.

Yana bir narsani ta’kidlamoqchiman. Safarimiz nihoyasida Bahouddin Naqshband yodgorligini ziyorat qildik. Bu yerda bo‘lgan kishi o‘zini ruhan yengil his qilar ekan.

Erkin YoDGOROV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bangladesh Prezidenti​: “Buxoro yuragimni zabt etdi”