16:22 / 21.03.2018
4 716

Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini Navro‘z bilan tabrikladi (video)

Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini Navro‘z bilan tabrikladi (video)
Bugun, 21 mart kuni respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab Navro‘z bayrami keng nishonlanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan bayram saylida ishtirok etdi va o‘zbek xalqini Navro‘z umumxalq bayrami bilan tabrikladi.

«Dalalarimizda, uzoq-uzoq qishloqlarimizda xalqimiz Navro‘zi olamni, uyg‘onish, yasharish bayramini katta tantana bilan kutib olmoqda. Albatta, jonajon vatanimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, qabul qilgan strategiyamizning eng katta ma’no-mazmuni shu xalqimizni rozi qilishdir.

Bugun albatta bayramni katta sayil tarzida o‘tkazganimiz bejiz emas. Qishdan chiqqan xalqimiz bahoriy bayramni katta xursandchilik, shukronalik bilan kutib olmoqda.

Viloyatlarimizni aylanib chiqqanimizda oqsoqollarimiz, munis onalarimiz, singillarimiz, farzandlarimizning kayfiyatlari hammamizga kuch bag‘ishladi.

Dehqonlarimiz, chigit qadayotgan fermerlarimiz, dalalarda ishlayotgan mehnatkashlarimizga qut-baraka tilaymiz. Ularning qilgan duolari yurtimizga to‘kin-sochinlik olib kelsin.

Jonajon vatanimizda ko‘p millatli xalqimiz millatidan, tilidan, dinidan qat’i nazar bir oila bo‘lib yashamoqda. Iloyim ko‘z tegmasin, iloyim xalqimizning hamma niyatlari amalga oshsin, xalqimizning eng katta maqsadi - yurtimizda tinchlik bo‘lsin, yurtimizga ko‘z tegmasin. Yana bir marta sizlarni Navro‘zi olam bilan tabriklayman. Salomat bo‘linglar!», dedi prezident.

«O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirda prezidentga bosh vazir Abdulla Aripov hamda hukumat a’zolari hamrohlik qilmoqda. Ko‘rgazmalar majmuasida har bir viloyat o‘z stendini namoyish etmoqda. Tadbirda ishtirok etish uchun xorijlik mehmonlar, respublika faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar taklif etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini Navro‘z bilan tabrikladi (video)