G‘alaba o‘z nomi bilan g‘alaba…

  • 10 yanvar 2019, 22:53
  • 1 112
  • Sport
  • G‘alaba o‘z nomi bilan g‘alaba…
    Hozirda keng jamoatchilik vakillari O‘zbekiston – Ummon o‘rtasidagi o‘yinni tahlil qilishayotgan bo‘lsa ajab emas. O‘yindan oldin terma jamoamizning g‘alaba qozonishini hamma kutayotgandi va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. Buning uchun Yaratgan shukrlar aytamiz. Osiyo Kubogi kutilmagan natijalar bilan boshlangani bois terma jamoamizning mazkur uchrashuvidan oldin ham bizda qandaydir xavotirlar yo‘q emas edi. Mana, endi biroz yengil tin olsak bo‘ladi. Lekin o‘yinni hamma ko‘rdi, biz uchun qanchalik qiyin bo‘lganini. Xayriyatki, kutilmagan natijalar bilan boshlangan jarayon bizni chetlab o‘tdi va jamoamiz uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Eng muhimi ham shu.

    Agarda kecha terma jamoamiz zo‘r o‘ynab g‘alaba qozona olmaganida nima qilgan bo‘lardik yoki hozir qanday ahvolda qolardik? O‘z-o‘zidan imkoniyatlarimiz pasayib ketishi muqarrar edi. Lekin endi bunday emas. Axir kecha O‘zbekiston yutdi, qanday o‘ynadi, kim o‘ynadi, nima qildi yoki kim xato qildi, bular o‘yinning bir qismi hisoblanadi. Fakt shuki, kecha Ektor Kuper va uning jamoasi Ummonni mag‘lub eta oldi. Shu bois ushbu maqolani kecha darhol o‘yindan keyin shosha-pisha yozishni istamagandim. Avval kechagi o‘yindagi asablarni joyiga keltirib olib, chuqur tahlilni amalga oshirgach, bafurja yozishni istadim.

    Butun O‘zbekiston o‘yinni ko‘rdi. Tabiiyki, g‘alabadan vatandoshlarimiz bizga tabriknoma bitilgan xabarlarni yuborishyapti. Hammaning fikri bor, ammo aksariyati juda qiynalganimizni yozsa, yana ayrimlari aqlli o‘ynashganini, ba’zilar esa faqat omad biz tomonda bo‘lganini yozishmoqda. Endi bevosita o‘yinning «ichiga» kiradigan bo‘lsak, darhaqiqat Ummon oddiy raqib emasligini bizga ko‘rsatib qo‘ydi. Aslida vaziyat qanday edi? Ummon bosh murabbiyi gollandiyalik Pim Verbek terma jamoamiz va uning bosh murabbiyi Kuperga yuqori baho bergan.

    Chunki u o‘z hamkasbining nimalarga qodirligini yaxshi bilardi. Shu bois ular biz bilan uchrashuvga haddan ortiq yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishgan. Ular ushbu uchrashuvda favorit O‘zbekiston ekanligini yaxshi bilishardi. Natijada munosib qarshilik ko‘rsatish uchun ham ular biz bilan uchrashuvda o‘zlarining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga harakat qilishdi. Chindan ham uchrashuv davomida Verbek o‘z jamoasini o‘yinga munosib tayyorlagani ko‘rinib turdi. Ummonning o‘yinida murabbiyning imzosi ko‘rindi, buni tan olishimiz kerak. Darvozamiz oldida golga tortadigan imkoniyatlarni yaratishdi. Ammo Ignatiy Nesterovning joni sog‘ bo‘lsin, u bizning xaloskorimizga aylandi. O‘tkazib yuborilgan golda esa avvalo himoyachilarimiz nazorat qila olishmadi.

    Biz nima uchun kechagi uchrashuvda qiyinchiliklarga duch keldik? Avvalo raqib bizga kuchli o‘yin taklif etdi. Biz bunga tayyor emasdik deya olmayman, shunchaki, biz bu o‘yingacha nazorat uchrashuvini o‘tkazmadik. Natijada futbolchilar dastlabki rasmiy bellashuvda o‘z o‘yinlarini topib olishi qiyinroq kechdi. Ektor Kuper esa hammasini reja bo‘yicha bajaryapti. Ya’ni, uning tanlovi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilmadi, ammo bu endi muhim masala emas. Biz uchrashuvdagi ikkita golni ham individual mahorat evaziga kiritdik. Dastlab Odil Ahmedov standart vaziyatdan ajoyib golni urdi. O‘yin oxirida esa Ikrom Aliboyev bilan Eldor Shomurodov Ummon himoyachilarini parchalab tashladi.

    Ayniqsa, Shomurodov shu qadar sovuqqonlik bilan o‘ynadiki, mana sizga Rossiya chempionatining saviyasi. Bu narsa Eldorga juda yaxshi foyda bo‘lganini aynan Ummon darvozasiga kiritgan golida yaqqol namoyon bo‘ldi. Rostini aytganda, Shomurodov o‘sha goli bilan Kuperni ham, jamoamizni ham qutqarib qoldi. Lekin shu o‘rinda bosh murabbiyning topqirligiga ham qoyil qolish kerak. U aynan uchrashuv oxirlarida Shomurodovni zaxiradan maydonga tushirdi, gol urib g‘alabani ta’minlab berishi uchun. Futbolchi esa bu ishni a’lo darajada uddaladi.

    Ko‘pchilik Shomurodovni asosiy tarkibda maydonga tushirish kerak edi deb hisoblayapti. Balki u boshlang‘ich tarkibda maydonga tushganida shunday foyda keltira olarmidi? Balki Kuper hammasini oldindan bilgani va Eldorni mana shunday tarzda yordam berishini sezgani uchun asosiy tarkibga kiritmagandir. Bu uning ishi. Shuningdek, boshlang‘ich tarkib va taktika masalasida ham bahs-munozaralar bo‘ldi. Ammo murabbiyning ishiga aralashmaymiz, natijaga u javob beradi. O‘yin oxirlarida Krimetsning qizil kartochka tufayli maydondan chetlatilgani kelsak, u jamoamizni qutqardi. Agarda o‘sha vaziyatda raqib o‘yinchisi undan o‘tib ketganida bilmadim, nima bo‘lardi? U oxirgi chorani ko‘rdi va to‘g‘ri qildi.

    Qisqasi, kecha yutdik, demak hammasi to‘g‘ri bo‘lgan ekan deyish ham mumkin. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, bir qancha faktorlar ham shu kuni bizning foydamizga ishladi. Avvalo omad biz tomonda bo‘ldi. Agarda Yaponiya bilan birinchi turda to‘qnash kelganimizda nima bo‘lardi degan savol tug‘iladi. Lekin kecha yaponlar qo‘shnimiz Turkmanistonni zo‘rg‘a yutishdi. Ochig‘i, Yaponiya o‘z kuchini u qadar ko‘rsata olmadi. Biz esa Ummon to‘sig‘idan o‘tdik va endi Turkmanistonni ham yutib olsak guruhdagi oxirgi uchrashuvgacha futbolchilarimiz o‘z o‘yinlarini ancha tartibga keltirib olishadi. Ishoning, O‘zbekiston o‘yindan-o‘yinga kuchayib boraveradi. Kuper hammasini reja bo‘yicha bajaryapti va nazorat qilib boryapti. G‘alaba baribir o‘z nomi bilan g‘alaba-da…
    Shuhratbek Jo‘rayev

    Manba: Sports.uz

    » » G‘alaba o‘z nomi bilan g‘alaba…