Dubay safari. Bugun Turkmaniston sinovidan o‘ta olamizmi?

  • 13 yanvar 2019, 19:52
  • 540
  • Sport
  • Dubay safari. Bugun Turkmaniston sinovidan o‘ta olamizmi?
    Turkmaniston terma jamoasi Yaponiyaga qarshi qanday o‘yin ko‘rsatganini hammamiz yaxshi bilamiz. Qo‘shimchasiga Ektor Kuper shogirdlari Ummon bilan qanday o‘ynaganini ham ko‘rdik. Bu ikki o‘yin bir bo‘lib shunday xulosa beradi - bugun bo‘ladigan bahsda O‘zbekiston yaqqol favorit emas. Ba’zilar esa buning aksini tasdiqlasa ham ajablanmaymiz. Shunday davrlarga ham yetib keldik.

    Bugun O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida Yegor Krimets maydonga tusha olmaydi. Ammo buni katta yo‘qotish, deb aytadigan ko‘p topilmasa kerak. Doston Tursunov va Islom To‘xtaxo‘jayev bor joyda Krimets ko‘p eslanmasligi turgan gap. Ammo hozir bizni qiziqtiradigan masala butkul boshqa - Turkmaniston bilan qanday o‘yin bo‘ladi?

    Ektor Kuper kecha matbuot anjumani vaqtida hujumkor futbol bo‘lishiga ishora qilib o‘tdi. Ammo argentinalik murabbiy Ummon bilan ham hujumda o‘ynashga qaror qilgandi, shunchaki raqib bunga imkon bermagan. Takrorlayman, bu - yana o‘sha murabbiyning gapi. Ishqilib, bu safar Kuperning taktikasi o‘xshasin.
    Biz esa hozir faqat bir narsani aniq aytishimiz mumkin - jamoa futbolchilarida kayfiyat juda yaxshi. O‘FA ushbu musobaqada yaxshi siyosatni yo‘lga qo‘ydi -har bir g‘alabadan so‘ng mukofot puli beriladi. Masalan, Ummon ustidan qozonilgan g‘alaba uchun ertasigayoq mukofot puli tarqatildi. Bu ham albatta qo‘shimcha motivatsiya berishi turgan gap.

    Xullas, shunday gaplar. Birozdan so‘ng stadion sari yo‘lga chiqamiz va barcha yangiliklarni uzatib turishni rejalashtirganmiz.
    Zafar QOSIMOV

    Manba: www.uff.uz

    » » Dubay safari. Bugun Turkmaniston sinovidan o‘ta olamizmi?