06:33 / 09.06.2019
2 137

O‘zbekiston terma jamoasi yig‘ini haqida (tahlil)

O‘zbekiston terma jamoasi yig‘ini haqida (tahlil)
O‘zbekiston terma jamoasining davom etayotgan mazkur yig‘ini dastlabki tahliliy xulosalari bilan tanishtiramiz.
Mazkur yig‘in Ektor Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi rulidagi oltinchisi sifatida qayd etilmoqda. Kuper dastlab o‘tgan yili sentbyar, oktyabr, noyabr va dekabr oylarida yig‘in o‘tkazgan. So‘ngra terma jamoamiz qishda BAAda o‘tgan Osiyo Kubogida ishtirok etgandi.

Joriy yil esa mart oyida Xitoyda o‘tkazilgan o‘rtoqlik turniri Kuperning terma jamoamiz rulidagi beshinchi yig‘iniga aylandi. Mazkur davom etayotgan yig‘in esa hisob bo‘yicha oltinchisi.

Davom etayotgan yig‘in doirasida terma jamoamiz hozircha Turkiya va KXDRga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazdi. Dastlab Turkiyadagi bahsda mag‘lubiyat qayd etilgan bo‘lsa, kecha Toshkentdagi o‘yinda KXDR ustidan yaqqol ustunlik o‘rnatildi. E’tiborlisi, Kuper boshqaruvida o‘tgan yili kuzda ham KXDR bilan o‘ynagandik va Bikmayevning dubli evaziga g‘alaba rasmiylashtirilgandi. Keyingi raqib esa Kuper uchun yana bir tanish jamoa - Suriya bo‘ladi.

Argentinalik mutaxassis terma jamoamiz rulidagi ilk bahsini aynan Suriyaga qarshi o‘tkazgan va unda durang kuzatilgandi. Qaysidir ma’noda bo‘lajak bahsda Kuper mazkur raqib bilan o‘zaro hisob-kitobini ham amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ektor Kuper Turkiya bilan o‘tgan bahsda terma jamoamizning pozitsion taraflama yaxshi himoyalanganini ta’kidlab, shu jihat mutaxassisni quvontirgani va ba’zi futbolchilarning ishtirokidan mamnun bo‘lganini yashirmadi.

KXDR bilan bahsda esa jamoadagi yangi nomlarning ilk uchrashuvi bo‘lgani va umumiy baho berilganda, ular ham yaxshi taassurot qoldirganini ta’kidlab, bahsdagi eng yoqimli nuqtani shu bilan izohladi.

Biz uchun esa eng yoqimli nuqtalar quyidagicha: stadiondagi ajoyib muhit, muxlislar mehri, Sergeyevning golli qaytishi, hujumchilarimizdagi samaradorlik, ruhiyat yaxshi tomonga ko‘tarilgani.

O‘rtoqlik o‘yinlaridagi natija hech qachon birlamchi bo‘lmagan. Turkiyadan uchralgan mag‘lubiyatdan fojia yasamaslik zarur bo‘lsa, KXDR ustidan qozonilgan g‘alaba esa havolanib ketish uchun asos emasligini unutmaslik lozim. Bu yerda eng muhim nuqta - o‘yin. O‘yin sifati, hujum tashkil etish va pozitsion to‘g‘ri himoyalanish.

Turkiya bilan bo‘lgan bahsda o‘tkazilgan gollar standart vaziyatlaridan keyin yuzaga keldi, to‘g‘ri. Pozitsion taraflama esa ko‘p ham xatolar ruy bermadi. Bu taraflama Kuper yaxshi nuqtani topgani mantiqan to‘g‘riroq. Lekin mazkur jiddiy jamoa qarshisida himoyadan hujumga o‘tishdagi muammolardan tegishli xulosa chiqarish va buni yon daftarchaga alohida belgilab qo‘yish muhim.

KXDRga qarshi o‘yinda daraja o‘rtasida farq evaziga biz ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik. Birinchi bo‘limda standart vaziyatidan, ikkinchi taymda esa raqib futbolchilarining individual xatolari evaziga hujumlarimiz rivojlanib, keskinlashdi. Gollardan keyin esa ishonch ortgani va terma jamoamiz dadil o‘ynaganini inkor etib bo‘lmaydi.

Birinchi gol standart vaziyati, ya’ni penaltidan kiritildi. Ikkinchi gol qarshi hujum mevasi. Uchinchi gol esa raqib himoyachisi va darvozabon o‘rtasidagi kelishmovchilik natijasida ruy bergan texnik xato ketidan ruy berdi. To‘rtinchi gol ham standart vaziyatidan so‘ng urildi.

Shuningdek, birinchi bo‘limda KXDR jamoasining ba’zi hujumlari xavfli va keskin tus oldi. Ayniqsa raqibning chap, bizning o‘ng qanot himoyamizda bo‘shliqlar kuzatildi. Buni esa Kuper payqadi va tanaffusdan so‘ng o‘ng qanotda himoyaga moyilroq bo‘lgan Davron Hoshimovni qo‘ydi. Alijonov esa ko‘proq hujumkor uslubga ko‘nikkani va "Paxtakor"da bo‘lgani kabi yuqori joylashib o‘ynab, aksariyat vaziyatlarda oldinga intildi. Terma jamoadagi debyut bahs va uslublar qarama-qarshiligi ta’siri, qo‘shichasiga ilk o‘yindagi bosim natijasida Alijonovning o‘yini kutilganidek qovushmadi.

Tanaffusdan so‘ng KXDR hujumda butkul zararsizlantirildi, lekin pozitsion tashkil etilgan hujumlarimiz ustida hali juda ko‘p ishlanishi zarurligi shundoq ko‘rindi.

To‘g‘ri, g‘alaba, ayniqsa yirik hisobdagi yutuq doim yoqimli. Lekin Kuperning o‘zi ham ta’kidlaganidek, bu natija aldamchi. Ya’ni murabbiyni aldab qo‘ymasligi kerak. Kechagi g‘alaba futbolchilarga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirib olish, ruhiyatni ko‘tarish uchun juda muhim ahamiyatga ega. Lekin bu o‘yin va g‘alabadan havolanib ketish yaramaydi.

Kuper mazkur yig‘in doirasidagi hozircha o‘tkazilgan ikkita bahsda yig‘inga jalb etilgan jami 26 futbolchidan 22 nafarining xizmatidan foydalanishga ulgurdi. Ikkita o‘yin uchun shunchaki ajoyib ko‘rsatkich. Rotatsiya nihoyat bir maromda kechmoqda. Bu yaxshi holat. Hozircha o‘ynamagan futbolchilarga e’tibor qaratsak, Kuper uchun yaxshi va imkoniyatlarini biladigan chap qanot himoyachisi Zoteyev, markaziy himoya vakili Islom To‘xtaxo‘jayev va darvozabonlar Botirali Ergashev hamda Javohir Ilyosov.

Ikkita bahsda ikkita darvozabon Suyunov va Quvvatovga imkon berildi. Bu borada ham Kuper rotatsiyani maksimal amalga oshirdi. Kelgusi bahsda katta ehtimol Javohir Ilyosov maydonga tushirilishi mumkin. Shuningdek, Suriyaga qarshi bellashuvda hozircha o‘ynamagan futbolchilar qatorida bo‘lgan "Loko"ning ikki vakili To‘xtaxo‘jayev va Zoteyev ham o‘z imkoniyatlarini olishlari mumkin.

Shu tariqa Ektor Kuper terma jamoamiz rulidagi 14-uchrashuvida o‘zining 6-g‘alabasini tantana qildi. E’tiborlisi, ushbu g‘alabalarning ikkitasi aynan Toshkentda KXDR (2:0, 4:0) ustidan qo‘lga kiritildi. Shuningdek, argentinalik mutaxassis qo‘l ostida o‘rtoqlik bellashuvida Qatar (2:0), o‘rtoqlik turnirida Xitoy (1:0), Osiyo Kubogida esa Ummon (2:1) va Turkmaniston (4:0) terma jamoalarini mag‘lub etishga erishdik.

Bo‘lajak bahsda Suriya bilan o‘yin mazkur yig‘in doirasidagi yakuniy xulosalarni berishga bizga ko‘maklashadi. Suriya Turkiyadan kuchsiz, KXDRdan esa kuchli bo‘lgan raqib. Ya’ni aynan mazkur o‘yinda biz o‘yinimiz oralig‘idagi muvozanatni ko‘rib olishimiz mumkin bo‘ladi. Suriyaga qarshi bahs Kuperga kerakli nuqtani, to‘g‘ri balansni aniqlab olish va xolisona xulosaga chiqarishga yordam beradi.

Hozircha shu.
Shahboz Beg‘amov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasi yig‘ini haqida (tahlil)