O‘zbek MMA olamidagi kutilayotgan eng katta voqeliklardan biri 12 may kuni hamyurtimiz Nursulton Ro‘ziboyevning UFCdagi 3-jangi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning navbatdagi raqibi AQSH vakili Xoakin Bakli bo‘ladi. Mazkur jang 77,1 kg ya’ni, yarim o‘rta vazn toifasida bo‘lib o‘tadi.
Hamyurtimiz avvalgi 2 jangini o‘rta vaznda (83,9 kg) o‘tkazgan edi. To‘g‘risi, 77,1 kg ham Nursulton uchun begona emas va vazn qilishda u qadar qiyinchilikka uchramaydi. Eng ahamiyatlisi, Bakli hozirda yarim o‘rta divizion reytingida 11-o‘rinda qayd etilgan. Agar, Nursulton ushbu jangni o‘z foydasiga hal qilsa, TOP 15dan o‘rin olishiga shubha yo‘q.
Xullas, biz ushbu qarama-qarshilik borasidagi tahliliy fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.
Xoakin Bakli o‘zi qanday jangchi?
Bakli noodatiy jangchilar sarasiga kiradi. Ya’ni, anchagina “qattiq”, metin irodali va tavakkal qilishdan qo‘rqmaydigan toifadan. Uning Impa Kasanganayni qay tarzda nokautga uchratganini MMA ixlosmandlari yaxshi bilishadi. Qolaversa, boshqa janglarida ham rang-baranglikni kuzatish mumkin. Bazasi boks ekanligini janglaridan, “stoyka”sidan ham anglab olish qiyin emas. Asosiy zarbani chap qo‘lda yo‘llaydi. Qolaversa, “xay-kik” zarbalari ham juda xavfli ko‘rinish oladi. Xullas, bekorga yarim o‘rta vazn toifasida TOP 15 talikdan o‘rin olmagan.
Ha, u kurashib ham qo‘yaveradi. Lekin u darajada mukammal emas. Asosan “stoyka”da jang olib boradi va ishongan “qurol”i bu - zarba kuchi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Bunga 18 ta g‘alabasining 15 tasini TKO, KO bilan yakunlagani ham misol bo‘la oladi. Birorta “sabmishen” orqali muvaffaqiyatga erishmagan. Darvoqe, uning faoliyatida 6 ta mag‘lubiyati borligini ham aytib o‘tish joiz. U mag‘lubiyatlarini Jek Josh, Logan Storli, Kevin Xolland, Alessio Di Chiriko, Nasuriddin Imavov, Kris Kurtislardan qabul qilib olgan. Xullas, yaxshi darajadagi jangchi!
Nursulton Ro‘ziboyevning ustunligi nimada?
Shubhasiz, Nursulton tajriba bobida undan bir bosh baland. Bakli 24 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, hamyurtimiz 44 marotaba bunday chig‘iriqdan o‘tgan. Uning rekordiga kiritilmagan janglari ham bor. Bo‘y borasida ham 20 smlik ustunlik bor. Qolaversa, qo‘llarining uzunligi ham Nursultonning eng katta ustunligi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Yuqorida Baklini noodatiy jangchi sifatida e’tirof etdik. Nursulton undan-da murakkabroq va noodatiyroq jangchi. “Arsenal”i juda boy. “Parter”da ham himoyalana oluvchi va jangni o‘z tomoniga og‘dirishga qodir uslublari bor.
Ayniqsa, “kimura” uning tashrif qog‘oziga aylangan. Nazarimda Bakli Nursulton uchun qulay raqib. Ya’ni, uning chapaqayligi, bo‘yi pastligi hamyurtimizga qo‘l keladi. Qay ma’nodaki, chapaqayligi tufayli, Nursulton unga tizza zarbalarini oson yo‘llay oladi. Raqibning “lou-kik” zarbalariga o‘ng qo‘l qarshi zarbalarini yo‘llash ham murakkablik tug‘dirmaydi. Xuddi Bruno Ferreyrani nokautga uchratgani kabi. Eng asosiysi esa Nursulton oktagonni va masofani yaxshi xis qiladi. Baklini tajovuzkorona bosimiga oldi qo‘l “jeb” zarbalari va oyoq harakatlari bilan bemalol dosh bera oladi. Xullas, favorit Nursulton!
Yakun...
Jang yakuni qanday ko‘rinish olishi mumkin? Nazarimda bu jang uzog‘i 2-raundda o‘z yakuniga yetsa kerak. Chunki Bakli anchagina zarba ko‘tara olishga qodir jangchi. Uning Nasuriddin Imovov bilan jangini ko‘rsangiz bunga amin bo‘lishingiz mumkin. Biroq, Nursultonning zarbalari Imovovnikidan kuchliroq va umid qilamizki, bu safar ham hamyurtimiz ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritadi. Bu gal ham texnik nokaut yoki nokaut bilan Nursulton g‘alaba qozonishiga ishonmoqdaman. Imkoniyatlar 70/30!
Albatta, taxminlarimiz o‘z isbotini topishini istaymiz va bu borada Nursulton Ro‘ziboyevga omad tilaymiz. Olg‘a o‘zbek o‘g‘loni!
Ahmadbek ESHMATOV tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi