06:00 / 11.06.2019
2 489

Otabek Shukurov: "Milliy terma jamoa uchun borimni berishga tayyorman"

Otabek Shukurov: "Milliy terma jamoa uchun borimni berishga tayyorman"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Otabek Shukurov ayni kunlarda jarohatidan tiklanayotganidan xabaringiz bor. U joriy yilning mart oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan "China Cup" musobaqasida jiddiy jarohat olgandi. Mazkur jarohat tufayli Otabek Shukurov nafaqat terma jamoa tarkibidagi o‘rtoqlik o‘yinlarini, balki o‘z klubi "Sharja" tarkibidagi mavsumning so‘nggi tur o‘yinlarini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Uning jamoasi BAA chempionligiga erishib, Kubokni boshi uzra ko‘tardi. Mana shunday paytda Otabek jarohati sababli voqealarni maydon tashqarisida kuzatib bordi. Albatta, har bir futbolchi uchun bu og‘ir holat.

Tinimsiz mehnatlari orqali klub tarkibida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, jamoa chempionlikka yaqinlashgan paytda terma jamoa safida jarohat olib, futboldan tashqarida qolib ketish alamli holat. Lekin jarohatlar futbolning bir qismi. Hech qaysi futbolchi jarohatlardan kafolatlanmagan. Otabek Shukurov O‘FA Matbuot xizmati bilan suhbatda buni juda yaxshi tushunishini, terma jamoa uchun o‘yinda jarohat olganiga qaramay, jarohatidan tiklangandan keyin yana O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun borini berib maydonda harakat qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

"Xitoy bilan o‘yindagi jarohat alamli bo‘ldi. O‘sha payt ko‘z oldimda ko‘p narsa o‘tdi. Jahon chempionati saralash o‘yinlari boshlanishiga oz fursat qolgandi. Qolaversa, "Sharja" tarkibida chempionlik masalasi hal bo‘ladigan muhim o‘yinlar kutib turgandi. Shu sababli dastlabki paytda tushkunlikka tushib qoldim. Lekin atrofdagilar meni ruhan qo‘llab-quvvatlab turishdi. Terma jamoadagi do‘stlarim, yaqinlarim, klubim vakillari, O‘FA vakillari... Qiyin paytda yonimda turib, menga dalda bo‘lishgani uchun barcha-barchaga rahmat aytmoqchiman. Shu kunlarda yurtimizdagi OAVga bergan intervyuimdagi ba’zi fikrlar muxlislarda noto‘g‘ri tushuncha hosil qilmoqda. Fursatdan foydalanib, shunga ham oydinlik kiritib ketsam.

Jarohat olganimdan so‘ng, terma jamoa shifokorlari zudlik bilan birinchi yordamni ko‘rsatishdi. Keyin mahalliy shifoxonaga olib borishdi. U yerda jarohatni davolashni ikki yo‘li borligi: yo operatsiya qilish kerak yoki gips qilish zarurligi aytib o‘tildi. Meni "Sharja" bilan shartnomam mavjud bo‘lib, bunday hollarda klubning roziligini olish kerak bo‘ladi. Klub bilan aloqaga chiqqanimizdan keyin, ular operatsiya qilishga ruxsat berishmadi. Bu masalani Dubayga borganimdan keyin hal qilishlarini aytishdi. Biz shunga amal qildik. Bu vaziyatda O‘FA yoki terma jamoa menejerlari klub ruxsatisiz hech narsa qila olishmasdi. Ular imkon qadar jarohatimni tezroq bitishi uchun kerakli chora-tadbirlarni ko‘rishdi.

"Sharja" klubi ixtiyoriga yetib borganimdan keyin, klub shifokorlari Londonda operatsiya qildirishga qaror qildi. Xudoga shukr, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozirda jarohatdan tiklanish jarayoni yaxshi kechmoqda. Nasib qilsa, sentyabr oyida boshlanadigan Jahon chempionati saralash o‘yinlariga qadar maydonga qaytishni rejalashtirmoqdaman. Maqsadim - bo‘lajak muhim o‘yinlarda terma jamoaga yordam berish. Milliy terma jamoa uchun hamisha borimni berishga tayyorman", - dedi Otabek Shukurov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Shukurov: "Milliy terma jamoa uchun borimni berishga tayyorman"