12:13 / 03.10.2019
2 428

Andrey Kanchelskis "Navbahor"ga yana bir hujumchi olib kelmoqchi

Andrey Kanchelskis "Navbahor"ga yana bir hujumchi olib kelmoqchi
Superliga 21-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Dinamo” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis ishtirok etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

- Uchrashuv qiyin kechdi. “Dinamo”ga ochko suv va havodek zarur bo‘lganligi bois, raqibning jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishini kutgandik, albatta. Samarqandliklar himoyaviy o‘yin namoyish etib, o‘z baxtlarini qarshi hujumdan izlashdi. Qanotlar orqali hujum tashkil etmasdan esa himoyani yorib o‘tish oson emas. Afsuski, qanot yarim himoyachisi Abbos G‘ulomov jarohat oldi, shuningdek, Azizbek Turg‘unboyev ham oldingidek formada emas. Bu tushunarli holat. Boisi, Turg‘unboyev ma’lum sabablarga ko‘ra, 6 oyga yaqin vaqt davomida maydonga tushmadi hamda bu uning o‘yiniga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Jamoamiz uchun ushbu g‘alaba suv va havodek zarur edi hamda yigitlar zafar quchishni uddalashdi. Muhimi, g‘alaba qozonib, 3 ochkoni qo‘lga kiritdik. Bizda hali sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borish imkoniyati bor hamda buni amalga oshirish uchun intilamiz. Bugungi o‘yindagi jonkuyarliklari, fidoiyliklari uchun shogirdlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Yigitlar maydonning har bir qarichi uchun kurash olib borishdi va yakunda zafar quchishga muvaffaq bo‘ldik. Keyingi uchrashuvlarda futbolchilar o‘yin sifatini oshirish hamda ko‘proq gollar urishga harakat qilishadi va buni amalga oshirish ustida ish olib boramiz.

To‘g‘ri, birinchi davrada Samarqandda bo‘lib o‘tgan o‘yin bugungidan ko‘ra, keskinroq hamda shiddatli, shuningdek, keskin kurashlar ostida kechgandi. Ammo o‘sha tarkibdagi futbolchilardan to‘rt nafari hozir ayrim sabablarga ko‘ra, safimizda yo‘q. Shuning uchun bugungi bahs o‘sha o‘yindan keskin farq qildi.

Aytish lozimki, biz hozir ham ruhiy “o‘ra”damiz. Bundan esa birdaniga chiqib ketish oson ish emas. Bundan tashqari, shunday qiyin holatda “Paxtakor”ga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keldi hamda o‘sha o‘yinda raqibga o‘zimiz gol sovg‘a qildik. Yigitlarga qoyil, ular mazkur qiyin vaziyatdan chiqib ketishga o‘zlarida kuch topa bilishdi va o‘z ishlariga vijdonan yondoshishmoqda. Ta’kidlash joizki, zaxira o‘rindig‘imiz torligi bois, jarohatlangan hamda diskvafikatsiyaga uchragan futbolchilarning o‘rinlarini to‘ldirish qiyin kechmoqda.

Oldingi matbuot anjumanida, Aleksandr Kasyan vaqti kelsa, gol urishni boshlaydi, degandim. Mana u gol urishni boshladi va keyingi o‘yinlarda ham Kasyandan chiroyli gollar kutib qolamiz. To‘g‘ri, Ivan Solovyovning maydonda yo‘qligi bilindi. Aytgancha, u bugun farzandli bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, Ivanni yangi mehmon bilan tabriklab, unga uzoq umr, sihat-salomatlik tilayman. Keyingi bahslarda Solovyov albatta, “Navbahor”ning muvaffaqiyatlariga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi, degan umiddaman.

Oldinda bizni prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan “Surxon”ga qarshi kechadigan o‘yin kutib turibdi. Termizliklar bilan birinchi davrada kechgan bahs ham ancha qiyin o‘tgandi. O‘sha uchrashuv arafasida ancha gap-so‘zlar bo‘lgandi. Lekin biz “Surxon”ni mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lgandik. Endi Termizdagi o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Albatta, bir nafar hujumchi bilan o‘ynash qiyin va kelasi mavsum arafasida Kasyan bilan hujum tandemini tashkil etish uchun yana bir nafar mahoratli hujumchini taklif etish rejamizdan o‘rin olgan, - dedi murabbiy.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Andrey Kanchelskis "Navbahor"ga yana bir hujumchi olib kelmoqchi