13:00 / 19.10.2018
4 060

O‘zbekistonda "Facebook" va "YouTube" bilan bog‘liq muammolarning ehtimoliy sabablari ma’lum qilindi

O‘zbekistonda "Facebook" va "YouTube" bilan bog‘liq muammolarning ehtimoliy sabablari ma’lum qilindi
O‘zbekistonda "Facebook" va “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlariga kirish, "YouTube" videoxostingidan foydalanish bilan bog‘liq muammolar tashqi internet-kanal sig‘imini kengaytirish ishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov 18 oktyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida “Gazeta.uz” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Biz internet tezligini oshirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilishini yakuniga yetkazyapmiz”, – dedi Olimjon Umarov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil boshida mamlakatda internet tezligini bir necha bor oshirish haqida ko‘rsatma bergan edi. AKT sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan 19 sentyabrdagi yig‘ilishda davlat rahbari ushbu topshirig‘ini yana bir bor eslatib o‘tdi.

AKT vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarovning so‘zlariga ko‘ra, internet tezligini oshirish yo‘lida qilingan ishlar “samarasini fuqarolarimiz noyabr oyi oxirida ochiq-oydin his qilishadi”. “Ayni vaqtda zarur apgreyd uchun bir qator uskunalar sotib olinmoqda. Texnik uzilishlar mazkur uskunalarni sinovdan o‘tkazilishi, aprobatsiyasi, ularni sozlash ishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, – dedi Olimjon Umarov.

O‘zbekistonda sentyabr va oktyabr oylarida "Facebook" ijtimoiy tarmog‘iga kirish, undan foydalanish bo‘yicha tez-tez muammolar yuzaga keldi. Oktyabr oyi boshidan boshlab esa "YouTube" videoxostingidan foydalanishda ham o‘xshash muammolar yuzaga kela boshladi. "Facebook" bilan bog‘liq holat yuzasidan vakolatli organlar o‘z vaqtida “bizning aloqamiz yo‘q” degan mazmunda izohlar berilgan bo‘lsa-da, "YouTube' bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha shu vaqtgacha biror rasmiy tushuntirish berilmagan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda "Facebook" va "YouTube" bilan bog‘liq muammolarning ehtimoliy sabablari ma’lum qilindi