Xitoyda odamdan odamga yuqmaydigan, lekin odamni o‘ldiradigan koronovirus tarqaldi

  • 14 yanvar 2020, 11:29
  • 3 036
  • Tibbiyot
  • Xitoyda odamdan odamga yuqmaydigan, lekin odamni o‘ldiradigan koronovirus tarqaldi
    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Xitoy Xalq Respublikasida ro‘yxatga olingan yangi turdagi koronovirus kasalligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

    Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy buyurosining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida koronovirusning yangi tipi epidemiyasi yuzaga kelgan.

    Xitoyning Uxan shahar Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi 2019 yil dekabrning oxirida Uxan shahar Xubey provinsiyasida noma’lum etiologiyali pnevmoniya kasalligi tarqalganligini ma’lum qilgan.

    Xitoy Xalq Respublikasining HTSQ-2005 Milliy koordinatori ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yilning 11 yanvar holatiga Uxan shahrida 41 ta holatda virusli pnevmoniya kasalligi aniqlangan, ulardan bir nafari vafot etgan, bemorlarning 6 nafari sog‘ayib shifoxonadan chiqarilgan.

    Bemorlar bilan muloqatda bo‘lgan 739 nafar, shulardan 419 nafari tibbiyot xodimlari tibbiy nazoratga olingan. Hozircha ular orasida kasallik alomatlari aniqlanmagan.

    Milliy koordinatorning ma’lumoti asosida HTSQ-2005 mezonlari bo‘yicha ushbu kasallikning xalqaro miqyosida tarqalish xavfi hamda xalqaro savdo va sayohatlarga to‘sqinlik yo‘qligi ma’lum qilingan.

    Epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, ayrim kasallangan bemorlar mahalliy dengiz mahsulotlari savdo bozorlarida ishlaganligi aniqlangan.

    Bemorlarning ko‘pchiligi yuqori tana harorati hamda nafas olishga qiynalayotganidan shikoyat qilgan. Ko‘krak qafasi rentgenografiya xulosasiga ko‘ra, ayrim holatlarda bemorlarning o‘pkalari shikastlangan.

    Bugungi kunda kasallikning odamdan-odamga yuqishi aniqlanmagan.

    Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:

    — Davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazish, ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotganlarga alohida e’tibor qaratilmoqda;

    — pnevmoniya va boshqa o‘tkir respirotor kasalliklari alomatlari bilan aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko‘rilmoqda;

    — gripp, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalarining tayyorgarligini ta’minlash, bemorlarni davolash uchun dori-darmonlar va dezinfeksion moddalar zaxirasi yaratildi;

    — Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotgan yo‘lovchilarda gripp kasalligining og‘ir turlariga, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisoti uchun namunalar olishni tashkil etish;

    — Agentlik mutaxassislari tomonidan uchuvchilar, bort kuzatuvchilar, temir yo‘l provodniklarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisoti, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlari to‘g‘risida seminarlar o‘tkazilmoqda.

    Kasalliklarning respublikamizga kirib kelishi va keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan nazoratga olingan.

    » » Xitoyda odamdan odamga yuqmaydigan, lekin odamni o‘ldiradigan koronovirus tarqaldi