date

Isroil zarbasi: Eron admirali halok bo‘ldi, bo‘g‘ozda keskinlik kuchaydi

Isroil zarbasi: Eron admirali halok bo‘ldi, bo‘g‘ozda keskinlik kuchaydi

Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat yanada taranglashdi. Isroil tomonidan amalga oshirilgan harbiy zarba natijasida Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni, admiral Alirizo Tangrisiy halok bo‘ldi. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Israel Kas rasman ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Tangrisiy Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashtirish va xalqaro kemalar harakatini cheklashga qaratilgan operatsiyalar uchun bevosita mas’ul shaxs bo‘lgan. Shu sababli bu amaliyot strategik maqsadli zarba sifatida baholanmoqda.

Isroil harbiy manbalariga ko‘ra, yuqori lavozimli qo‘mondon Bandar-Abbos shahrida o‘tkazilayotgan maxfiy yig‘ilish paytida nishonga olingan. Aniq va rejalashtirilgan zarba orqali u va bir qator yuqori martabali harbiylar yo‘q qilingani aytilmoqda.

Israel Kas ushbu operatsiyani Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yo‘llangan keskin signal sifatida baholab, «Isroil mudofaa armiyasi har qanday tahdidni bartaraf etadi va dushmanlarni izchil ravishda yo‘q qiladi», deya keskin bayonot berdi.

Ma’lumki, 28 fevraldan boshlab AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari ortidan vaziyat yanada chigallashdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi strategik yo‘nalish sifatida yopilib, u orqali harakatlanmoqchi bo‘lgan kemalarga hujumlar boshlangan. Mojaro boshlanganidan buyon kamida 22 ta kema zarbaga uchragani qayd etilmoqda.

Hozirda Fors ko‘rfazida 3200 ga yaqin kema bo‘g‘ozdan o‘tishga jur’at qila olmay to‘planib qolgan. Bu esa jahon logistikasi va energiya ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Donald Tramp ma’muriyati Erondan bo‘g‘ozni ochishni talab qilgan holda ultimatum ilgari surmoqda. Shu bilan birga, Tehron rasmiylari 25 mart kuni «dushman hisoblanmagan davlatlar» kemalari uchun yo‘l ochiqligini ma’lum qildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi global energetika xavfsizligida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki dunyodagi neft zaxiralarining qariyb 35 foizi va suyultirilgan gazning 20 foizi aynan shu yo‘l orqali tashiladi.

Hozirgi vaziyat nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy barqarorlikka ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar keskinlik yanada kuchaysa, bu butun jahon bozorlarida yangi inqiroz to‘lqinini keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Isroil zarbasi: Eron admirali halok bo‘ldi, bo‘g‘ozda keskinlik kuchaydi