O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi (foto)

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Imomali Rahmonning davlat tashrifi alohida tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, bu voqea ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat an’analarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashrif doirasida ilk bor Oliy davlatlararo kengash yig‘ilishi o‘tkazilayotgani hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Bu format ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mazmunli, amaliy va innovatsion tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda hukumatlar, parlamentlar va turli idoralar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik yuqori baholandi. Tashrifga tayyorgarlik jarayonida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, sanoat ko‘rgazmalari, shuningdek, hududlar, rektorlar, olimlar va yoshlar ishtirokidagi forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani alohida ta’kidlandi. Ayni paytda mamlakatimizda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini chuqur tahlil qilib, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab oldi. O‘zaro savdoni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport va logistika bog‘liqligini yaxshilash, shuningdek suv va energetika xavfsizligini ta’minlash masalalari ustuvor vazifa sifatida ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetgan. Bu ko‘rsatkich, asosan, tayyor mahsulotlar yetkazib berish hisobiga sezilarli darajada oshgan.
Bugungi kunda sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika va farmatsevtika kabi qator sohalarda qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida avia, avtobus va temir yo‘l qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani savdo va logistika aloqalarini yanada jadallashtirmoqda.

2030 yilga borib o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Bu maqsadga erishish uchun “Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini barpo etishni tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlash tizimini takomillashtirish va “E-Permit” raqamli ruxsatnoma almashinuvini joriy etish kabi muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va qurilish sohalarida yangi kooperatsiya dasturlari ishlab chiqilmoqda. Istiqbolli loyihalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shma investitsiya kompaniyasi kapitali kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar gumanitar hamkorlikni ham unutmadi — ta’lim, fan va madaniyat sohalarida almashinuvlarni kuchaytirish, diasporalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, yetakchilar mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib oldi. Xavfsizlik sohasidagi sheriklikni mustahkamlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida barcha kelishuvlarni izchil amalga oshirish uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilandi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!