10:30 / 24.02.2021
2 384

Dunyodagi eng ishonchli avtomobillar reytingi e’lon qilindi

Dunyodagi eng ishonchli avtomobillar reytingi e’lon qilindi
Foto: Lexus
J.D. Power konsalting agentligi minilgan mashinalar egalari o‘rtasida har yilgi so‘rovnomasini o‘tkazib, dunyodagi eng ishonchli uch yillik avtomobillar reytingini taqdim etdi. Yetakchilar qatoridan Lexus, Porsche va Kia markalari o‘rin olgan bo‘lsa, Land Rover, Alfa Romeo va Jaguar oxirgi pog‘onalarni band etdi. Reyting AQSHdagi 33 ming respondent o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga asoslangan, deb xabar beradi Motor.

J.D. Power’ning usuli oddiy: agentlik mutaxassislari har bir brendning 100 nafar egasi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazadi va uch yil davomida foydalanish vaqtida aniqlangan muammolarni hisoblab chiqadi. Bunda barcha nosozliklar hisobga olinadi: yo‘l harakati xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy muammolardan tortib, multimediya tizimidagi uzilishlargacha.

J.D. Power’ning 2020 yilgi reytingining yuqori pog‘onasidan Lexus markasi o‘rin oldi: yapon premium-brendining 100 avtomobili bo‘yicha 81 ta shikoyat kelib tushgan. Ikkinchi o‘rinda Porsche (86 ta) bo‘lsa, uchinchi pog‘ona Kia’ga nasib etdi (97). Kuchli yettilikdan Toyota (98), Buick (100), Cadillac (100) va Hyundai (101) markalari o‘rin olgan. O‘tgan yili yetakchiga aylangan Genesis esa 102 ta shikoyat bilan sakkizinchi pog‘onaga tushib ketdi.

Foto: J.D. Power
Lexus markasi J.D. Power reytingida so‘nggi 10 yildan buyon to‘qqizinchi marotaba yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, an’anaviy ravishda ro‘yxat oxiridan Jaguar, Land Rover va Chrysler markalari o‘rin olgan. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, AQSHdagi uch yillik avtomobillarning ishonchliligi yildan yilga ortmoqda: masalan, sohadagi o‘rtacha ko‘rsatkich 100 ta avtomobilga 121 nuqsonni tashkil etmoqda va bu 32 yil ichidagi eng yaxshi ko‘rsatkich.

Shu bilan birga, ayrim avtomobil ishlab chiqaruvchilarning o‘rni bir yil ichida sezilarli darajada yomonlashgan: masalan, Volkswagen 2019 yilda egallagan 6-pog‘onasidan ro‘yxatning oxiriga tushib ketdi. Eng ishonchli model deya J.D. Power ekspertlari Porsche 911’ni tan olgan. Amerika agentligining reytingida birinchi bor Tesla ham paydo bo‘lgan, biroq ishlab chiqaruvchining hisob-kitoblaridagi o‘ziga xoslik sabab elektrokar hisobdan tashqarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Dunyodagi eng ishonchli avtomobillar reytingi e’lon qilindi