date
views 335

Husanov “yondiryapti”, u katta o‘zgarish qildi!

Husanov “yondiryapti”, u katta o‘zgarish qildi!
Asosiy tarkibga yorib kirgan markaziy himoyachi Abduqodir Husanov o‘z o‘yinlari bilan “Lans”ning uzoq yillik o‘yin sxemalarini o‘zgartirilishiga sababchi bo‘ldi.

Lansliklar bir necha mavsumdan beri uch himoyachi bilan o‘ynab kelar edi. Himoya markazidan Kevin Danso, uning ikki yonidan Fakundo Medina va Jonatan Gradit joy olardi. Bu sxema jamoa muvaffaqiyatlarini ta’minlab kelgan.

“Lans” vitse-chempion darajasiga ko‘tarilgan va chempionatda muntazam eng kam gol o‘tkazgan jamoalardan bo‘lib kelgan.

Bu klub 2023 yilning yozida Abduqodir Husanovni Kevin Dansoga o‘rinbosar sifatida olib keldi. O‘tgan mavsumda legionerimizni aynan avstriyalik markaziy himoyachi o‘rnini bosish uchun tayyorlashdi. Ammo yozda Dansoning “Roma”ga transferi barbod bo‘ldi. Keyin tajribali himoyachi transferga to‘sqinlik qilgan tibbiy xulosalarni aniqlashtirish maqsadida bir necha hafta shifokorlar ko‘rigida vaqt o‘tkazdi.

Mavsum boshidagi mana shu bir nechta hafta Abduqodir Husanovga “Lans”da hech kimdan kam emasligini isbotlash uchun kifoya qildi. Danso safga qaytganidan keyin bosh murabbiy Uill Still bir biridan qolishmaydigan ikki markaziy himoyachi – Danso va Husanovga bir paytda tarkibdan joy topib berishi haqiqiy “bosh og‘rig‘i” bo‘ldi.

Vaziyatdan chiqish maqsadida murabbiylar shtabi uch himoyachi bilan o‘ynaladigan taktikani o‘zgartirdi. Endi “Lans” to‘rt himoyachi bilan o‘ynashga o‘tdi. Danso va Husanov markazda, Medina va Gradit ikki yonda o‘ynayapti. Ayrim uchrashuvlarda eski sxema ham qo‘llanmoqda. Bu ko‘proq himoyachilardan biri safdan chiqqanda ishlayapti. Bu vaziyatda Husanov ham markazda, ham ikkala qanotda o‘ynay olishi bilan boshqalardan ustunligini ko‘rsatib kelmoqda.

- Abduqodir Husanov asosiy tarkibga kirganidan keyin to‘rt himoyachili tizimga o‘tganimiz orqa chiziq vakillariga ham hujumlarni qo‘llab-quvvatlash imkonini bera boshladi. Odatda, futbolda hujum vaqtida himoya chizig‘ining bo‘sh qolib ketishi har qanday jamoaning nozik nuqtasi bo‘ladi. Biz yangi taktik sxema orqali to‘pga egalik qilish, raqibga ko‘proq bosim o‘tkazish, o‘yinni boshqarishga harakat qilyapmiz. Husanovning tezligi va jismoniy imkoniyatlari himoyachilarimizning ham oldinga o‘tishiga imkon beryapti.

Ikki markaziy himoyachimiz bir birini to‘ldirib turadi. Agar Kevin oldinga o‘tsa, Abduqodir qaysi hududlarni yopishi kerakligini yaxshi biladi. Husanov hujumga qo‘shilganida Danso shunday qiladi. Bu ikki futbolchining samaradorligini bila turib ularni birgalikda o‘ynatmaslik ahmoqlik bo‘lar edi
, - dedi “Lans” bosh murabbiyi Uill Still.

“Lans” futbolchisi Anass Zaruri ham markaziy himoyachilar duetining jamoa o‘yiniga ta’siri va samarasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Abduqodir va Kevin juda kuchli himoya tandemini tashkil qilgan. Dansoning tajribasi juda katta. Abduqodir esa, hammasini “yondiryapti”. Husanov juda baquvvat va kuchli, biz buni yaxshi his qilamiz va uchrashuvlarda himoya chizig‘idan xotirjammiz. Bu holat bor e’tiborimizni hujum uyushtirish va gol urishga qaratishimizga asos bo‘lmoqda, - dedi Anass Zaruri.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov o‘zining o‘yin sifati, salohiyati va mahorati bilan “top-5” ligalarida bir necha mashhur klublarning e’tiborini qozondi. Transfermarkt portali 20 yoshli markaziy himoyachimizni 12 million yevroga baholadi.

Ayni paytda Husanov Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisi hisoblanadi. Uning “Lans” bilan shartnomasi 2027 yilning yozigacha tuzilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanov “yondiryapti”, u katta o‘zgarish qildi!