Suriyaning BMTdagi doimiy vakili Qusay ad-Dahak.
Suriya muvaqqat hukumati BMT Xavfsizlik kengashini Isroilning Suriyaga qarshi hujumlarini to‘xtatish borasida amaliy harakatga undadi.
Suriyaning BMTdagi doimiy vakili Qusay ad-Dahak tomonidan bosh kotib Antoniu Guterrishga yo‘llangan shikoyatda Isroil armiyasi 1974 yilgi bitimni buzgan holda Suriya hududiga bostirib kirgani qoralangan.
«Suriya Arab Respublikasi o‘z tarixining yangi davriga qadam qo‘yayotgan, xalq erkinlik, tenglik va qonun ustuvorligi hukm suradigan davlat qurishga intilayotgan, farovonlik va tinchlik orzusini ro‘yobga chiqarishga harakat qilayotgan paytda Isroilning bosqinchi armiyasi Suriyaning Hermon tog‘i va Quneytra muhofazasidagi hududlariga kirdi», – deyiladi shikoyatnomada.
Damashq hukumati Isroil armiyasidan zudlik bilan Suriya hududidan chiqib ketishni talab qilgan.
Suriyaning muvaqqat bosh vaziri Muhammad al-Bashir.
«Assoshieyted press» agentligi bu Suriya muvaqqat hukumatining BMTga ilk murojaati ekaniga e’tibor qaratgan.
Asad rejimini yiqitishda asosiy o‘rin tutgan «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi yetakchisi Ahmad Husayn al-Shar’a (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) ham Isroilning Suriyaga hujumlarini tanqid qilgan.
«Isroil (Suriyaga hujumlarini oqlash uchun) keltirayotgan dalillar endilikda asossizdir va uning qonunbuzarliklarini oqlamaydi. Isroil Suriyada haddidan oshmoqda va bu mintaqada taranglikni kuchaytirmoqda», – degan Ahmad Husayn al-Shar’a.
U Suriya ko‘p yillik urushdan zada bo‘lgani, hozirgi pallada asosiy vazifa turli ziddiyatlarga aralashmay mamlakatni oyoqqa turg‘azish ekanini aytgan.
Suriya suvereniteti hurmat qilinishini eslatgan «Hay’at tahrir ash-Shom» yetakchisi xalqaro hamjamiyatdan vaziyatga aralashishni so‘ragan.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati qulab, o‘zi Moskvaga qochganidan keyin Isroil qo‘shini Jo‘lon tepaligidagi qurolsizlantirilgan zonani kesib o‘tib Suriya hududiga bostirib kirdi. Strategik ahamiyatga ega Ash-Shayx tog‘ini egalladi va Quneytra muzofotidagi qishloqlarda kommendantlik soati joriy qildi.
Isroil Suriyaga qarashli Jo‘lon tepaligini 1967 yili Olti kunlik urush yakunida bosib olgan. 1974 yili Suriya va Isroil o‘rtasida harbiy kuchlarni ajratishga doir bitim imzolanib, 400 kvadrat km hududda bufer zona tashkil etilgan.
Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974 yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qilgan va o‘z harbiylariga Suriya bilan chegara hududi va uni nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallashni buyurgan.
Isroil askarlari Jo‘lon tepaligining ajratuvchi chizig‘ini kesib o‘tmoqda.
BBC'ga ko‘ra, Isroil so‘nggi bir hafta davomida Suriya hududi bo‘ylab havo, dengiz va quruqlik orqali 500 ga yaqin hujum uyushtirgan. Tel-Aviv Suriyaning 80 foiz harbiy salohiyatini yo‘q qilganini bildirgan.
Hujumlar oqibatida Suriyaning turli muzofotlaridagi aerodromlar, tadqiqot markazlari, razvedka, bojxona va radioelektronika boshqaruv idoralari vayron qilingan, qurol-yarog‘ omborlari, radar va aloqa vositalari yo‘q qilingan.
Isroil havo hujumlari orqali Suriya flotini ham yakson qildi.
Tel-Aviv iddaosicha, harbiy obyektlar va qurollar «muxolif kuchlar qo‘liga tushishi va Isroilga tahdid uyg‘otishi mumkin».
Tahlilchilar esa Isroil vaziyatdan foydalanib Suriyani yanada zaiflashtirishga urinmoqda deb hisoblaydi.
Isroil Suriya janubidagi qishloqlarni egallashda davom etmoqda. Ayni paytda yahudiy davlati armiyasi Damashqdan 25 km masofada ekani aytilmoqda.
Avvalroq Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Isroilning Suriyaga qarashli hududlarni ishg‘ol qilgani va infratuzilma obyektlariga zarbalar berganini keskin qoralagan edi.
IHTga ko‘ra, Isroil bu harakatlari bilan BMT rezolyutsiyalari va xalqaro huquqni jiddiy ravishda buzmoqda.
Suriyada yangi hukumat ichki muammolar bilan andarmon bo‘lib turgan paytda Isroil ma’muriyati Jo‘lon tepaligi hududida yahudiy manzilgohlarini ikki baravar ko‘paytirish rejasini tasdiqladi.
Hozirda bu hududda 30 mingga yaqin yahudiy kelgindilari istiqomat qiladi.
Isroil bosh vaziri Netanyahu o‘tgan hafta bergan bayonotida Jo‘lon tepaliklari abadiyan Isroilniki ekanini iddao qilgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xorijlik mutaxassislar uchun 2024 yildagi eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi
Ertaga Murodjon Ahmadaliyev professional boksdagi navbatdagi jangini o‘tkazadi
Turkiya Suriyaning yangi hukumatini harbiy sohada qo‘llab-quvvatlamoqchi
Namanganda xalqaro ko‘rgazma: qiymati xonadonga teng otlar, 200 kiloli qo‘ylar va osmonga uchirilgan kabutarlar (foto, video)
Abduqodir Husanovning transfer bahosi Ronalduniki bilan tenglashdi, navbat Messiga(mi?)
Prezident: Iqtisodiy kompleksda 300 ga yaqin rahbar ishdan olindi
Apple ba’zi iPhone modellarini sotishni to‘xtatadi
Rossiyaning G‘arbiy Ukrainaga hujumi urush davridagi eng yirik hujum bo‘ldi