12:57 / 14.05.2022
2 137

Yevropa yanada kuchli va xavfsizroq bo‘ladimi yoki yangi tahdidlar bilan to‘qnashadimi?

Yevropa yanada kuchli va xavfsizroq bo‘ladimi yoki yangi tahdidlar bilan to‘qnashadimi?
Air Force Master Sgt. Roidan Carlson / U.S. Department of Defense
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan jiddiy xavotirlangan Skandinaviyadagi ikki betaraf mamlakat - Finlandiya va Shvetsiya shu yozdayoq Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lib kirish harakatiga tushgan.

12 may kuni Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo va bosh vazir Sanna Marin NATOga tezroq a’zo bo‘lish zarurligi haqida qo‘shma bayonot berdi. Unda NATOga a’zo bo‘lish mamlakat xavfsizligini mustahkamlashi qayd etilib, yaqin vaqtlar ichida bu qarorni qabul qilish uchun milliy darajada barcha zarur choralar ko‘rilishiga umid bildirilgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Finlandiyaning NATOga a’zolik haqidagi arizasi Rossiya tomonidan so‘zsiz tahdid sifatida ko‘riladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Finlandiyaning NATOga kirishiga javoban Rossiyaning harakatlari alyans harbiy infratuzilmasining mamlakat chegaralariga qanchalik yaqinlashishidan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Avvalroq Rossiya finnlar va shvedlarga «harbiy-texnik javob» va «mudofaaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha choralar» bilan tahdid qilgandi.

Shvetsiya va Finlandiyaning (yoki ushbu mamlakatlardan birortasining) NATOga qo‘shilishi butun Yevropa qit’asi uchun xavfni kamaytiradimi yoki Yevropa yanada xavfli joyga aylanadimi?

NATO - Ikkinchi jahon urushi yakunlangach tuzilgan mudofaa alyansi. Hozirda uning tarkibida 30 mamlakat bor. Alyans shtab-kvartirasi - Bryusselda joylashgan, ammo tashkilotning asosiy harbiy qudrati, jumladan yadroviy kuchi - Vashingtonning qo‘lida.

Finlandiya va Shvetsiya - rivojlangan demokratik mamlakatlar va NATOga a’zo bo‘lish mezonlariga javob beradi. Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibi Yens Stoltenberg allaqachon bu mamlakatlarni quchoq ochib kutib olishi va ularning a’zoligini rasmiylashtirish kechiktirib o‘tirilmasligini ma’lum qilgan.

Yens Stoltenberg Shvetsiya va Finlandiya agar istak bildirsa, ularni qabul qilish yo‘lini «nisbatan tezroq» topishga va’da bergan.
AQSHning Yevropadagi quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimidan iste’foga chiqqan armiya general-leytenanti Ben Hodjes ushbu mamlakatlar qo‘shilishi G‘arb uchun foydali bo‘lishiga shubha bildirmaydi: «Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lib kirishi - bu ulkan hodisa, voqealarning juda ijobiy rivoji bo‘lgan bo‘lardi. Ikkisi ham - rivojlangan demokratik davlatlar, ularning ikkisining ham armiyasi juda yaxshi, malakali va modernizatsiya qilingan, mobilizatsiya tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan».

Finlandiya misolida harbiy integratsiya allaqachon u yoki bu shaklda amalga oshirilmoqda. Yaqinda Britaniyadan kelgan tank ekipajlari finnlarning zirhli brigadasi tarkibida NATOning ko‘p millatli Birlashgan ekspeditsiya kuchlarini (Joint Expeditionary Force, JEF) tashkil etuvchi amerikalik, latviyalik va estoniyalik harbiylar bilan birgalikdagi manyovrlarda ishtirok etdi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligiga ko‘ra, bunday manyovrlardan maqsad «Rossiyaning Skandinaviya va Boltiqbo‘yi davlatlariga tajovuzining oldini olish» hisoblanadi.

Xo‘sh, u holda bu ikki davlat (yoki hech bo‘lmaganda bittasi) NATOga qo‘shilishida qanday muammo bor?

Rossiya, aniqrog‘i - prezident Vladimir Putin NATOga mudofaa alyansi sifatida qaramaydi. Aksincha. Putin bu tashkilotda Rossiya xavfsizligi uchun tahdidni ko‘radi. U 1991 yilda sovetlar ittifoqi qulagach NATO asta-sekin, ammo ishonch bilan sharqqa, Moskva tomon kengayib borayotganini tashvish bilan kuzatadi.

Putin KGBning yosh zobiti bo‘lgan mahalda Moskva Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi vaziyatni nazorat qilar, Varshava kelishuviga a’zo davlatlarning aksariga sovet qo‘shinlari joylashtirilgandi.

Bugungi kunda bu davlatlarning deyarli barchasi G‘arbni tanladi va NATOga a’zo bo‘lib kirdi. Sobiq sovet respublikalaridan Estoniya, Latviya va Litva ham shunday yo‘l tutishgan.

Rossiya - juda uzun chegaralarga ega mamlakat va bu chegaradan faqat 6 foizlik qismida NATO bilan chegaradosh. Shunda ham Kremldagilar NATO mamlakatni qurshab olgan va tahdid solmoqda, deb hisoblashadi.

O‘z qo‘shinlarini Ukrainaga jo‘natishdan avvalroq prezident Putin Yevropa xavfsizlik xaritasini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgandi. U NATO harbiylari Sharqiy Yevropadagi barcha mamlakatlardan olib ketilishi va alyansga boshqa a’zo qabul qilinmasligi kerakligini ta’kidlagandi.

Uning Ukrainaga bostirib kirishi teskari natija berdi.

O‘nlab yillar mobaynida Finlandiya va Shvetsiya o‘z betarafligini ardoqlab keldi. Ikki mamlakat ham G‘arb madaniyatiga mansub, ammo hozirgi voqealarga qadar bu mamlakatlar o‘zining yirik, yadro quroliga ega bo‘lgan qo‘shnisini bezovta qilishni istamas edi.

Ukrainaga bosqin ularni o‘z nuqtayi nazarini zudlik bilan o‘zgartirishga undadi. Endi bu mamlakatlarning hukumatlari rahbarlari ham, fuqarolari ham NATO soyaboni ostida bo‘lish xavfsizroqligi (Shimoliy Atlantika kelishuvining 5-moddasiga ko‘ra, alyansning biror a’zosiga hujum qilinsa, bu barchaga qilingan hujum sifatida qabul qilinib, qolgan a’zolar ham qurolli yordam berishi ko‘rsatilgan) haqida o‘ylay boshlashdi.

Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson va Finlandiya bosh vaziri Sanna Marin
Finlandiyada yaqinda o‘tkazilgan so‘rovlar finnlarning 62 foizi NATOga a’zo bo‘lish tarafdori ekanini ko‘rsatgan. Taqqoslash uchun, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 22 foizni tashkil etgan.

Shvetsiyada esa 2022 yil fevralidagi so‘rovda so‘ralganlarning 41 foizi NATOga a’zo bo‘lib kirishni ma’qullagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 59 foizga yetgan.

«‎Ijobiy‎» argumentlar

Harbiy nuqtayi nazardan alyansga shvedlar va finnlar armiyasi qo‘shilishi NATOning Yevropa shimolidagi mudofaa qudratini sezilarli darajada kuchaytiradi, bu tomonda Rossiya qurolli kuchlari alyansnikidan katta ustunlikka ega hisoblanadi.

Ben Hodjesning so‘zlariga ko‘ra, Finlandiyaning ulushi F-35 qiruvchi samolyotlari (Helsinki yaqinda bunday samolyotlardan 64 tasini xarid qilgan), Shvetsiyaniki esa - Patriot zenit-raketa majmualari bo‘ladi. Fin hukumati yaqinda mudofaa uchun xarajatlarini 2,2 milliard dollarga oshirdi - bu esa alyans uchun yaxshigina sovg‘a. NATOning bu davlatlar uchun moliyaviy va ekspertlik xarajatlari juda arzimas miqdorda bo‘ladi.

Bundan tashqari, Shvetsiyada Boltiq dengizida katta va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Gotland oroli bo‘lib, bu yerdan Rossiyaning Boltiq floti shtab-kvartirasi joylashgan Kaliningradgacha masofa 300 kilometrdan ortiqroqni tashkil etadi.

Shvetsiyaning ham, Finlandiyaning ham qurolli kuchlari Arktikadagi jangovar harakatlar uchun o‘rgatilgan, ular Skandinaviyaning qorli o‘rmonlarida intensiv mashg‘ulotlar o‘tkazib kelishadi.

1939 yilda sovetlar ittifoqi Finlandiyaga hujum qilganida, finnlar qattiq qarshilik ko‘rsatib, Qizil armiyaga katta talafot yetkazishgandi.

Geografik nuqtayi nazardan Finlandiyaning qo‘shilishi NATO mudofaasidagi katta bo‘shliqni yopadi, alyansning Rossiya bilan umumiy chegaralari ikki barobar kengayadi.

Hodjesning qayd etishicha, bu orqali Boltiq dengizi mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlik holati sezilarli darajada yaxshilanadi.

Siyosiy nuqtayi nazardan Skandinaviyadagi ikki davlat NATOga qo‘shilishi G‘arbning mushtarak mudofaasiga birdamlik va yaxlitlik qo‘shadi hamda Putinga suveren Ukrainaga bosqin butun Yevropani birlashtirgani to‘g‘risida aniq signal yuboradi.

«Qarshi» argumentlar

Oddiy qilib aytganda, bu o‘rinda xavf shundaki, NATOning Rossiya ostonasida bu qadar kengayishi Kremlni shunchalik g‘azabga soladi va bu g‘azab u yoki bu shaklda namoyon bo‘ladi.

Putin «harbiy-texnik javob» qaytarish bilan tahdid qilar ekan, buni ikki xil tushunish mumkin: harbiylar va raketalarni G‘arbga yaqinroq joylashtirish orqali chegaralarni mustahkamlash va ehtimol Skandinaviya davlatlariga kiberhujumlar uyushtirish.

Ko‘p yillar mobaynida Shvetsiya o‘z betarafligi samarasidan foydalanib keldi va bundan voz kechish oson emas. Chunki bu a’zolikning shved harbiy sanoati uchun ham o‘ziga xos badali bo‘ladi - alyansga a’zo bo‘lib kirgan mamlakat o‘zi ishlab chiqargan emas, NATOning qurollarini sotib olishga majbur bo‘ladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi «Yevropa qit’asiga qo‘shimcha xavfsizlik olib kelmasligi»ni aytgan.

Vladimir Putin bolaligidagi bir voqeani eslashni xush ko‘radi, unga ko‘ra u tomonidan burchakka taqalgan kalamush ortga qayrilgan va uning o‘ziga hujum qilgan.

Putin va uning atrofidagilar hozirdanoq Ukrainaga bosqinni oqlar ekan bu orqali NATOning Rossiya borasidagi rejalarini barbod qilinganini ta’kidlashmoqda. Agar Kremldagilar yetarli sabablarsiz shimoliy qanotning keskin kengayishini Rossiya xavfsizligiga ekzistensial tahdid soladi deb qaror qilsa, Moskva bunga javoban aynan qanday chora ko‘rishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa yanada kuchli va xavfsizroq bo‘ladimi yoki yangi tahdidlar bilan to‘qnashadimi?