“Roma” so‘nggi daqiqalarda fantastik g‘alabani ilib ketdi

Italiya A Seriyasining 36-turida “Roma” safarda “Parma”ga qarshi maydonga tushdi va haqiqiy dramatik g‘alabaga erishdi. “Ennio Tardini” stadionida o‘tgan bahsda Gasperini shogirdlari oxirgi daqiqalargacha taslim bo‘lmadi va 2:3 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuv “Roma” uchun yaxshi boshlandi. 22-daqiqada Malen hisobni ochib, mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim rimliklar ustunligi bilan yakunlangandek ko‘rindi, ammo ikkinchi bo‘limda “Parma” o‘yinga qaytish uchun jiddiy bosim o‘tkazdi.
47-daqiqada Strefetssa mezbonlar nomidan hisobni tenglashtirdi. Bu gol “Parma”ga qo‘shimcha ruh berdi va o‘yin sur’ati yanada oshdi. 87-daqiqada Keyta raqib darvozasini ishg‘ol qilib, mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Shu pallada ko‘pchilik “Roma” mag‘lubiyatga uchradi, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin.
Ammo futbolda final hushtagi chalinmaguncha hech narsa tugamaydi. “Roma” aynan shu haqiqatni yana bir bor isbotladi. 90+4-daqiqada Rench hisobni tenglashtirib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqardi. Bu golning o‘ziyoq rimliklar uchun katta ruhiy ko‘tarilish bo‘ldi.
Drama shu bilan tugamadi. 90+9-daqiqada “Parma” futbolchisi Britsji chetlatildi. Oradan ko‘p o‘tmay, 90+11-daqiqada Malen penaltidan aniq zarba berib, “Roma”ga aqlbovar qilmas g‘alabani taqdim etdi. Bir o‘yin ichida umid, alam, qaytish va g‘alaba — hammasi bor edi. A Seriya ssenaristlari bu safar Netflix'dan ham qattiq ishlab yuborishdi.
Bu natijadan keyin “Roma” ochkolari sonini 67 taga yetkazdi va turnir jadvalida 5-o‘ringa qaytdi. Gasperini jamoasi 4-pog‘onadagi “Milan” bilan ochkolar bo‘yicha tenglashib oldi. “Parma” esa 42 ochko bilan 13-o‘rinda qoldi.
A Seriya. 36-tur
“Parma” — “Roma” 2:3
Gollar: Strefetssa, 47, Keyta, 87 — Malen, 22, 90+11 penalti, Rench, 90+4.
“Parma”: Suzuki, Sirsati, Troilo, Valenti, Delprato, Britsji, Ordonez, Nikolussi-Kavilya, Esteves, Keyta, Valeri, Karboni, Elfege, Almkvist, Strefetssa, Pellegrino.
“Roma”: Svilar, Manchini, Ndika, Ermoso, Gilardi, Chelik, Rench, Kristante, Al Aynaui, Kone, Venturino, Uelsi, Soule, Pisilli, Dibala, Malen.
Ogohlantirishlar: Strefetssa, 48, Troilo, 65, Britsji, 76.
Chetlatish: Britsji, 90+9.
Umuman olganda, “Roma” bu o‘yinda xarakter, sabr va oxirigacha kurashish nima ekanini ko‘rsatdi. 87-daqiqada hisobda ortda qolib, 90+11-daqiqada g‘alabani ilib ketish — bu oddiy natija emas, jamoaning ichki kuchini ko‘rsatadigan katta signal. Mavsum oxirida bunday g‘alabalar faqat uch ochko emas, butun jamoaga ishonch beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!