O‘zini o‘zi operatsiya qilgan shifokor: jasoratli voqea

Tibbiyot tarixida kamdan-kam uchraydigan, ammo hayratlanarli voqealardan biri — o‘zini o‘zi operatsiya qilgan shifokor haqida eshitganmisiz? Bu voqea 1961 yilda Antarktidadagi sovet ilmiy stansiyasida sodir bo‘lgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
O‘sha paytda yosh jarroh Leonid Rogozov ekspeditsiya tarkibida ishlayotgan edi. U kutilmaganda o‘zida appenditsit alomatlarini sezadi. Holati kundan-kunga og‘irlashib, shoshilinch operatsiya zarurligi ayon bo‘ladi. Biroq kuchli qor bo‘roni va noqulay ob-havo sharoiti sabab tashqi yordam yetib kelishi mutlaqo imkonsiz edi.
Shunda u jasoratli qaror qabul qiladi — operatsiyani o‘ziga o‘zi o‘tkazish. Albatta, u buni yolg‘iz bajarmaydi: ikki nafar texnik yordamchi asboblarni uzatib turadi va oyna tutib, jarayonni kuzatishga ko‘maklashadi. Rogozov mahalliy og‘riqsizlantirish (anesteziya) qo‘llab, operatsiyani boshlaydi.
Qariyb 1 soat 45 daqiqa davom etgan murakkab jarayon davomida u bir necha bor holsizlanib, qisqa tanaffuslar qilishga majbur bo‘lgan. Shunga qaramay, u operatsiyani muvaffaqiyatli yakunlaydi va o‘z hayotini saqlab qoladi.
Eng qizig‘i, operatsiyadan so‘ng u tez orada tiklanib, yana o‘z ishiga qaytgan. Bu voqea nafaqat tibbiyot tarixida, balki inson irodasi va jasoratining yorqin namunasi sifatida ham e’tirof etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!