1 055
Insoniyat endi moliyaviy inqiroz paytida nima qilishni biladi. Nobel olgan Bernanke haqida

Ben Barnanke / Foto: brookings.edu
Jorj Bush va Barak Obama davrida AQSh Federal rezerv tizimini boshqargan Ben Bernanke iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻldi. Uning tadqiqotlari yirik moliyaviy inqirozlarning oʻta yomon oqibatlaridan qutqarib qolgani e'tirof etiladi. Bernanke oʻz faoliyati bilan butun dunyo iqtisodchilarining moliyaviy inqirozlar haqidagi fikrlarini oʻzgartirib yuborgan.
Pandemiya inqirozidan tiklanib ulgurmagan dunyo iqtisodiyoti urush sababli yangi inqiroz yoqasida turibdi. Lekin, umidbaxsh yangilik shuki, moliyaviy texnokratlarning salbiy voqealar rivojiga hozirgi tayyorgarligi 2008 yilgi inqirozdan koʻra ancha yaxshiroq. Bunga sabab esa – amerikalik uch iqtisodchining tadqiqotlaridir.
Ayni shu global iqtisodiy vaziyat sabab boʻlgan shekilli, iqtisodiyot boʻyicha bu yilgi Nobel mukofoti banklar va moliyaviy inqirozlar boʻyicha tadqiqotlari uchun Bernanke, Daymond va Dibvigga berildi.
Ben Bernanke AQSh Federal zaxira tizimining (FED) sobiq raisi, Duglas Daymond Chikago universiteti professori, Filip Dibvig esa Sent-Luisdagi Vashington universiteti professoridir.

Foto: Nobel qoʻmitasi
Stokholmdagi Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasidagi Nobel qoʻmitasining qayd etishicha, bu uch iqtisodchi tomonidan 1983 va 1984 yillarda chop etilgan tadqiqotlar iqtisodiyotni barqaror ushlab turish yoki inqirozga olib kelishda banklarning rolini juda yaxshi tushuntirib bergan.
Qoʻmita ularning ishlari moliyaviy inqirozlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga katta hissa qoʻshganini e'tirof etdi. Olimlar oʻz tadqiqotlari bilan siyosatchilarga bank tizimida jiddiy xatolarga yoʻl qoʻymaslikning muhimligini koʻrsatishgan.
Prezidentlar e'tiboriga tushgan iqtisodchi Bernanke kim?
Nobel mukofoti sovrindorlari nomlari e'lon qilingach, eng koʻp muhokamalarga sababchi boʻlgan olim Bernanke boʻldi. Amerikalik 69 yoshli iqtisodchi – Harvard universiteti bitiruvchisi. U doktorlik dissertatsiyasini Massachuset texnologiya institutida yoqlagan.
Ben Stenfordda, keyin esa Prinston universitetida iqtisoddan dars bergan, u erdagi akademik faoliyatini 2002 yilgacha, davlat xizmatiga oʻtguncha davom ettirgan. Bernanke ilk bor 2005 yilda prezident Jorj Bush tomonidan FED raisi etib tayinlangan.
2009 yilda prezident Barak Obama uni ikkinchi muddatga rais lavozimiga nomzod qilib koʻrsatdi. 2014 yilda uning oʻrniga Jenet Yellen rais etib tayinlandi.
Bernanke Federal zaxira tizimi raisi sifatida ikki muddat xizmat qilishdan oldin 2002 yildan 2005 yilgacha Federal rezerv boshqaruv kengashi a'zosi boʻlgan.
Dunyoning eng katta iqtisodiyoti inqirozdan qanday olib chiqilgan edi?
Bernanke AQShda 1930-yillarda kuzatilgan Buyuk depressiyani chuqur tahlil qilgan. Bu boradagi izlanishlari natijalarini FED rahbari sifatida 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan chiqish uchun amaliyotda qoʻlladi.
Ya'ni u moliyaviy tizimga ishonchni tiklash uchun agressiv va eksperimental yondashuvni qoʻlladi.

Barak Obama va Ben Bernanke / Foto: Oq uy
FED global inqirozni ushlab turish uchun qoʻllagan koʻplab strategiyalardan biri iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun past foizli siyosatni joriy qilish edi. Bernanke rahbarligi ostida FED foiz stavkalarini deyarli nolga tushirdi. Federal mablagʻlar stavkasini pasaytirish orqali banklar bir-birlariga pastroq stavkada qarz berishadi va oʻz navbatida iste'molchilar va korxonalarga past foiz stavkalarini taklif qilishlari mumkin boʻladi.
Sharoitlar yomonlashgani sababli, Bernanke miqdoriy yumshatish dasturini taklif qildi. Miqdoriy engillashtirish sxemasi iqtisodiyotdagi pul massasini oshirish uchun gʻaznachilik qimmatli qogʻozlari va ipoteka bilan ta'minlangan qimmatli qogʻozlarni (MBC) noan'anaviy sotib olishni oʻz ichiga olgan edi. Ushbu qimmatli qogʻozlarni katta miqdorda sotib olib, FED ularga boʻlgan talabni oshirdi, bu esa narxlarning oshishiga olib kelgan.
Obligatsiyalar narxi va foiz stavkalari teskari bogʻliq boʻlgani sababli, foiz stavkalari yuqori narxlarga javoban pasaygan. Past foiz stavkalari biznes investitsiyalarini moliyalashtirish xarajatlarini pasaytirgan va shu bilan biznesning moliyaviy holati yaxshilangan.
Faoliyatini mustahkamlash orqali korxonalar koʻproq ish oʻrinlarini yaratishga muvaffaq boʻlgan, bu esa ishsizlik darajasini pasaytirishga yordam bergan.
Ben Bernanke, shuningdek, bir qancha muammoli yirik moliya institutlarini qutqarib, yomonlashib borayotgan iqtisodiy sharoitlar oqibatlarini yumshatishga yordam berdi. Federal zaxira tizimi Lehman Brothers'ning bankrot boʻlishiga yoʻl qoʻyish qarorini qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, AIG Insurance kabi bankrot boʻlish xavfi yuqori boʻlgan kompaniyalarni qutqardi.
2008 yilgi inqiroz paytida Bernanke Federal rezerv tizimini Markaziy bank kuchidan keng foydalanishga undadi, foiz stavkalarini nolga yaqin tushirdi va iqtisodiy faollikni ragʻbatlantirish maqsadida oʻsha paytdagi rekord darajadagi 4 trillion dollar aktivlarni yigʻdi.
Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasining sobiq bosh iqtisodchisi Oliver Blanchard iqtisodchi Bernanke hozirda hayot boʻlgan boshqa iqtisodchilarga qaraganda global oʻsish uchun koʻproq ish qilganini ta'kidlaydi.
“Moliyaviy inqiroz vaqtida uning sa'y-harakatlarisiz yalpi ichki mahsulot undan ham koʻproq qulagan boʻlardi. U nafaqat moliyaviy, boshqa sabablarga koʻra ham mukofotga loyiqdir”, – deb yozdi u Twitter'da.

Ben va Anna Barnanke / Foto: FED
Nobelga loyiq tadqiqotlar
Bernankening FED rahbari sifatidagi faoliyati e'tirofga loyiq boʻlsa-da, unga Nobel mukofoti berilishiga asosiy sabab – ilmiy tadqiqotlaridir.
Bernanke oʻz izlanishlari bilan bank tizimidagi inqirozlar iqtisodiy tanazzullarning natijasi emas, balki bu inqirozlarning qancha chuqur va uzoq davom etishini belgilovchi omil ekanini koʻrsatib bergan.
Banklar inqirozga uchrashining tadqiq etilgan yana bir salbiy tomoni shunda ediki, banklar qulaganida qarz oluvchilar haqidagi qimmatli ma'lumotlar ham gʻoyib boʻlgan va bu yangi institutlar uchun jamgʻarmalarni samarali investitsiyalarga aylantirishni qiyinlashtirgan.
Nobel qoʻmitasi uning tadqiqotlari COVID-19 pandemiyasidan keyingi global moliyaviy inqirozdan chiqishga yordam berganini ham ta'kidlaydi.
Markaziy bank siyosatdan xoli boʻlishi kerak
Bernanke Federal zaxira tizimi va boshqa markaziy banklar oʻzlarining muhim iqtisodiy qarorlarini siyosiy aralashuvdan xoli qabul qilish qobiliyatini himoya qilishlari kerakligi haqida fikrlari ham alohida e'tiborga molik. Uning bu fikrlari 2010 yilda, FED raisi boʻlgan paytlarda yangragan edi.
Hukumatlar 2008 yildagi kabi yana bir global moliyaviy inqirozning oldini olish boʻyicha sa'y-harakatlarni davom ettirar ekan, Bernanke FED va boshqa mamlakatlar markaziy banklarining pul-kredit siyosati – foiz stavkalarini belgilashda mustaqilligini saqlab qolish muhimligini ta'kidlagan.
U ba'zan Markaziy banklar inflyatsiyani jilovlash uchun siyosatchilarga yoqmaydigan qarorlar qabul qilishiga toʻgʻri kelishini aytgan. Iqtisodchi garchi past foiz stavkalari odamlarga yoqib, siyosatchilarga saylov kompaniyalariga obroʻ olib kelsa-da, uning oqibatlari juda yomon boʻlishini, istiqbollarni yomonlashtiradigan inflyatsiya bosimi yuzaga kelishidan ogohlantirgan.
U, shuningdek, FED'ning uzoq muddatli qimmatli qogʻozlarni sotib olish boʻyicha qarorlari, foiz stavkalarini pasaytirish harakati siyosiy aralashuvdan himoyalangan boʻlishi kerakligiga urgʻu bergan.
Tanqidlar…
Bernankening Nobelga loyiq koʻrilishi unga nisbatan tanqidlarni yana jonlantirdi.
Hatto uning tarafdorlari ham 2002 yildan 2005 yilgacha FED raisi sifatida Bernanke uy-joy inqirozining ogohlantiruvchi belgilarini e'tiborsiz qoldirganini tan olishadi. Tanqidchilar uning 2008 yildagi harakatlari inflyatsiyaning oʻsishi va bugungi iqtisodiy muammolarga bevosita sababchi boʻlgan deb hisoblashadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar davomida Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi Botir Qobilov Bernankega nisbatan tanqidlarni shunday tushuntiradi:
“Koʻpchilik uni 2008-2009 yillardagi krizis paytida markaziy bank raisi boʻlgani uchun taniydi. Vaholanki, uning akademik karerasi va tadqiqotlari undan muhimroq. Bernanke kabi akademik karerasidagi izlanishlarni davlat ishida oʻzi amalda qoʻllaydigan iqtisodchilar juda kam boʻlsa kerak. Uning fikrlari va amaliy ishlari akademiyadan tortib markaziy bank siyosatigacha mantiqiy”.
“Nobel olishimni kutmagan edim”
Bernankening oʻzi jurnalistlarga bergan intervyusida mukofot olishini xayoliga ham keltirmaganini aytdi.
“Biz buni mutlaqo kutmagan edik va shu sababli rafiqam bilan kecha (gʻoliblar e'lon qilinishidan bir kun oldin) telefonlarni oʻchirib uxladik. Ammo Chikagodagi qizim qoʻngʻiroq qilib bu yangilikni aytdi”, – deydi Bernanke jurnalistlar bilan suhbatda.
2022 yil avgustdagi ma'lumotlarga koʻra, Ben Bernanke hozirda Vashingtonda joylashgan notijorat jamoat tashkiloti Brukings institutida iqtisodchi boʻlib ishlaydi; u erda fiskal va pul-kredit siyosati boʻyicha maslahatlar beradi.
Boshqa gʻoliblar

Duglas Daymond / Foto: Jim Vondruska / Reuters

Filip Dibvig / Foto: Associated Press
2022 yilgi iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotining yana ikki laureati – Duglas Daymond va Filip Dibvig ham banklar va inqirozlar haqidagi tadqiqotlari sabab e'tirof etildi.
Daymond va Dibvig 1983 yilda qarz oluvchilar uzoq muddatli moliyalashtirishga ega boʻlganida banklar qanday qilib likvidlikni saqlab qolishiga oid nazariy modelni ishlab chiqqan.
Madina Ochilova tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar