
Foto: Twitter
Eronning Evin nomli mashhur qamoqxonasida kuchli yong‘in yuzaga keldi. IRNA davlat axborot agentligi kamida sakkiz jabrlanuvchi haqida xabar bergan. Qurbonlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Voqea joyidan videolar e’lon qilgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxona kompleksida qanchadir vaqt otishma va sirena ovozlari eshitilgan.
Eron muxolifatchi guruhlaridan birida joylashtirilgan videoda «Diktatorga o‘lim» hayqirig‘i yangraydi - bu Eronni qamrab olgan namoyishlar shiorlaridan biri hisoblanadi.
Davlat nashrlari qamoqxonada vaziyat nazorat ostida ekani, yong‘in uchun «kriminal elementlar» javobgar ekanini ma’lum qilgan.
Qamoqxonaga olib boruvchi yo‘l to‘sib qo‘yilgan, ichkariga esa, guvohlarning aytishicha, politsiyaning maxsus batalonlari kiritilgan. Shuningdek, voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar ishlamoqda.
Davlat agentliklari talqiniga ko‘ra, yong‘in mahbuslardan biri o‘t qo‘yishi oqibatida kelib chiqqan. Bu ma’lumotni tasdiqlaydigan boshqa mustaqil manba yo‘q.
Shuningdek IRNA davlat axborot agentligi hisoblariga ko‘ra, qamoqxonadagi «banditlar» saqlangan qanotda boshlangan tartibsizliklar bostirilgan (hozircha sakkiz jabrlanuvchi haqida ma’lum). Bunda «banditlar» deb siyosiy mahbuslar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin, Evin qamoqxonasida aynan shunday mahbuslar saqlanadi, ular so‘nggi namoyishlarga aloqador emas.
Tasnim axborot agentligi esa shaxsi sir tutilishini so‘ragan eronlik amaldorga tayanib, tartibsizliklarda siyosiy mahbuslar ishtirok etmagani haqida xabar bergan.
Reuters bilan suhbatlashgan guvohlardan biriga ko‘ra, qamoqxona atrofida mahbuslarning qarindoshlari to‘plangan.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) October 16, 2022
Evinda muxolifatchilardan tashqari eronlik jurnalistlar va Eronda ozodlikdan mahrum etilgan xorijliklar, shuningdek ikki fuqarolikka ega shaxslar ham muddat o‘taydi.
G‘arb huquq tashkilotlari azaldan Evin qamoqxonasidagi qat’iy rejimni tanqid qilib keladi. Human Rights Watch tashkilotidagilar Evindagi mahbuslar qiynoqqa solinishi, ularga zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmasligi va undaylar butun umr qamoqda qolish xavfi mavjudligi haqida yozadi.
O‘tgan yil avgustida Edalat-e Ali (Alining adolati) nomli hakerlar guruhi internetga qamoqxona ichkarisidagi kuzatuv kamerasiga tushgan videoyozuvlarni e’lon qilgandi - ularda nozirlar mahbuslarni kamsitayotgani va qiynayotgani aks etgan.
Eronda bir necha haftadan buyon namoyishlar davom etmoqda. Bu Eronda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik jamoatchilik noroziligi bo‘ldi va hukumat uchun jiddiy chaqiriqqa aylandi.
Barchasi 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limi ortidan boshlandi, u 13 sentyabr kuni hijob o‘rash qoidalarini buzgani uchun Erondagi ma’naviyat politsiyasi tomonidan qo‘lga olingandi.
Hibsga olish jarayoniga guvoh bo‘lganlarning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachilar uni kaltaklashgan, keyin esa u komaga tushib qolgan. Bir necha kun o‘tib Mahsa shifoxonada jon bergan.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Evinda namoyishlar vaqtida qo‘lga olingan yuzlab muxolifatchilar ham saqlanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar