00:13 / 27.12.2022
1 143

Muso ibn Nusayr — Mag‘rib va Andalusiya fotihi

Muso ibn Nusayr — Mag‘rib va Andalusiya fotihi
Buyuk musulmon sarkardasi Muso ibn Nusayr Mag‘rib, Sitsiliya, Kipr va Andalusiyaning fotihi sanaladi.

Abu Abdurrahmon Muso ibn Nusayr ibn Abdurrahmon ibn Zayd al-Lahmi yal-Bakriy 640 yili (19 hijriy) ikkinchi xalifa Umar ibn Al-Xattob roziallohu anhu davrida Falastin shimolidagi Al-Xalil chekkasidagi qishloqlardan birida tug‘ilgan.

Muso yoshligidanoq yozishni o‘rgangan, so‘ngra Qur’on va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yod olgan. Otasi Nusayr xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu qo‘riqchilarining qo‘mondoni va uning yaqin yordamchilaridan biri edi.

Otaning bu mavqei Muso ibn Nusayrga o‘sha davrning buyuk sarkardalari, donishmand nufuzli kishilari va siyosatchilari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi va xalifaning saroyida sodir bo‘lgan hamma narsani ichkaridan ko‘ra oldi.

Kipr va Rodosning zabt etilishi

Muso ibn Nusayr yoshligida ham turli diyorlarda islomni yoyish uchun ko‘plab harbiy yurishlarda qatnashgan.

Bir kuni navbatdagi harbiy yurishga hozirlik ko‘rayotgan Musoning otasi dubulg‘a kiyib, beliga qilich bog‘lagan o‘g‘lini ko‘rib qoladi. Otasi o‘g‘lining o‘zi kabi sarkarda bo‘lishini juda xohlardi. Bu orzu ro‘yobga chiqdi. Muso ibn Nusayr Kipr orolini qaytarib olish uchun yo‘lga chiqqan qo‘shinga sarkarda etib tayinlanadi. Bu yurishda Muso ibn Nusayr g‘alabaga erishdi - Kiprni musulmonlarga qaytardi, u yerda qal’alar qurdi va keyinchalik unga hokim etib tayinlandi. Bundan tashqari, 673 (hijriy 53) yilda Muso ibn Nusayr Rodosni zabt etish uchun yurish qilgan qo‘shin qo‘mondonlaridan biri etib tayinlandi. Bu jangda ham musulmonlar qo‘shini g‘alaba qozondi.

Muso ibn Nusayr — Misr hokimining vaziri

684 yilda (65 hijriy) Yazid ibn Muoviyaning kichik o‘g‘li qisqa vaqt hukmronligidan so‘ng, Marvon ibn al-Hakam musulmonlar hukmdori bo‘ldi. Bu Muso ibn Nusayr orzulari va ezgu maqsadlarini amalga oshirish uchun intiqlik bilan kutilgan fursat edi.

684 yilning o‘zida Marvon Misrga qo‘shin tayyorlashni buyurdi. Xalifaning o‘g‘li Abdulaziz ibn Marvon va uning do‘sti Muso ibn Nusayr boshchiligidagi qo‘shin Misrga yo‘l oladi.

Qo‘shin ortidan Marvonning o‘zi ham Misrga yetib keladi. U xalifalikning bu muhim qismini Umaviylar hukmronligi ostida birlashtira oldi. Keyin Marvon Misrni tark etib, o‘g‘li Abdulazizni voliy, Muso ibn Nusayrni vazir qilib tayinlaydi.

Muso ibn Nusayr Abdulaziz ibn Marvon huzurida bo‘lgan vaqtda uning sirdosh va barcha davlat ishlarida yordam beradigan ishonchli odamiga aylandi. Bu vaqtga kelib Muso siyosat va davlat boshqaruvidagi tajribasini oshirdi. Marvon ibn Al-Hakam vafot etgach, uning o‘g‘li Abdulmalik ibn Marvon keyingi Umaviylar xalifasi bo‘ldi. Abdulaziz ibn Marvon Muso ibn Nusayrni ukasi oldida tez-tez maqtab, davlatga sodiq xizmatini alohida ta’kidlar edi.

Bir kuni Abdulaziz akasi xalifa Abdulmalikdan maktub oladi, unda ukasi Bishr ibn Marvonni Basraga voliy qilib, Muso ibn Nusayrni esa shaharni boshqarishda yordam beradigan vazir qilib tayinlagani haqida xabar keladi.

Alloh taolo Musoga o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini berdi, uning vazirlik ishi benuqson edi. Ko‘p o‘tmay xalifa Abdulmalik Bishrni Kufa shahriga jo‘natib, Muso ibn Nusayrni Basraga hokim qilib qoldirib, shaharni bir o‘zi boshqargan.

Muso ibn Nusayrning Shimoliy Afrikadagi fathlari

Keyinchalik Abdulaziz ibn Marvon qahramonimiz Muso ibn Nusayrni Hasan ibn An-Nu’mon o‘rniga Ifriqiya (Shimoliy Afrika) hukmdori etib tayinladi. Muso ibn Nusayr tayinlanganidan ko‘p o‘tmay kuchli va samarali qo‘shin to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. U qo‘shin oldida so‘zga chiqib, Alloh taologa hamd aytdi va shunday dedi: “Men ham sizdek odamman, kim mendan bir yaxshilik (yaxshilik) ko‘rsa, Allohga hamd aytsin va shunga o‘xshash ish qilishga harakat qilsin. Kim mendan yomonlik ko‘rsa, unutmasinki, men ham siz kabi xato qilaman, siz kabi men ham haq bo‘lib chiqishim mumkin.

Ko‘p o‘tmay Muso ibn Nusayr bu qo‘shinning boshida Mag‘rib tomon yurish qildi. Chunki avvalgi hokim Hasan ibn An-Nu’mon ketganidan so‘ng bu hududlarga barbar qabilalari bostirib kirishgan edi.

706—709 yillarda Mag‘ribning barbar qabilalariga qarshi yurishda Muso ibn Nusayr ularni mag‘lubiyatga uchratib, ko‘p qismini Umaviylar xalifasi hokimiyatiga bo‘ysundirishdi. Qo‘shin Qayruvon shahriga yetib kelib, g‘alaba uchun Alloh taologa shukr qilib duo qildi.

Bundan tashqari, Muso ibn Nusayr qo‘shinlari shimoliy va sharqiy Mag‘rib bo‘ylab tarqalib, ko‘proq yerlar, istehkomlar va qal’alarni bosib oldilar. Hatto ular ilgari musulmonlar hokimiyatiga bo‘ysunmagan Mag‘rib qabilalarini ham Umaviylarga bo‘ysundirdilar. Shundan so‘ng Muso ibn Nusayr Vizantiya hukmdori Yulian qo‘l ostida bo‘lgan Tanjerni qo‘lga kiritishga qaror qildi. U Toriq ibn Ziyod boshchiligidagi ulkan qo‘shin bilan birga Qayruvondan Tanjer tomonga otlanishdi. Muso ibn Nusayr va uning askarlari Tanjerni qurshab oldi va uzoq qamaldan keyin musulmonlar shaharni fath etishdi.

Muso bu hududda musulmonlar uchun yangi shaharlar qurdirdi. Tez orada bu hududlar aholisi islomni qabul qildi. Muso ibn Nusayr do‘sti Abdulazizga maktub yozib, unga yangi fathlar haqida xushxabar berib, ular hosil qilgan xumus (o‘ljaning beshdan bir qismi) o‘ttiz ming dinorga yetganini aytdi.

Oradan ko‘p o‘tmay Damashqdagi xalifa Abdulmalikning huzuriga elchilar yetib kelishdi va ular Muso ibn Nusayrning g‘alabalari haqida xushxabar keltirishdi. Xalifa juda xursand bo‘lib, Musoni muvaffaqiyati uchun mukofotladi.

Muso ibn Nusayr fath qilingan shaharlarda Allohning dinini yoyishga kirishib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Bu yerlarda arab va boshqa xalqlarni ajratmasdan, faqat odamlarning taqvosi va xayrli ishlarini hisobga olgan holda adolatli hukmronlik qildi.

Musulmon hokimiyatining o‘z fuqarolariga munosabatini ko‘rgan o‘sha hudud aholisining Islomga muhabbati oshib, kufr va shirkni tark etib, ommaviy ravishda iymonga keldilar. Bularning barchasi, avvalo, Alloh taoloning rahmati va qolaversa Muso ibn Nusayrning sa’y-harakatlari va jasorati tufayli sodir bo‘lgan edi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Muso ibn Nusayr — Mag‘rib va Andalusiya fotihi