07:30 / 30.12.2022
2 037

So‘nggi yirik foydadan ayrilish. Rossiya neft narxining yuqori chegarasiga javoban qanday choralar ko‘rdi?

So‘nggi yirik foydadan ayrilish. Rossiya neft narxining yuqori chegarasiga javoban qanday choralar ko‘rdi?
Foto: ALEXEI DANICHEV/POOL/TASS
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlarining Rossiya neft narxiga maksimal chegara qo‘yishiga qarshi javob choralari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, Rossiya 2023 yil fevral oyidan boshlab ushbu sanksiyalarga «to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita» qo‘shilgan mamlakatlarga neft yetkazib bermaydi. Bu sxema amalda qanday ishlashi hozircha noma’lum.

Narx chegarasi bo‘yicha shartnomaga qo‘shilgan davlatlarga neft sotishga taqiq 2023 yil 1 fevraldan kuchga kiradi. Putinnin farmonida Rossiya neft yetkazib berishni to‘xtatuvchi davlatlar ro‘yxati yo‘q. Qolaversa, Putin alohida bandda ushbu farmonni chetlab o‘tish uchun maxsus ruxsatnoma berish huquqini o‘zida saqlab qolgan.

2 dekabr kuni G7 davlatlari va ularning ittifoqchilari Rossiya neftining maksimal narxi chegarasini rasman tasdiqladi. Ushbu kelishuv Yevropa Ittifoqi eng yuqori narx 60 dollar bo‘lishiga rozilik bildirilgandan so‘ng darhol imzolandi.

«Bu qaror Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushdan foyda ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qabul qilingan», deyiladi bayonotda. Biroq ayni paytda «jahon energiya bozorlari barqarorligini qo‘llab-quvvatlash» va Rossiya bosqinining «salbiy iqtisodiy oqibatlarini minimallashtirish» ko‘zlangani ham qo‘shimcha qilingan.

Mavhum javob chorasi

Vladimir Putinning Rossiya neftiga maksimal narx joriy etishga javob berish to‘g‘risidagi farmoni iloji boricha umumiy tarzda yozilgan. Farmonda bu cheklov qanday ishlashi va umuman ishlashi aniq ko‘rsatilmagan. Hujjat neft yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarda neft narxining yuqori chegarasi mexanizmi to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita nazarda tutilgan» bo‘lsa neft va neft mahsulotlarini yakuniy xaridorga yetkazib berishni taqiqlaydi. Rossiya rasmiylari xaridor bilvosita cheklovlarga rioya qilayotganini qanday bilishi yoki tushunishi noma’lum.

Rossiya uning nefti narxiga maksimal qiymat belgilanishiga javob tayyorlayotgani haqidagi xabarlar OAVda dekabr oyi boshidan tarqalgandi. Va xabarlardan bu javob chorasida nimadir noto‘g‘ri ekani ma’lum bo‘ldi.

Dekabr oyi boshida Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, ikkita aniq chora haqida yozdi. Birinchisi, rasmiylar Rossiya neftining minimal narxini belgilamoqchi edi. Ya’ni neftni ushbu narxdan arzon sotish taqiqlanadi. Ikkinchidan, maksimal chegirmani belgilash imkoniyati muhokama qilingan. Ya’ni Rossiya nefti Brent va boshqa xalqaro neft navlaridan qanchalik arzon bo‘lishi mumkinligi. Bunday choralar, nazariy jihatdan, haqiqatan ham sanksiyalarga qo‘shilgan davlatlarga neft yetkazib berishni cheklashi mumkin edi.

Bloomberg maqolasidan taxminan bir hafta o‘tgach, «Vedomosti» nashri yanada yumshoqroq versiyalar haqida yozdi. Unga ko‘ra, birinchi versiyada, neftni maksimal narx shartnomasiga «rasmiy ravishda qo‘shilgan» mamlakatlarga yetkazib berishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Ikkinchi versiyada esa agar shartnomada yetkazib berishda bir barrel uchun 60 dollar narx ko‘rsatilgan bo‘lsa, yetkazib berishni taqiqlash rejalashtirilgan. Ammo hozirgi farmonda bunday aniq choralar yozilmagan.

«Vedomosti» farmondan tashqari, RF energetika vazirligi qonunosti hujjatlarini e’lon qilishi, unda, masalan, chegirmaning maksimal miqdori belgilanishini yozgandi. Balki Rossiya rasmiylari shu yo‘l bilan neft yetkazib berishdagi chegirmalarni cheklashning moslashuvchan mexanizmini ishlab chiqishga harakat qilgandir.

Bu nega kerak?

Ko‘rinishidan, Rossiya nefti eksporti dekabr oyidan pasayishni boshladi. Bloomberg nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa neft embargosining birinchi haftasida Rossiya neftining dengizdan yetkazib berilish hajmi 54 foizga qisqargan, bu – qisman texnik pasayish bilan ham bog‘liq va yetkazib berishning bir qismi vaqt o‘tishi bilan yana tiklanadi.

Tahlilchilar neft eksporti nafaqat Yevropaga, balki, Hindiston va Xitoyga ham kamayganini yozgan. Boshqa tomondan yakuniy xaridorni ko‘rsatmasdan neft yetkazib borish hajmi oshgan. Bu degani rus nefti savdosi «kulrang sxema»ga o‘tishi mumkin.

Bundan tashqari, neft narxi ham pasayib ketdi. Brent navli neft ikki oy ichida 10 dollardan ko‘proq arzonlashdi. 20 dekabr kuni bir barrel Brent nefti taxminan 85 dollarga baholandi. Lekin Rossiya Brent emas, balki Urals navli neftni bozor narxidan 30 dollardan ortiqroq chegirma bilan yetkazib beradi. Ammo kelgusi yildan davlat budjeti bir barrel uchun 70 dollardan shakllantiriladi. Budjet esa shundoq ham defitsitda.

Ehtimol, yetkazib berish hajmi pasayishi va narxlar tushishini hisobga olgan holda, rossiyalik amaldorlar shunchaki narx chegarasiga «javob» e’lon qilish imkonini beradigan mexanizmni o‘ylab topishga qaror qilgan, lekin shu bilan birga «o‘zlarining oyoqlariga yoki budjetiga otmasdan». Taxminan xuddi shunday hodisa «rubl uchun gaz» sxemasi bilan ham sodir bo‘lgan.

Maksimal narx qanday ishlaydi?

G‘arb davlatlari neft narxiga maksimal chegara o‘rnatish orqali Rossiyaning neft eksportidan daromad olishiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda.

Taqiq nafaqat Rossiyadan bir barreli 60 dollardan qimmat bo‘lgan neft va neft mahsulotlarini sotib olishga, balki bunday neftni istalgan mamlakatga tashish, moliyalashtirish va dengiz orqali yetkazib berishni sug‘urtalashga ham tegishli.

«Neftni tankerlarda tashishda ustunlik Gretsiyada, sug‘urta Londonda va savdo Shveysariyada jamlangani sababli Rossiya nafaqat sanksiyalarga qo‘shilmagan davlatlar orasidan yangi xaridorlarni izlashga, balki dunyoga neft yetkazib berish uchun umuman yangi yetkazib berish zanjirini qurishga majbur bo‘ladi», deya tushuntiradi BBC jurnalisti Aleksey Kalmikov.

Jahon neft bozorining bunday keng ko‘lamli qayta tuzilishi Rossiyada neft qazib olishning keskin pasayishi hamda dunyoda neft mahsulotlari va xomashyosi narxlari oshishiga olib kelishi mumkin. «Narx chegarasi» ushbu ikki omildan ham qochishga imkon qoldirishi kerak.

2030 yilga borib Rossiyaning jahon energetika bozoridagi ulushi 2021 yilgi 20 foizdan taxminan 13 foizgacha kamayadi. Xalqaro energiya agentligi (IEA) taxminiga ko‘ra, bu vaziyatdan AQSH va Yaqin Sharq mamlakatlari foyda ko‘radi, Kreml esa 1 trillion dollarga yaqin eksport tushumidan mahrum bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo