Qizil maydonda G‘alaba paradi boshlandi, davlat rahbarlari yig‘ildi

Bugun, 9 may kuni Qizil maydonda G‘alaba kunining 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy parad boshlandi. Bu haqda Kommersant xabar berdi.
Marosimda Vladimir Putin boshchiligida bir qator davlat rahbarlari qatnashmoqda. Jumladan, Aleksandr Lukashenko o‘g‘li Nikolay bilan, Qosim-Jomart To‘qayev hamda Shavkat Mirziyoyev tadbir mehmonlari safida.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, parad davomida quruqlik qo‘shinlari, harbiy akademiyalar kursantlari va turli qo‘shin turlari vakillari saf tortib o‘tadi. Shuningdek, Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan bo‘linmalar ham ishtirok etmoqda.

Tadbirning eng tomoshabop qismi sifatida harbiy aviatsiya chiqishlari kutilmoqda. Moskva osmonida uchuvchi pilotaj guruhlari o‘z mahoratini namoyish etadi. Yakunda esa Su-25 samolyotlari osmonda Rossiya bayrog‘i ranglarini aks ettirishi rejalashtirilgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilishicha, tadbir doirasida Prezident Putinning bir qator ikki tomonlama uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.

An’anaga ko‘ra, davlat rahbari dastlab tantanali nutq bilan chiqish qiladi, so‘ng mehmonlar bilan birgalikda Noma’lum askar qabri poyiga gul qo‘yadi. Shundan keyin Kremlda xorijiy delegatsiyalar bilan muzokaralar o‘tkaziladi.
