date

Livandagi Bibi Maryam haykali bilan bog‘liq mojaro kuchaymoqda

Livandagi Bibi Maryam haykali bilan bog‘liq mojaro kuchaymoqda

Isroillik harbiy xizmatchining Livandagi Bibi Maryam haykalini haqorat qilayotgani aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Mazkur holat ortidan Isroil armiyasi voqea yuzasidan rasmiy tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, armiya ushbu holatga “jiddiy munosabat” bildirgan va askarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini va’da qilgan. Surat bir necha hafta avval Livanning nasroniylar istiqomat qiladigan Debel qishlog‘ida olingan bo‘lib, 6 may kuni internet tarmoqlarida ommalashdi. Kadrda Isroil askari haykal og‘ziga sigaret qo‘ygani va o‘zi ham tamaki chekib turgani ko‘ringan.

“Bu Livan janubida isroillik harbiylar tomonidan diniy qadamjolarni haqorat qilish, mulkni vayron etish va talon-toroj qilish bilan bog‘liq ketma-ket voqealarning navbatdagisi”, deya yozdi Al Jazeera.

Aprel oyida ham aynan shu qishloqda Isroil askari Iso haykalini bolg‘a bilan urgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Haykalga zarar yetkazgan askar hamda uni tasvirga olgan hamkasbi jangovar vazifalardan chetlatilib, 30 sutkaga qamalgan.

Shuningdek, Isroil qo‘shinlari Debeldagi quyosh panellarini buldozerlar yordamida yo‘q qilgani, uylar, yo‘llar va zaytun daraxtlariga ham zarar yetkazgani aytilmoqda.

Bu voqealar Isroilning Bayrut va Livanning boshqa hududlariga hujumlarni kuchaytirib, bu harakatlarni “Hizbulloh” jangchilari hamda ular infratuzilmasiga qarshi amaliyot sifatida izohlayotgan bir vaqtda sodir bo‘lmoqda. Ayni paytda Isroil qo‘shinlari Livan janubidagi qator hududlarni nazorat ostiga olish va qishloqlarni vayron qilishni davom ettirayotgani ta’kidlanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Livandagi Bibi Maryam haykali bilan bog‘liq mojaro kuchaymoqda