605
Rossiya fuqaroligini olgan migrantlar Ukrainada bo‘layotgan urushda qatnashishga majbur emas!

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi nafaqat ushbu mamlakatlar, balki butun mintaqa, hatto dunyo xalqlari uchun ham ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga sabab bo‘ldi. Xususan, bizga tegishli jihatlaridan biri - bu yurtdoshlarimizning Ukrainadagi urushga yollashga urinishlar ko‘paygani bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, Rossiyadagi vatandoshlarimizning ayrimlari o‘sha davlat fuqaroligini olishga ulgurgan. Rus qonunchiligiga muvofiq, harbiy xizmatga safarbarlikdan qochgan Rossiya fuqarolari jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunday holatda, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiya fuqarolari qanday yo‘l tutishlari lozim?
AzonTV da tayyorlangan «Fikrat» tahliliy dasturida ekspert, “Migrant.mobi” portali rahbari, huquqshunos Botirjon Shermuhammad bilan uyushtirilgan suhbatda, jumladan, shu haqda ham so‘z bordi.
- Yaqinda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi raisi Aleksand Bastrikin tomonidan, “Rossiya fuqaroligini olgan chet el fuqarolari birinchi navbatda “harbiy-maxsus operatsiyasi”ga yuborilishi lozimligi, bu ularning “konstitutsiyaviy majburiyati” ekani aytib o‘tildi.
Bir jihatdan, Rossiya fuqaroligini olgandan keyin albatta konstitutsiyaviy majburiyatlar yuzaga keladi. Lekin boshqa jihatni ham hisobga olish kerakki, hozirgi kunda Rossiya qonunchiligi bo‘yicha “maxsus harbiy opreatsiya”ga qatnashish borasida majburiyat mavjud emas. Ya’ni ushbu “maxsus operatsiya”ga bormaganligi uchun jinioiy javobgarlik belgilanmagan. Tegishli qonun ham qonun ham qabul qilinmagan, hatto. Lekin biror Rossiya fuqarosi muddatli yoki shartnoma asosida harbiy xizmat o‘tayotgan bo‘lsa, ular albatta qo‘mondonlik buyrug‘iga bo‘ysunishga va yuborilgan joyga borib, kerak bo‘lsa harbiy harakatlarda qatnashishga majbur. Bundan bosh tortganlik uchun jinoiy javobgarlik bor.
Lekin yana takror aytaman, mobilizatsiya bo‘yicha, Rossiya fuqarolari, fuqaroligini tug‘ilganida olgani yoki keyin olganidan qat’i nazar, mobilizatsiya bo‘yicha chaqiruv qog‘ozi bilan chaqirilgan taqdirda ham, harbiy safarbarlikka bormagani uchun jinoiy javobgarlik yo‘q.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi bu fuqarolikdan voz kechmagan holda Rossiya fuqaroligini olgan bo‘lsa, Rossiya qonunchiligiga rioya etib, o‘sha "maxsus operatsiya"da qatnashgan taqdirda, O‘zbekistonga kelganida unga nisbatan jinoiy javobgarlik qo‘llanilishi mumkin. Chunki davlatimiz qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlatlar fuqaroligini olganidan qat’i nazar, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib qolaveradi hamda xorijiy davlatlarning harbiy tuzilmalariga yollanganligi va harbiy harakatlarda qatnashganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston fuqarolari agar Rossiya fuqaroligini olgan bo‘lishsa, juda ehtiyot bo‘lishlari lozim. Rossiyani imkon qadar tez tark etishlari yoki chaqiruv qog‘ozini qo‘llariga tutqazishlariga imkon tug‘dirmasliklari, masalan uzoqroq hududga ketishlari lozim, deya maslahat berdi Botirjon Shermuhammad.
Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, turli rus blogerlarining yakdil fikriga ko‘ra, fuqaro hatto chaqiruv qog‘ozini olgan bo‘lsa ham, mahalliy harbiy xizmat chaqiruv bo‘limlariga bormasligi lozim. Chunki chaqiruv qog‘ozini olish – hali harbiy xizmat majburiyatlarini zimmasiga olishni anglatmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar