JSST hantavirus bo‘yicha muhim ma’lumot berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hantavirus bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Mutaxassislar genetik tahlillar va avvalgi namunalar bilan solishtirish natijasida hozircha virusning osonroq yuqishi yoki kasallikning og‘irroq kechishiga sabab bo‘layotgan belgilar aniqlanmaganini ma’lum qildi.
JSST eksperti Mariya Van Kerkxove ta’kidlashicha, Hantavirusning Janubiy Amerikaga xos “Andes” shtammi “Hondius MV” kruiz kemasiga olib kirilgan. Ushbu virus odatda kemiruvchilardan, xususan ularning chiqindilari yoki chang tarkibidagi zarrachalar orqali insonlarga yuqadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlabki bemor Niderlandiya fuqarosi bo‘lib, u Argentina hududida kemaga chiqishdan avval zararlangan bo‘lishi mumkin. U kruiz safaridan oldin qushlarni kuzatish jarayonida kemiruvchilar bilan aloqada bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Genetik tekshiruvlar qolgan holatlarda odamdan odamga yuqish ehtimoli ham mavjudligini ko‘rsatgan. Ayni paytda Niderlandiya fuqarosi va uning rafiqasi vafot etgani, shuningdek yana bir yo‘lovchi ham hayotdan ko‘z yumgani qayd etilgan.
Umuman olganda, kemada 10 nafar yo‘lovchida virus aniqlangan bo‘lib, ulardan 8 tasi laboratoriya tekshiruvlarida tasdiqlangan. Taxminan 150 kishi karantinga olingan, virusning yashirin davri esa 40 kungacha cho‘zilishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, ko‘rilayotgan choralar tufayli kasallik tarqalishini to‘xtatish imkoniyati yuqori. Hozirda barcha aloqalar aniqlanib, zarur karantin tadbirlari amalga oshirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!